Amerika kinokompaniyasi «Arnold Classic-2018» turnirining mutloq chempioni Mixail Volinkin haqida film suratga olmoqda

0
136
marta koʻrilgan.

Dunyoning eng mashhur va taniqli bodibildingchilari haqida hujjatli filmlar suratga olishga ixtisoslashgan amerikaning «IRON GENERATION» kinokompaniyasi vakillari Milliy olimpiya qoʻmitasida mehmon boʻlishdi. Ularni Qoʻmita Bosh kotibi Jasur Matchanov kutib oldi.

Mehmonlar bilan muloqot qilar ekan, Jasur Matchanov bugungi kunda Milliy olimpiya qoʻmitasi nafaqat olimpiya sport turlari, balki bodibildingni ham rivojlantirish uchun Oʻzbekiston bodibilding, fitnes va mass-restling federatsiyasi bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini, ularni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Uchrashuv davomida AQSH kinokompaniyasining bosh rejissiyori V.Yudin sportimizda olib borilayotgan islohotlar haqida gapirib oʻtdi.

«Biz Oʻzbekistonda sport jadal suratlarda rivojlanayotganidan xabardormiz. Rahbariyat sport sohasini tubdan isloh qilmoqda. Bu borada biz sizlarga faqat va faqat omad tilab qolamiz. Ishonamizki, bunday reja va maqsadlar orqali jahon arenalarida katta muvaffaqiyatlarga erisha olasizlar. Oʻz navbatida, koʻrsatilgan amaliy yordam va iliq qabul uchun sizlarga minnatdorchilik bildirib oʻtmoqchimiz», – dedi Yudin.

MOQ Bosh kotibi uchrashuv yakunida mehmonlarga milliy urf-odatlarimizga koʻra oʻzbekona choʻponlar kiydirdi. Ushbu kutilmagan sovgʻa mehmonlarga juda manzur keldi.

Soʻngra MOQ binosida bodibildingchi Mixail Volinkin haqidagi film uchun suratga olish ishlari tashkil qilindi.

Maʼlumot uchun, “IRON GENERATION” – dunyo boʻyicha taniqli bodibildingchilar haqida hujjatli filmlar suratga oluvchi mashhur kinokompaniya hisoblanadi. Ular ishlagan filmlar NETFLIX orqali namoyish etiladi. Umid qilamizki, yaqin vaqtlar ichida oʻzbekistonlik sportchining faoliyatiga bagʻishlangan ushbu hujjatli film dunyo yuzini koʻradi.

Suratga olish guruhi 22 aprel kuni poytaxtimizda boshlanadigan bodibilding va fitness boʻyicha Markaziy Osiyo chempionati – “2018 IFBB Pro League — WBPF — UzFBF” musobaqasiga ham tashrif buyuradi. Ushbu turnir «Arnold Classic Amateur» va «Mr. Olympia Amateur» IFBB Pro League turnirlari uchun saralash bosqichi vazifasini ham bajaradi.

Eslatib oʻtamiz, hamyurtimiz Mixail Volinkin shu yil Kolumbusda oʻtkazilgan anʼanaviy «Arnold Classic» musobaqasining havaskorlar oʻrtasidagi bahslarida mutloq chempionlikni qoʻlga kiritgandi.

Maʼlumot oʻrnida, «Arnold Classic Amateur» musobaqasiga 1988 yilda taniqli sportchi, kinoaktyor Anrold Shvarsnegger tomonidan asos solingan. U har yili bahorda, Ogayo shtatining Kolumbu shahrida oʻtkaziladi. Ushbu turnirning bodibildingchilar orasida obroʻsi baland boʻlib, uning nufuzi «Mr. Olympia Amateur» chempionati bilan tenglashtiriladi. Mixail Volinkin ushbu musobaqada gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ilk Markaziy Osiyolik sportchiga aylandi. Mazkur gʻoliblik, hamyurtimizga bodibildingning professional-kartasini taqdim etdi. Endi u professionallar oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqalarda ishtirok etishi mumkin.

Oʻz vaqtida Volinkin oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati (Mumbay, 2015), Markaziy Osiyo chempionati (Olma-Ota, 2016), Oʻzbekiston chempionati va havaskorlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatlarida gʻolib boʻlgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.