Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahridagi “Art Soft Tex Group” korxonasiga tashrif buyurdi.
Bu yerda turli bichim va rangdagi sochiqlar, xalat, choyshab va boshqa mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ular ichki bozorga, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Bolgariya, Moldova va qoʻshni davlatlarga yetkazib berilmoqda. Oʻtgan yili 290 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 9,4 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini oshirish rejalashtirilgan.
Namangan shahri, Rishton va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida korxonaning bir nechta sexlari bor. Ularda 2 mingdan ziyod kishi mehnat qiladi. Yaqinda tayyor toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish kompleksi ishga tushirilishi bilan yana mingga yaqin ish oʻrni yaratildi.
“Art Soft Tex Group” faoliyatini kengaytirib, klaster usulida ishlashga oʻtmoqda. Korxona uchun Mingbuloq va Pop tumanlaridan yer ajratilgan, qishloq xoʻjaligi texnikalari sotib olingan.
Davlatimiz rahbari korxonaning kelgusi rejalari bilan qiziqdi. Korxona tarkibida paxta tozalash, urugʻ yetishtirish, don mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, issiqxona tashkil etilishi, chorva boqish, yem ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilishini maʼqulladi.
Shu yerning oʻzida viloyatda parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, asalarichilik, quyonchilik, intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish, irrigatsiya va meliorativ tadbirlarni amalga oshirish, yer va kadastr tizimida innovatsion ishlanmalarni qoʻllashga qaratilgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.
Prezidentimiz loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, ularni tezroq ishga tushirib, aholini ish bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi.