Asal bayrami

0
732
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizdagi “Oʻzkoʻrgazmasavdo”  pavilonlarida dekabrning birinchi oʻn kunligida “Asal bayrami” va asal mahsulotlari koʻrgazma — yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 oktyabrdagi ”Respublikamizda asalarichilik tarmogʻini yanada rivojlantirish chora –tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish asosida uyushtirildi.

 

Unda asalarichilik tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada koʻpaytirish, asalni qayta ishlash boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, asalarichilik sohasidagi ilgʻor tajribalarni respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadi belgilangan edi.

Tadbirda 250 mingdan ortiq asalarichilik hoʻjaliklari oʻz mahsulotlari bilan qatnashishdi. Oʻzbekiston asalarichilar uyushmasi raisi Sherali Suyarqulov maʼlumotiga koʻra, bu yil ular tomonidan 15 ming tonnadan ortiq asal xalqqa yetkazib berilgan. Shuningdek,  koʻrgazma doirasida  Xitoy Xalq respublikasiga  200 tonna, Polshaga 20 tonna asal yetkazib berish shartnomasini tuzishgan.

Bu samarali ishlarda koʻrgazma qatnashchisi “Vodiy asali” MCHJ boshligʻi  Pattayev Abdulhofizning ham munosib hissasi bor. Ular oilaviy tadbirkor.  Ular asalarichilar sulolasining uchinchi avlod vakillari hisoblanishadi. Ularning 750 quti asalarisi boʻlib, bu yil ikki yarim tonna hosil olishdi.  Koʻrgazmada u xoridorlar bilan toʻrtta shartnoma imzoladi.

 

”Omon Zomin” MCHJ rahbari Nazarov Erkin ham oilaviy tadbirkor. U beshinchi sinfidayoq Zomin togʻlariga chiqib asalchilik bilan shugʻullanib, ota-onasiga yordam bergan. Bu kasb ularga ham avloddan avlodga oʻtib keladi. Ularning ham mingdan ortiq asalari qutisi bor. Bu yil 185o kilogram asal xalqqa yetkazib berdi.  U ham koʻrgazma doirasida beshta shartnoma tuzishga erishdi.

 

Boʻstonlik tumanining yakka tadbirkori Mavjuda Maxsumova  10 yildan beri asalarichilik bilan oilaviy shugʻullanadi.  “Biz bu sohada faoliyat yuritayotgan toʻrtinchi avlodmiz. Boʻstonlik togʻlarida, Aydarkoʻl boʻylarida va Arnasoy tomonlarda giyohlar asosida asal olamiz. Shuningdek, Rossiya asalchilari bilan ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Chunki xalq  oʻrmon asallarini ham soʻrashadi.”,-deydi u. Ushbu xoʻjalikning  bu sohada ikkinchi bir yoʻnalishi ham bor. Tadbirkor  asalari uyalarini koʻpaytirib, asalarichilikni boshlovchilarga ustozlik qilishmoqda. Kasb sirlarini oʻrgatib, tadbirkorlar safini kengaytirishga hissa qoʻshib kelishmoqda. U ham koʻrgazma doirasida yangi ish boshlashni istayotgan besh kishi bilan ustoz-shogirdlik shartnomasini tuzdi. U shunday dedi: “Bunday koʻrgazsa oʻtkazilishi anʼanaga aylanib qolishining tarafdori edim. Bu yerda muloqot bor, tajriba almashish imkoniyati mavjud. Biz shundan xursandmiz. Tashabbusning anʼanaga aylanishida tilakdoshmiz”.

 Ayshaxon Oxunova, jamoatchi muxbir

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.