Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining bir guruh aʼzolari I, II darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan edi.
Ular safida taniqli adabiyotshunos olim, professor Asil Rashidov ham bor. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan yoshlar murabbiysi, olim va tarjimon Asil Rashidov yashayotgan xonadon eshigiga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni belgisi oʻrnatildi.
Shu munosabat bilan ijodkor xonadoniga yozuvchi-shoirlar, shogirdlari, yaqin qarindoshlari jam boʻldi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid va boshqa ijodkorlar Prezidentimiz tomonidan adabiyotga, yozuvchi-shoirlarga koʻrsatilayotgan hurmat-eʼtibor haqida gapirdi.
– Mehnatimiz qadr topayotganidan, bizga koʻrsatilayotgan alohida mehr va eʼtibordan juda mamnunmiz, Bu yuksak eʼtirof qalbimizni nurlantirdi, yangidan yangi ijodlarga chorladi. Vatanimizdagi yangi islohotlarning joʻshqin kayfiyatini xalqimizga yetkazish uchun imkonimiz qadar mehnat qilish yoʻlidamiz, – dedi “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi A.Rashidov.
“Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni berilgan Yozuvchilar uyushmasi aʼzolarining uylariga mazkur belgilar navbatma navbat oʻrnatib boriladi.
Ozoda BEKMURODOVA, Ahmad TOʻRAYEV (surat), OʻzA