Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar 21-25 yanvar kunlari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda qoʻshimcha ball beradigan harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomalarini qoʻlga kiritish uchun respublika boʻylab test sinovlarini topshirishmoqda. Test sinovlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan olinadi.
Toshkent shahrida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar uchun Toshkent davlat agrar universiteti oʻquv binosida test sinovlari boʻlib oʻtdi. Bunda har bir askarning bir yil davomida toʻplagan bilimlari sinovdan oʻtdi. Test sinovlari natijalariga koʻra, yuqori ball toʻplagan, intellektual salohiyati, jangovar mahorati yuksak posbonlar imtiyozli tavsiyanomalarga sazovor boʻladi. Mazkur tavsiyanomaga ega boʻlgan yigitlar respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda oʻzi toʻplagan ballarning 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ballni toʻplash imtiyoziga ega boʻladi.
Jami savollar soni – 100 ta. Fizika, matematika va mantiqiy savollarga toʻgʻri javob topganligi uchun – 1 balldan, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlikdan – 1,1 va jangovar tayyorgarlikka oid savollarga javoblar uchun – 1,2 balldan qoʻshiladi. Testlarni yechish uchun 2,5 soat hamda javoblar varaqasini toʻldirish uchun yarim soat, jami 3 soat vaqt ajratiladi.
Muddatli harbiy xizmatchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan test sinovlarining haqqoniyligi va shaffofligini taʼminlash va ushbu jarayonni kuzatib borish maqsadida katta hamda kichik auditoriyalar texnik kuzatuv va video-tasvirga olish vositalari bilan jihozlangan.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatni oʻtagan va harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega shaxslardan iborat abituriyentlar uchun oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda ushbu shaxslar oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlov asosida alohida kvotalar ajratish tartibi belgilanadi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati