ATMOSFERA HAVOSI MUSAFFOLIGINI TAʼMINLASH UCHUN NIMA QILISH KERAK?

0
1055
marta koʻrilgan.

Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil boʻlgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat koʻrsatgichlarini ekologik normativlarga mosligini taʼminlash bugungi kunning global muammolaridan biridir.  Atmosfera havosining ifloslanishi inson, oʻsimlik, hayvonot, umuman, jamiki tirik mavjudotlarga zararli taʼsir koʻrsatadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining maʼlumotiga koʻra, dunyoda oʻn nafardan toʻqqiz kishi ifloslangan havodan nafas olyapti. Yer yuzining 91 foiz aholisi havosi ifloslangan hududlarda yashamoqda. Odamlardagi yurak kasalliklarining 25 foizi, oʻpka kasalliklari va oʻpka saratonining 43 foizi ifloslangan havodan nafas olish natijasida kelib chiqmoqda. Atmosfera havosining ifloslanishi nafaqat inson, balki atrof muhit, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Shu bilan birgalikda, atmosfera havosiga chiqarilayotgan issiqxona gazlari global isishga sababchi boʻlib iqlim oʻzgarishlarini keltirib chiqarmoqda. Dunyo hamjamiyati, shu jumladan mutaxassislar tomonidan bekorga bong urilmayapti. Dunyo miqyosida atmosfera havosiga chiqarilayotgan tashlanmalar miqdori shu surʼatlarda ketsa, global isish va iqlim oʻzgarishlari natijasi bashorat qilib boʻlmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlanmoqda.

Soʻnggi yillarda atmosfera havosining ifloslanishida antropogen taʼsirning roli keskin ortib bormoqda. Ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining koʻpayishi atmosferaga tashlanayotgan tashlanmalar miqdorining ortishiga sabab boʻlmoqda.

Yurtimizda 99,5 ming turgʻun ifloslantiruvchi manbaga ega 3,5 mingdan ortiq ishlab chiqarish korxonalari hamda 2,816 mln. dan ortiq koʻchma ifloslantiruvchi manbalar, yaʼni avtomototransport vositalari mavjud.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish maqsadida quyidagi eng muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim deb hisoblaydi:

Birinchidan, koʻkalamzorlashtirilgan hududlarni, ayniqsa shahar va avtomobil yoʻllari chetida yashil hududlarni kengaytirish. Yirik shaharlar atrofida “yashil qalqonlar” tashkil etish;

Ikkinchidan, yoqilgʻilar sifatini yanada yaxshilash hamda ekologik toza transport vositalarini koʻpaytirish, shu jumladan keng jamoatchilik uchun qulay boʻlgan veloyoʻlakchalar tashkil etish;

Uchinchidan, iqtisodiyotning barcha jabhalarida yashil, ekologik toza, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, texnolgik va maʼnan jihatdan eskirgan ishlab chiqarish korxonalarini rekonstruksiya qilish;

Toʻrtinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni amaliyotga keng tadbiq etish;

Beshinchidan, yangi qurilayotgan uylar va binolarni energiya va resurs tejamkor materiallardan foydalanib qurilishini taʼminlash;

Oltinchidan, atmosfera havosiga tashlanmalarni asosiy qismini chiqaruvchi koʻchma ifloslantiruvchi manbalarga nisbatan, doimiy manbalarga qoʻllanilgan iqtisodiy mexanizmlarni qoʻllash va bularni tegishli qonun va qonun osti hujjatlarida aks ettirish.

Havoning ifloslanishiga qarshi kurashning eng yaxshi usullaridan biri shaharlarni, tevarak-atrofni koʻkalamzor qilishdir. Bogʻu-rogʻlar, gulzorlar, madaniyat va istirohat bogʻlari, hiyobonlar, daraxtzorlar, oʻrmonlar barpo qilish, korxonalar va shunga oʻxshash joylar atrofini koʻkalamzorlashtirishdir. Bularning hammasi sanitariya-gigiyena va estetik jihatdan katta ahamiyatga ega boʻlib, shaharning qurilish-arxitektura kompleksiga qoʻshilib, atmosfera havosini muhofaza qilishda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Iliq va quyoshli kunlarda 1 gektar joydagi koʻkat va daraxtlar fotosintez jarayonida havodan 220-280 kg karbonat angidridni oʻzlashtirib, 180-220 kg erkin kislorod chiqaradi yoki boʻyi 25 metr keladigan, 80-100 yil umr koʻrgan bir tup qoraqayin daraxti bir soatda 2 kg karbonat angidrid «yutib», 2 kg kislorod ishlab chiqaradi. Yana shu narsa ham hisoblab chiqilganki, bir gektar joydagi yashil oʻt-oʻlan bir soatda 200 odam nafas chiqarganda hosil boʻladigan karbonat angidridni oʻzlashtiradi. Demak, yashil oʻsimliklar havoni karbonat angidriddan tozalab, kislorod bilan boyitadi.

Yashil oʻsimliklar shaharlarning mikroiqlimini ham yaxshilaydi. Daraxtlar issiq paytlarda atmosferaga koʻp  miqdordagi suv bugʻi chiqarib, kunduz kunlari havoning namligini 20—30 foizga oshiradi, haroratni esa, bir necha daraja pasaytiradi.

Shaharlardagi yashil boyliklarning yana bir muhim va foydali xususiyati shuki, ular tovush va shovqinni 20 foizga yutadi (susaytiradi), daraxtlar qanchalik zich boʻlsa, shovqinni shuncha koʻp yutadi. Parklar, bogʻlar, xiyobonlar inson organizmiga shifobaxsh taʼsir koʻrsatadi. Asablarni tinchlantiradi, ish qobiliyatini oshiradi. Shunday qilib, toza havo odamlarning sogʻligiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, organizmning turli kasalliklarga qarshiligini oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning barqaror rivojlanishi, Ona tabiatni asrash, ekologiya va aholi salomatligini saqlash bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal etish hamda kelajak avlodlarning musaffo muhitda yashash huquqini kafolatlash ishlarida faol ishtirok etish barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.

Umida KAMILOVA, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati,

kommunal xoʻjalik va ekologiya masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi aʼzosi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.