Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan “Axborot xizmatlari faoliyatiga oid nazariy va amaliy aspektlar” mavzusida ikki kunlik oʻquv-seminari boshlandi.
Tadbirda davlat va xoʻjalik boshqaruvi sohasida ochiqlik va shaffoflikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimini joriy etish, axborot olishda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi hisobdorligi, ochiqligi va masʼuliyatini oshirish zarurligi qayd etildi.
«Zamonaviy axborot texnologiyalari jadal taraqqiy etib, har kim axborot tarqatish imkoniyatiga ega boʻlgan bugungi kunda vazirlik va idoralarning axborot xizmatlari zimmasiga yanada koʻproq masʼuliyat yuklanadi, – dedi Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Avazbek Hojimatov. – Ijtimoiy tarmoqlarda biror voqeaga oid surat yoki videolavhalar tarqalishi bilan koʻtarilgan masalaga axborot xizmati xodimi tashkilot nomidan munosabat bildirishi bugungi kunning muhim talabidir. Bu esa norasmiy, biryoqlama va asoslanmagan axborotlar, turli koʻrinishdagi tushunmovchiliklar kelib chiqishining oldini oladi. Pirovardida, aholining davlat organlari faoliyatiga nisbatan ishonchi ortadi».
Oʻquv-seminari davomida Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti mutaxassislari ishtirokida axborot xizmatlari faoliyatiga doir qonunchilik, OAV bilan samarali hamkorlik, tashkilot faoliyatida uchraydigan stiyerotiplar, tashkilot imijini mustahkamlash kabi masalalar amaliy misollar yordamida muhokama qilindi.
Tadbirda shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida axborot ishining oʻziga xos jihatlari, axborot xizmatlarining asosiy maqsad va vazifalari, turli OAV bilan ishlash prinsiplari, press-reliz tayyorlash qoidalari, matbuot anjumani va brifinglar oʻtkazish kabi qator muhim mavzular yuzasidan tahliliy fikrlar bildirildi.
Oʻquv-seminari oʻz ishini bugun ham davom ettiradi.