Ayol bilan, ona bilan olam nurafshon, olimaligi esa yana bir fazilat

0
130
marta koʻrilgan.

Yuqoridagi rasmga qarab keyingi yillarda, aynan  yangi Oʻzbekistonda ayollarga, olimalarga boʻlgan eʼtibor kuchayganini his qildik. Bugungi kunda sakkiz nafar ayol rektorligi meni juda quvontirdi, ayollarga ishonch bildirilishining oʻzi, ular uchun masʼuliyat boʻlish bilan birga  katta ishonch va ragʻbat, albatta. Yosh olimalarimiz esa ularga qarab, oʻz boʻyini  boʻylaydi, qaddi-bastini roslaydi…

Oʻzbekiston davlat teleradiokampaniyasining ilmiy ommabop va maʼrifiy koʻrsatuvlar bosh tahririyatida 1992-1996 yillarda katta muharrir boʻlib ishlaganman. Oʻsha paytda olima ayollar haqida “Gul koʻp, chaman koʻp” va oʻzbek allomalari haqida  “Moziydan yogʻdular ” nomli yarim soatlik tele ocherklar tayyorlardim.

Ana shunday ocherklarimdan biri – Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat  instituti  rektori, texnika fanlari doktori, professor Halima opa Alimovaga bagʻishlangan edi. Oʻsha paytda Halima opa olima boʻlish bilan birga  mamlakatimizda yagona rektor ayol edi. Halima opa rahbarligida  institutda pedogoglar va talabalar hayotida juda katta oʻzgarishlar amalga oshirildi. Talabalar akademiyasi, tikish-bichish boʻyicha talaba dizaynerlar klubi, sanʼatkor  yoshlar ansambli kabi markazlar  birinchi boʻlib ushbu institutda tashkil etilgandi. Ustoz olimlar yetakchiligida yosh olimlar bilan olib borilayotgan ilmiy ishlar nihoyatda keng miqyosda va qiziqarli edi. Ular oʻzi alohida mavzu!

Bugungi kunda sakkiz nafar ayol rektorlar qatori baʼzi  ilmiy-tekshirish institutlarida ham rahbar xotin-  qizlarimiz faoliyat yuritayotganini qoʻshsak, rahbar olimalar soni yanada koʻpayganini kuzatamiz.

1974-1987 yillarda esa OʻzSSR televideniye va radioeshittirishlar  Davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston televideniyesining Toshkent shahar va viloyati uchun koʻrsatuvlar  tahririyatida muharrir boʻlib ishlaganimda  “Ona shahrim Toshkentim” koʻrsatuvini tayyorlardik va har bir sonini shahardagi tumanlarning biriga bagʻishlardik. Oʻsha paytda  Sayyora opa bugungi Mirobod tumanining rahbari, Toshkent viloyatida esa  Lola opa  Yangiyoʻl tumanining rahbari boʻlib, boshqa tumanlarda esa erkaklar rahbar edi. Viloyatlar tarkibiga kelsak, Xorazm viloyatida birinchi marta obkom sekretari  ayol kishi boʻldi.  U haqida SSSRda birinchi boʻlib ayollardan tayinlangan obkom sekretari ekanligiga urgʻu berilib, Moskvadagi ”Pravda” gazetasida maqola berilgandi. Ayollardan tayinlangan  rahbarlar ana shunday sanoqli edi.

Toshkent shahar  Yakkasaroy tumaniga  Nilufar Allabergenova hokim etib tayinlanganiga  ikki yildan oshdi, 

Mamlakatimiz prezidenti yaqinda Yakkasaroy tumaniga tashrif buyurib, aholi bilan uchrashdi, suhbatlashdi, yangi ishga tushgan  Dilbuloq mahallasidagi aholiga  yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mahalla  «ettiligi» bilan mahalla hayoti va istiqboldagi vazifalar toʻgʻrisida suhbatlashdi. Ana shunda biz ham Yakkasaroy tuman hokimining  Matbuot kotibi kanali orqali amalga oshirilayotgan ulugʻvor ishlar bilan tanishdik.  Xursand boʻldik. Chunki, ayol bor joyda poraxoʻrlik kam boʻladi, ayol bor joyda saranjom-sarishtalik boʻladi.

Shoirlar aytganidek, ayol bilan, ona bilan olam nurafshon, olimaligi esa yana bir ulugʻvor  fazilat. Rahbar ayollar safi kengayyaversin deya, tilaklar bildirib qolamiz.

Raʼno ZARIPOVA, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.