Banklarning investitsiyaviy faoliyati va aholi bandligidagi ishtiroki koʻrib chiqildi

0
67
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda banklarning ishtirokiga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizdagi qulay investitsiya muhiti natijasida banklarning moliyaviy barqarorligi va faolligi oshib bormoqda. Xususan, sohadagi islohotlar tufayli soʻnggi 5 yilda banklarning kapitali 2 barobarga, kredit portfeli 2,3 barobarga hamda yillik kredit ajratish hajmi 1,8 barobarga koʻpaydi.

Toʻrtta bank ilk bor evrobond chiqarib, chetdan 1 milliard 300 million dollar resurs jalb etdi. Oʻtgan yili banklar 3,8 milliard dollarlik, shuningdek, ularning mijozlari hukumat kafolatisiz 6 milliard dollarlik xorijiy kreditlarni toʻgʻridan-toʻgʻri olib kelgan.

Zamon talabidan kelib chiqib, bu ishlarni yanada kengaytirish va loyihalarni sifatli amalga oshirish zarur. 

Taqdimotda Milliy bank hamda Oʻzsanoatqurilishbankning shu boradagi faoliyati haqida axborot berildi.

Joriy yilda Milliy bank tomonidan 6 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, zargarlik tarmogʻida 2,1 trillion soʻmlik 526 ta, xizmatlar sohasida 41,8 trillion soʻmlik kreditlar hisobidan 40 mingdan ortiq loyihalarni amalga oshirish va 2,5 million nafar aholi bandligini taʼminlash koʻzda tutilgan.

Oʻzsanoatqurilishbank bu yil xalqaro moliya bozorlaridan 3 milliard 100 million dollarlik mablagʻ jalb etishni maqsad qilgan. Bank mijozlari bilan umumiy qiymati 4 milliard 800 million dollarlik investitsiya loyihalariga kirishilgan.

Mazkur bank tomonidan qurilish materiallari sohasida 2024-2025 yillarda 529 ta loyiha doirasida 2 milliard 800 million dollarlik xorijiy investitsiyalar jalb qilinib, bu orqali 25 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Milliy bank 967 ta, Sanoatqurilishbank 727 ta mahallada ishsiz aholi bandligini taʼminlashga koʻmaklashmoqda. Yana bir muhim jihati, banklar quyi boʻgʻinga tushib ishlayotgani uchun koʻplab biznes tuzilmalar “soya”dan chiqmoqda.

Taqdimotda mijozlarning investitsiya loyihalarini tizimli monitoring qilib, muammolarni tezkorlik bilan hal etib borish zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlarga tuman darajasidan respublika miqyosigacha har tomonlama yordam berish, ularning moliyaviy bilimlarini oshirish va innovatsiyalar bilan tanishtirish muhimligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.