Orif Avlayev – ToshDAU “Oʻzbek tili, pedagogika
va psixologiya” kafedrasi dotsenti
Annotatsiya: Maqolada shaxsning baxtni his etishiga taʼsir etuvchi omillar xorijiy tadqiqotlar misolida yoritilgan, shuningdek, baxtni belgilashda adaptatsiya darajasining nisbiyligining psixologik tahlili koʻrsatilgan.
kalit soʻzlar: Baxt, hasad, eyforiya, adaptatsiya, kayfiyat, taqqoslash, mehnat, farzand, sogʻliq.
Kim baxtli va nega? Hozirgi kunda inson va jamiyat hayotida baxt masalasi faqatgina bir jamiyat yoki hudud miqyosida emas, balki xalqaro darajada oʻrganilib, oʻzlaridagi hayotning baxtliligi darajasi boʻyicha dunyo mamlakatlari orasida oʻrinlar belgilanmoqda. Bunda muayyan umumiy meʼyorlar va talablarga asoslaniladi.
Jamiyatda odamlar oʻzining, boshqalarning hamda jamiyat hayotining baxtliligi darajasini belgilash boʻyicha inson hayot faoliyatini tashkil qiluvchi koʻp omillarga asoslanadilar. Bulardan eng asosiylari sogʻliq, boylik, farzand, mehnat, doʻstlar va boshqa shu kabilarni oʻz ichiga oladi.
Biz ana shu tushunchalar misolida baxtning idrok qilinishi va unga adaptatsiya darajasining nisbiyligini koʻrib chiqamiz.
Baxt tushunchasi har kim uchun oʻziga xos nisbiylikka ega boʻlib, uning yuqori yoki past darajada deb hisoblanishi shaxs hayotiy qarashlariga doir birqancha omillar bilan bogʻliq. Bunda har kimning oʻz turmush tarziga adaptatsiyasi darajasi asosiy oʻrin tutadi.
Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, yuqori baxt darajasi va oʻz hayotidan mamnunlik koʻpincha xudojoʻy odamlarda, yuksak maʼnaviyatli, yuksak eʼtiqodli, mafkuraviy immuniteti mustahkam, oʻz kasbining ustasi, kasbidan, daromadidan, mehnat sharoitidan, mehnat qilish bilan dam olishi muvozanatidan qoniqishi yuqori boʻlgan shaxslarga xosdir.
Sogʻliq bilan bogʻliq baxtni his qilish shaxsning sogʻlomligi, salomatligining mustahkamligi, baquvvatlik va yosh davrlari boʻyicha salomatligining mustahkamligi noziklashib borishi, baquvvatlikning kamquvvatlik boʻlib borishi hamda qisqa, uzoq vaqt bemorlik, shuningdek, qisqa, uzoq vaqt yoki doimiy nogironlik holatlari bilan bogʻliq. Shaxsning bunday holatlarga adaptatsiyasi darajasiga muvofiq ravishda uning hayotdan qoniqishi va baxtni his qilish darajasi shakllanadi. Bundan koʻrinib turibdiki, turli vaziyatlar va holatlarda bu hissiyot muayyan nisbiy oʻzgarishlarga uchrashi mumkin.
Xorij psixologlari 128 nafar shol boʻlib qolgan oʻquvchilar ustida olib borilgan maxsus tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, ularning koʻpchiligi cuitsid sodir qilishni xoxlarkan. Jismoniy kamchilikka ega boʻlish- bu kundan-kunga sizga boʻysunmaydigan tanadan hafsalangiz pir boʻlib yashash demakdir. Shunga qaramasdan bir yildan soʻng bor — yoʻgʻi 10% dan ortigʻi oʻz hayot sifatini yomon deb hisoblagan, koʻpchiligi esa uni yaxshi yoki aʼlo deb hisoblashgan. «Tez yordam»ning 223 nafar xodimi oʻzlarini shunday holatda yillar oʻtgach qanday his qilishlari mumkinligini tasavvur qilishganida, ularning faqat 39% gina «oʻzidan qoniqishi» mumkinligini taxmin qilgan. Lekin real patsiyentlarning 95% i oʻzlarini shunday his qilishadi, 98 % i esa ularni loyiq shaxs degan fikrga qoʻshiladilar.
Odamlar juda yomon xabarlarning uzoq davom etadigan emotsional oqibatlariga haddan ziyod ortiqcha baho berib yuborishga moyil.
Yorqin ifodalangan ijobiy voqealar taʼsirchanligi ham vaqtinchalik xarakterga ega. Eyforiyada, lotereyada yutganlar odatda baxt holatini oʻzgarmas deb topishadi.
Boylik bilan bogʻliq baxtni his qilish shaxs hayotidagi moddiy boylik, ehtiyojlarni oshirish imkoniyatlari yoki pasaytirish talablari, oʻrta hollik, kam taʼminlanganlik, yetishmovchilik holatlari bilan bogʻliq. Asosiy meʼyor ehtiyojlarning moddiy taʼminlanganlik darajasiga mos boʻlishiga erishish va shu darajani saqlash bilan bogʻliq.
Ilmiy tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatadiki, boylikdan koʻra farogʻatga erishish mushkulroq ekan. Koʻpchilik pulim koʻproq boʻlganida oʻzimni baxtliroq his qilardim deb oʻylashadi. Shunday boʻlishi ham mumkin, ammo bu faqat vaqtincha, uzoq istiqbolda boylikning oʻsishi baxtga unchalik ham taʼsir qilmaydi. Koʻpgina boy mamlakatlarda badavlat odamlar, oʻzini taʼminlashgagina yetadigan mablagʻga ega boʻlgan odamlarga nisbatan, unchalik ham baxtli emas. Boylik xuddi sogʻliqqa oʻxshaydi: yoʻqligi aziyat keltiradi, borligi ham baxtni kafolatlamaydi. Koʻpchilik odamlar baxtni pulga sotib olib boʻlmasligiga qoʻshilishsada, katta miqdordagi pul ularni qatʼiyatli, mamnun va baxtli qiladi deb hisoblashadi. Xoʻp toʻlov cheklarimizning koʻpayishi bilan vaqt oʻtib baxtimiz ham koʻpayadimi? Yoʻq, koʻpaymaydi. Soʻnggi qirq yilda oʻrtahol amerikalik fuqaroning xaridorlik imkoniyati ikki barobarga ortdi. 1957 yilda odam boshiga oʻrtacha daromad, 1995 yil dollari ekvivalentida oʻrtacha 9000 dollarni tashkil qilgan; 1996 yilga kelib boylarning yanada boyigani va ayollar bandligining ortgani sababli daromad deyarli 20000 dollarni tashkil qilgan. Ikki barobarga oshgan, uning yordamida aholi jon boshiga ikki marta koʻp avtomobil va koʻplab rangli televizorlar, videomagnitofon, shaxsiy kompyuterlar, konditsionerlar sotib olish imkonini beruvchi bu boylik koʻp baxt sotib olish imkonini berdimi? Oʻrtahol amerikalik hozirgi kunda ikki marta badavlatroq, ammo baxtliroq emas. 1957 yilda 35 foizga yaqini oʻzlarini «juda baxtli» deb taʼkidlashgan, 1996 yilda esa 30 foizini tashkil etdi. Haqiqatan ham, ajralishlarning ikki barobarga ortganligi, oʻsmirlar oʻrtasida xulq buzilishining uch barobarga, jinoyatchilikning besh barobarga ortishi va depressiyaning kuchayishiga qarab xulosa qilsak, zamonaviy amerikaliklar koʻpincha baxtsiz koʻrinishadi. Yaponiya va Yevropa mamlakatlarida ham xuddi shu ahvol: ularda odamlar yaxshiroq ovqatlanishadi, yaxshiroq tibbiy xizmat, taʼlim va fanga ega, va ular qaysidir maʼnoda juda qashshoq davlatlarda yashovchi odamlarga nisbatan baxtliroqdirlar. Biroq real daromadning ortishi baxtning ham ortishiga olib kelmaydi. Bunday misollar materializmning foydasiga emas: boy mamlakatlardagi iqtisodiy oʻsish axloq va ijtimoiy farovonlikning oshib- toshishiga olib kelmadi.
Ikkita psixologik prinsip nima uchun juda qashshoq odamlardan tashqari barcha uchun koʻp miqdordagi pulga faqat vaqtinchalik baxt sotib olish mumkinligini va nima uchun bizning his-tuygʻularimiz goʻyoki ularni uchib ketishi yoki qulab tushishidan saqlab, orqaga tortib turadigan rezina ipga biriktirilganga oʻxshashini izohlaydi. Bu prinsiplardan har biri baxt — bu nisbiy tushuncha degan taxminga asoslangan.
Adaptatsiya darajasi fenomeni biz oʻtmishda boshimizdan kechirgan hodisalarga aloqador turli-tuman ragʻbatlantiruvchi omillar haqida bizning mulohazamiz tendensiyasini tasvirlaydi. Psixolog Garri Xelson tushuntirganidek, har bir shaxs oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda neytral darajasini belgilaydi — tovush baland ham, past ham boʻlmagan nuqtalar; temperatura — qaynoq ham, sovuq ham emas; voqealar — yoqimli ham, yoqimsiz ham emas. Keyin esa bu neytral daraja yuqoriga va pastga oʻzgarsa, uni his etadi va ularga eʼtibor qaratadi.
Shunday qilib, agar bizning daromadimiz yoki ijtimoiy mavqeimiz oʻrtacha nuqtadan oshar ekan, biz dastlab huzur-halovat oqimini his qilamiz. Soʻngra yutuqlarimizning yangi darajasiga moslashamiz, uni normal deb hisoblay boshlaymiz va baxtning keyingi oqimini his qilish uchun yanada koʻprogʻini talab qila boshlaymiz. Bolaligimda oilamizda birinchi boʻlgan 12 dyuymli(30 sm) oq-qora televizorga qanday quvonch bilan qaraganimni eslayman. Hozir 25 dyuymli(62,5 sm) televizorda rang yoʻqolsa, oʻzimni nimadandir norozi boʻlgandek his qilaman. Moslashuv darajasi qanchalik yuqorilarkan, men ilgari yaxshi deb hisoblagan narsani endi yomon deb hisoblayman. Kechagi hashamat bugungi kunda odatiy talabga aylanadi. Huzur va nafrat, omad va omadsizlik — oʻtmishdagi tajriba bilan taqqoslaganda bularning barchasi nisbiy ekanligini yodda tutish juda muhim.
Xoʻsh, unda biz qachonlardir yer yuzida umrboqiy ijtimoiy jannat yaratishimiz mumkinmi? Donald Kempbell «yoʻq» deb javob beradi: agar siz ertaga oʻz fantaziyangizda — pul, kasalliklar yoʻq boʻlgan, hammasi aʼlo darajada boʻlgan, sizni sadoqat bilan sevadigan inson bor joyda uyqudan uygʻonsangiz — bir qancha muddatga eyforiyani his qilasiz. Ammo tezda moslashuv darajasini yangitdan sozlab, yana tagʻin goho yutuqlaringiz kutganingizdan koʻra koʻproq boʻlganida huzur- halovat, goho yutuqlaringiz kutganingizni oqlamasa, yoʻqotishlarni his qila boshlaysiz, baʼzida esa neytral holatda boʻlasiz. Bu bizga nima uchun million dollar yutib olgan lotereya gʻoliblari va paraplegiklar fojiasiga qaramasdan, har ikkalalari ham bir xildagi baxt darajasi haqida aytishlarini tushunishga yordam beradi. Bu bizga yana nima uchun moddiy talablarning chegarasi yoʻqligini, nega koʻplab bolalarga bor-yoʻgʻi bittagina Nintendo oʻyini zarurligini va nima sababdan qashshoqlikda oʻsgan va hashamat ichida yashayotgan Imelda Markos Filippin prezidentining rafiqasi boʻlganida 1060 juft, yaʼni butun umri davomida ham kiyib ulgura olmaydigan poyafzal sotib olganini tushunish imkonini beradi. Agar gʻolib tantiq odamlar sirasiga kirsa va odamning mulki uni egallab olsa, adaptatsiya darajasi nazoratdan chiqib ketadi.
Farzandlar bilan bogʻliq baxt shaxsning serfarzandligi, kamfarzandligi, farzandlarining turli yosh davrlaridagi hayot, ularning sogʻligi, taʼlim-tarbiyasi, yutuqlari, ulardan qoniqish, uning davriyligi, oʻzgaruvchanligi kabi holatlarga bogʻliq. Bunda farzandlarning ota-ona rahnamoligida komil inson boʻlib yetishishi va baxtli hayot kechirishga erishishi asosiy omil hisoblanadi.
Farzand bu – “ayolning baxti”, degan maʼnoni anglatadi. Hayotga qarasak, buning naqadar haqqoniyligini koʻp koʻrasiz.
Koʻpincha sevgi bolalarni dunyoga keltiradi. Koʻplab odamlar uchun, bu hayot oʻzgarishlaring eng sabrli qismi baxtli hodisadir. Milliy soʻrovnomada Amerikalik onalarning 93 foizi “Men boshqa narsalarda his qilmagan behisob sevgini bolalarimda his qilaman.”-deb javob berishgan. Koʻplab otalar ham shuni his qilishadi. Mening birinchi farzandim tugʻilganidan bir necha haftadan soʻng men bu anglashdan hayratda edim: bu mening ota onam men haqimda nimani his qilishi edi.”
Boshqalar bilan taqqoslash shaxsning oʻzini boyga, kambagʻalga, ilmliga, ilmsizga, odobliga, odobsizga, hurmatliga, hurmatsizga, koʻp jihatlari oʻz tengiga, qaysidir jihatlari oʻzidan yuqori yoki past boʻlganlarga va shu kabi boshqalarga taqqoslashini oʻz ichiga oladi. Baxt nafaqat bizning oʻtmish tajribamiz bilan, balki boshqa odamlar bilan taqqoslaganda ham nisbiydir. Biz doim oʻzimizni kimdir bilan taqqoslaymiz. Biz oʻzimizni yaxshi yoki yomon his qilishimiz ham bu odamlarning kimligiga bogʻliq. Qachonki, atrofdagi odamlar aqli past va beoʻxshov boʻlsa, ulardan biz epchil va aqilliroq boʻlsak, natijada, oʻzimizdan qoniqish his eta boshlaymiz. Bu esa, baxtiyorlik his-tuygʻular oqimini boshlab keladi.
Shu singari taqqoslashlar bizga nima uchun maʼlum bir mamlakatning oʻzlarini nisbatan kambagʻal odamlar bilan taqqoslaydigan, oʻrta va yuqori daromadga ega boʻlgan odamlari ancha omadsiz qoʻshnilariga nisbatan oʻz hayotlaridan mamnunlar. Shunga qaramasdan, odam farovonlikning moʻtadil bir darajasiga ega boʻlarkan, farovonlikning keyingi ortib borishi baxtning ortishiga kam taʼsir qiladi. Nega? Chunki, maʼlum bir muvaffaqiyatga erishgach, ular oʻzlarini asosan oʻzlarining darajasidagi yoki oʻzlaridan mavqei va moddiy taʼminoti yuqoriroq inson bilan taqqoslaymiz. Shuning uchun oʻzimizni taqqoslaydigan odamlarimizdan koʻra yomonroqmiz, bu esa salbiy his-tuygʻularni keltirib chiqaradi.
Oʻrtahol odamlar uchun sportchilarning maoshlari emotsional jihatdan hech qanday ahamiyatga ega emas. «Qashshoqlar millionerlarga hasad qilishmaydi, ammo ular albatta boshqa, oʻzlaridan koʻra omadliroq qashshoqlarga hasad qilishadi», — degan edi Bertran Rassel. Shu sababli «Napoleon Sezarga hasad qilgan, Sezar Iskandarga, Iskandar esa, taxmin qilishga jurʼat qilaman, hech qachon mavjud boʻlmagan Geraklga hasad qilgan. Bundan kelib chiqadiki, siz faqatgina muvaffaqiyat vositasida hasaddan qochib qutula olmaysiz, chunki voqea yoki afsonada doimo sizdan koʻra omadliroq odam topiladi».
Oʻzimizni baxtsizroq odamlar bilan taqqoslaganimizda «oʻz boyliklarimizni hisoblarkanmiz», oʻz qoniqishimizni kuchaytirishimiz mumkin. Badavlatroq odamlar bilan oʻzini taqqoslash hasad tugʻdirsa, kambagʻalroq odamlar bilan taqqoslash quvonch keltiradi. Marshal Dermer oʻz hamkasblari bilan buni quyidagicha namoyish qildi. Ular Viskonsin shtatidagi Miluoki universitetining talabalaridan boshqa odamlarning kambagʻalligi va azob-uqubatlarini kuzatishlarini iltimos qilishdi. 1900 -yilda Miluokida hayot qanchalik rangsiz boʻlgani haqidagi yorqin tasvirlarni koʻrib chiqqach yoki tasavvur qilgach, soʻngra turli shaxsiy fojialarni tasvirlab, masalan, goʻyoki ular yonib ketishgan va ularning jasadlari badbashara boʻlib qolganini eshitgach, qizlar oʻz hayotlaridan naqadar mamnunliklarini ifodalashgan. Shunga oʻxshash, oʻrtacha kayfiyatsiz odamlar oʻzlaridan battar holatdagi odamlar haqida oʻqiganlarida oʻzlarini yaxshiroq his qilishadi.
«Bizning kambagʻalligimiz haqiqatga aylanadi, sababi biz kam narsaga ega ekanligimizda emas, balki qoʻshnilarimiz koʻp narsaga ega ekanliklaridadir»- degan edi Uill Kempbell.
Mehnatdan qoniqish unga qiziqish, qobiliyat, mahorat, bilim, koʻnikma, malaka, mehnat faoliyatining unumdorligi, natijaviyligi va undan manfaatdorlik darajasi bilan belgilanadi. Shaxs mehnat faoliyatini ikki turga: kasbiy mehnat va ixtiyoriy, havaskorlik, ishqibozlik mehnatiga ajratish mumkin. Shu ikkala turdagi faoliyatga xos sifatlar birlashib ketgan faoliyat turidagi mehnat eng yuqori qoniqish hosil qiladigan mehnat faoliyati boʻladi. Natijada oʻzimizni baxtli his eta boshlaymiz.
Doʻstlar va muloqotdan qoniqish darajasi doʻstlarning sifatlari biri-birlariga mosligiga yoki ularning oʻzaro moslashish darajasiga muvofiq boʻladi. Bular doʻstlikni hosil qiluvchi va davom ettiruvchi asosiy shart hisoblanadi. Baʼzi odamlar doimo quvnoq boʻladilar, boshqalari esa kun sayin tundlashadilar. Nima bir odamni baxtli qiladi, boshqa birini esa unchalik emas?
Mehnat qilarkanmiz yoki dam olarkanmiz, koʻpchiligimiz qiziqarli murakkab faoliyatdan zavq olamiz. Masalan insonlar aqliy ish yoki faol hordiq bilan band boʻlganida passiv holatda bekor oʻtirgandagiga qaraganda oʻzlarini ancha baxtli his qilishadi. Masalan, hordiq qanchalik arzon va odatda qiziqarliroq boʻlsa, hordiq chiqaruvchilarga shunchalik oʻzlarini koʻtarinki kayfiyatini his etishgan. Shuningdek, odamlar oʻz tomorqalari bilan shugʻullanganlarida yoki doʻstlari bilan suhbatlashganlarida, televizor qarshisida oʻtirganlariga qaraganda oʻzlarini baxtliroq his qilishadi. Baxtli oʻsmir yoshlar moddiy mablagʻ va obroʻga nisbatan shaxsiy yutuqlar va yaqin munosabatlarga koʻproq moyil boʻladilar. Shunday xulosa qilish mumkinki, kimning ishi, hordigʻi va doʻstlik aloqalari ularni butunlay egallab olgan boʻlsa va tanlagan faoliyatlari ijobiy tuygʻularini his etishga imkon bersa, oʻsha odam baxtlidir.
Qoniqish, mamnunlik olib keladigan vazifa va munosabatlar bizning baxtimizga taʼsir qiladi, ammo genetik zanjir chegarasida. 254 nafar egizaklar ustida tadqiqot olib borib, Devid Likken va Auk Tellegen shunday xulosaga kelishdi: baxt darajasida 50 foiz farq irsiyat bilan bogʻliq. Hatto birga oʻsib, katta boʻlmagan egizaklar ham aksariyat hollarda bir xil darajada baxtni his etishlari mumkin. Qarashlarimiz va orttirilgan tajribamizga qarab bizning baxtimiz «uni sinash nuqtasi» atrofida chayqalib turadi. Bu nuqta baʼzilarni koʻtarinki kayfiyatga chogʻlaydi, boshqalarni esa -tushkun kayfiyatga.
Baxt, yaxshi kayfiyat odamlarga atrof olamni yaxshiroq qabul qilishga va ularning boshqalarga yordamlashish istagiga imkon beradi. Joriy kunning yaxshi yoki yomon voqealari tufayli paydo boʻlgan kayfiyat juda kam hollarda shu kun chegaralaridan chiqadi. Hatto eng yaxshi voqealar ham, masalan daromadning sezilarli oʻsishi, odamni kamdan-kam hollarda uzoq vatga baxtli qila oladi.
Shu aytilganlardan tashqari hayotdagi boshqa koʻp omillardan qoniqish hosil boʻlishi uchun muayyan shartlar mavjud. Ushbu barcha omillarning hammasi yoki ayrimlari boʻyicha qoniqish mavjudligi va boshqa hayotiy voqea-hodisalar har kim uchun baxt darajasini belgilovchi hayotiy vaziyatni tashkil qiladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytganda, inson baxtini uning hayotiy omillarga adaptatsiyasi darajasi belgilaydi. Bu adaptatsiya darajasi nisbiy ravishda oʻzgarib borish xususiyatiga ega. Bundan shaxsning baxtni his qilishi oʻz kasbidan, mehnatidan, oilasi, farzandlari, yashash va mehnat muhiti, ijtimoiy himoyalanganligi va shu kabi boshqa omilardan qoniqqanligi darajasi bilan birga, uning bilimlari, iymon-eʼtiqodi, yuksak maʼnaviyat va mafkuraviy immunitetga egaligiga bogʻliq ekanligi maʼlum boʻladi.