Opayamiz Aslposhsha. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz Aslposhshamiz toʻgʻrisida kamroq yozayapman. Feʼli atvori nomiga mos kelmaydi. Yuvvosh. Buvimning taʼrificha “Ogʻir karvon”. Namunali tomoni jahl qilish, gʻazab, hasad, gʻiybat deganlari unga mutlaqo begona. Kishchan uning ismini hech qachon toʻliq aytmaydi. Uyni yigʻishtirish navbati kelganda:
-Assi, uni qil, buni qil-deb oʻziga topshirilgan vazifalarni bezbetlarcha opayasining zimmasiga yuklaydi.
Asl oybikam uning sensirashidan, ish buyurishidan aslo ranjimaydi. Yumshoqqina jilmayib, sekingina buyruqni bajarishga kirishadi. Sifatli va toza ishlaydi. Unga hammamiz ish buyuramiz. Lekin negadir qadriga yetmaymiz. Balki hokisorligi uchundir. Xonadonimizda hatto Yangiljon bilan Toʻxtajonning ham oʻz “men”i bor. Oʻrnini eslatib, feʼl-atvorlarida namayon etib turadilar. Buvimiz Aslposhshamiz uchun bezovtalar. “Shu yuvvoshligi boʻlsa, borgan xonadonida hammani boshiga chiqarib, qullariga aylanaroov” deb qoʻyadilar.
Otam Aslposhsha oybikamni hammamizdan koʻra koʻproq yaxshi koʻradilar. Dasturxon atrofida bir tomonida buvim oʻtirsalar ikkinchi tomonidan Asilimizga joy beradi. Baʼzan kishi bilmas, kosasidan chiqadigan goʻsht luqmasini uning kosasiga soladi. Bir kuni xolatni eʼtibor bilan kuzatadigan Yangiljon oʻzining va Toʻxtajonning kosasidagi goʻsht boʻlakchasini olib, Asljon opayasining tovogʻiga oshkora soldi-yu, toʻrsillab joyiga kelib oʻtirdi. Hammamiz ovqatlanishdan toʻxtab voqeaning davomini kutdik.
-Otasi,-dedi onam boʻgʻiq ovozda—men goʻshtni ham, hatto qartoshkani ham farzandlarimga adolatli taqsimlayman. Sizning Asiloyga ayniqsa qarayotganingiz kenjatoylarga malol kelayapti-dedi. Otam indamadi. Aslposhsha ovqatini yemadi. Jilmaydi. Bu galgi jilmayishi negadir oʻxshamadi.
Yangiljon va Toʻxtajon. Yangiljonda qandaydir shaddotlik bor. chaqqon. Yoʻq joydan janjal chiqarishnida uddalaydi. Lekin Toʻxtajonning himoyachisi. Oʻzidan bir yosh kichik singlisini xuddi oʻn yosh katta opaday alqalaydi. Ular doim birga. Yotoq oʻrinlari ham bir. Uyqudan oldin ikkalasi katta koʻrpaning tagiga kirib ertak aytishadilar. Zavqli tomoni ertakni asosan oʻzlari toʻqiydilar. Ertakda buvimiz, ota-onamiz, biz opayalar, hatto qoʻshnilarimizgacha ishtirok etadilar. Kimdan jahllari chiqsa jodugar, yalmogʻiz, ajina, Qimmat. Kimni xush koʻrsalar farishta, pari, Zumrad. Ular dunyodagi eng goʻzal Hurposhsha opalarini jannatda gul terib yurganini bot bot hikoyalariga qoʻshadilar. Baʼzan biz ham begʻubor, soddagina ertaklarni jimgina eshitib yotamiz.
Yangiljonda kichik yoshidan tikuvchilikka havas uygʻongan. Sultonposhsha oybikamnining toʻyi oldidan uyimizga kelgan chevar Fotima opa singlimizning ixlosiga asos soldi deb oʻylayman. U tikib bergan etaklari keng yoyiladigan koʻylakni kiyib zavqqa toʻlgan kundan boshlab qoʻlidan nina ipni qoʻymaydi. Qiyqimlar joni dili. Yamab, yasqab oʻzlari lattalardan yasagan qoʻgʻirchoqni bezantiradi. Toʻxtajon uning sodiq yordamchisi.
Onam ishdan keldi deguncha buyurtmalarni tikishga oʻtiradi. Yangiljon, Toʻxtajon onamizning atrofida. Oʻzicha yordam beradilar. Va qiyqimlarga ega chiqadilar.
Eʼtibor qilgandirsiz. Onam toʻgʻrisida juda kam yozayapman. Chunki muloqotimiz shunga yarasha. Onam ertalab, biz uygʻonar uygʻonmas fabrikasiga shoshadi. Uyga qaytgach ovqatlanadi va buyurtmalarni tezroq egalariga yetkazishga tadorigini koʻradi. Onam kiyimlarni arzon tikadi. Shuning uchun uyimizdan odam arimaydi. Yopning ortidan, qishloqdan keladigan buyurtmachilar pul bilan emas, oʻzlari yetishtiradigan mahsulotlar bilan hisob kitob qiladilar. Kartoshka, piyoz, zabzi, qovoq, bugʻdoy, guruch, mevalar. Baʼzan tovuq yo quyon koʻtarib keladilar. Ishqilib, buvimning taʼbiricha “risqimizni olloh yetkazadi”.
Bizning nazarimizda onamning ikki qizi bor. Yangiljon, Toʻxtajon. Ular bilan xuddi tengqurlaridek kulishib, chaqchaqlashib ish tikadi. Toʻxtajonning zoʻr qobiliyati bor. Daftarlarning boʻsh joyini qoldirmay turli xil koʻylaklar shaklini chizadi. Baʼzida onam shu chizgʻilardan ilhom olib kelinchaklarning koʻylaklarini bichishda qoʻllanadi va “Shu qizimning oʻyin oʻyin bilan chigan rasmlarida ham maʼno bor” deb faxrlanadi.
Menimcha bularning barchasi kelajakda singilarimizni yetuk dizayner, nomi atrofga yoyilgan tikuvchi sifatida kamolga yetishlariga zamin yaratdi.
Uyimizda toʻy. Gulposhsha oybikam, Gulimboy ogʻamlar ikkinchi kursni tamomlab taʼtilga keldilar. Sportchilardek baquvvat, sogʻlom koʻrinishli ogʻamiz taksidan opamning yuklarini tez tushirdida, ichkariga kirmay zudlik bilan joʻnadi. Hayron boʻldik. U uyga bemalol kirib, buvim bilan, ayniqsa otam bilan suhbatlashishni, uy ishlarida otamga koʻmaklashishni xush koʻrardi. Bu gal salom aliknida nasiya qildi.
Biz opayamizning istiqboliga shoshildik. Qizlarning quvnoq shovqinlariga buvim, ish tikayotgan onam hovliqib eshikdan boʻy koʻrsatdilar. Bir zumda hovlimiz nurga toʻldi. Opam pulni tejab, qishgi taʼtilda uyga kelmagan. Deyarli oʻn bir oy diydorlashmadik. Gulimiz chinakkam gulga aylanibdi. Koʻzlari chaqnoq. Hayotidan mamnunligi borligʻida aks etgan. Gapirishlarida, yurish turishlarida oldin sezmaganimiz nafis erkalik bor. Shu kuni nafaqat biz opayalar, otamiz xam yarim tungacha yonimizdan jilmadi. Qornini qappaytirib, Azamat jiyanimizni yetaklab kelgan Sultonposhshamiz biz bilan tunadi. Oyi kuni yaqinlashgani sabab onam bilan uzoq pichirlashdilar. Ishonasizmi, shodlanayapmiz, lekin kemtiklikni his qilayapmiz. Hurimizni sogʻinchi oʻrtayapti. Buvim Qurʼon tilovot qildi. Shu tunda opayamiz barchamizning tushimizga kirdi. Mening tushimda Hurimiz Gulposhshamizga bir dasta gul tuqazdi.
Ertasi kuni Sotimboy aka Sherpajon xola bilan toʻlib toshib kirib keldi. Ularning xonadonimizga tashrifi bizlarni har doim xursand qiladi. Katta demay, kichik demay birma bir soʻrashadi. Bu gal barchamizga sovgʻa keltiribdi. Toshkentdan, Gulimboy ogʻamizga “zakaz” berib oldiribdi. Durrachalar. Nimchalar. Singillarimizga qoʻgʻirchoq. Shirinliklar. Yangiljon bilan Toʻxtajon ulgʻayishgan. Lekin ilk bor haqiqiy qoʻgʻirchoq sohibasi boʻldilarki, Sherpajon xolamizni boʻynini boʻgʻguday darajada qattiq quchoqladilar.
Kattalar uzoq suhbatlashdilar. Gulposhimiz damlagan palovni haz etib yedilar. Terlab, terlab choynak, choynak choy ichdilar. Keyin asosiy masalaga oʻtdilar. Biz opayalar tushundik. Sovchilikka kelishibdi. Gulposh shayton oldindan bilgan. Udumimizni saqladi. Koʻrinish bermadi.
Ota-onamiz rozilik bildirdi. Buvim:”Boʻladigan narsani vaqtida boʻlgani yaxshi. Omin, xudoyim, barcha ishimiz oʻngidan boshlansin” deb fotihaga qoʻl ochdi.
Toʻyni shu oyning oʻzida, pishiqchilik avji paytida oʻtkazilishi rejalashtirildi. Tantanani maromida kechishi uchun barcha tayyorgarlik risolidagidek ekanini taʼkidladilar Indiniga opamizni Xazorasp bozoridan kiyintirishga kelishdilar.
Hammamiz havasdamiz. Tillarda doston Xazorasp bozorini koʻrgimiz keladi. Lekin kim ham bizni ancha uzoqda joylashgan bozorga olib borardi. Tong saharda kelgan “Moskvich”ning oldida Gulimboy ogʻamiz, Sotimboy aka, orqa oʻrindiqda Sherpa xola, onam va Gul oybikam xarid uchun joʻnadilar.
Kutaverganimizdan vaqt immilab oʻtganday. Nihoyat xorib, charchab, lekin mamnun xolda qaytdilar, azizlarimiz. Biz tezroq yangiliklarni eshitgimiz, xaridlarni koʻrgimiz keladi.
-Oldin ovqatlanib, choy poy ichsinlar- bizga tanbeh beradi buvim.
-Qornimiz toʻq. Xazorasp bozorining mashhur shashliklaridan toʻyguncha yedik. Sizlarga ham olib keldik- onam yosh boladay maqtanadi.
Qachon bunday kabob yeganimizni eslamadik. Sixi tortib olingan esada shakli buzilmagan, sirkaga ezilgan piyoz sepilgan, boʻlka nonning qavatiga joylangan kabob ishtahani ochib yubordi. Birinchi galda otamizga ilindik. Nasibasini taqsimchaga soldik. Ishdan kelganda bir miriqib yesin. Sulton opayamizni uyiga ketganiga achindik. Kabob barakatli ekan. Toʻydik. Yangiliklarnida eshitdik.
Diqqatimiz opayamizning barmogʻida yarqiragan uzukda. Sharifa xola Gulimiz mashinaga oʻtirishi bilan “Yuzkoʻrimlik. Gulimboyga qulogʻingni tishlatganda niyat qilib Jumagul tillafurishdan xarid qilganman. Shu kunlarga bagʻri butunlikda yetirganiga shukur”, deb oʻz qoʻllari bilan barmogʻiga kiydiribdi.
Katta sumkada olib chiqqan pullarini rosa joʻshibdi. “Studentsan. Eng zamonaviylarini tanla.” Paltodan tortib etikkacha, koʻylaklaru kostyumlargacha mohovot ila xarid qilaveribdi. Onam ham otam bergan pulga Gulimboy ogʻamizga soʻngi rusumdagi kostyum shim, oq koʻylak, galstuk sovgʻa qilibdi.
Hay-haylashlariga qaramay sumkalarga hujum uyushtirdik. Choz-choʻz qilib birma bir koʻrishga qistondik. Chinimiz tortinmay, uyalmay liboslarni kiyib koʻrdi. Buvim urushib bergachgina tomoshasini toʻxtatdi.
Qoʻshnilarning taʼrificha Gulposhimizga munosib toʻyliq keldi. Qudalar tartibli, mehnatsevar, koʻz oʻngida kamolga yetgan qizga ega chiqayotganlaridan mamnunlar. Oilaviy sharoitlarimizni bilganlari uchundir, barcha xarajatlarni zimmalariga oldilar. Sut haqiga oʻjakli sogʻin sigir keltirdilar. Toʻyda biz ham yayradik. Xina yopar, qiz toʻyi, Doʻrmandagi nikoh toʻyi kutganimizdan ziyoda nishonlandi. Toʻyda Gulimboy ogʻamizning ukasi Qudrat deganlari Aslposhshamizning atrofidan uzoqlashmadi. Asiloyimiz uyaladi, qisinib qimtinadi. Koʻrganlar nima deydi degan istiholaga boradida. Bizning hazil aralash boqishimizdan koʻzini olib qochadi.
Toshkentdan kelgan opamning dugonalari biznikida mehmon boʻlishdi. Ularning bahonasida biz ham Xivaga sayohat qildik. Shunday bebaho tarixiy maskanimiz boridan boshimiz koʻklarga yetdi.
Biz har damda Hurposhshamizni esladik. “Hur raqsda hammani hayratga solardi. Unga qoʻshiq ayttirgan boʻlardik. Uzun sochlarini toshkentlik qizlar koʻrganda lol qolardilar. Uning ham student oshigʻi bilan toʻylari boʻlarmidi”.
Bizga gʻamimizni aritadigan yangi ermak topildi. Qudrat va Aslposhsha. Oybikamizning jahli chiqadi.
-Qudratni matematika fanidan oʻtkazilgan viloyat olimpiadasida uchratganman. Men shahardan, u tumandan gʻoliblikni qoʻlga kiritib kelgan. Shu yerda ham atrofimda oʻralashgan-oʻzini oqlashga bahonalar izlaydi Aslxonimiz. Lekin koʻrinib turibdi. Yigitning eʼtiboridan mamnun.
Kuyov koʻrarga Gulimboy ogʻamiz oʻrtoqlari bilan keldi. Ularning ortida Qudrat ham koʻrindi. Koʻzlari olazarak. Opamni izlayapti. Mehmonlar ketguncha Asilimiz missayib, xonamizdan chiqmadi. Bunga mendan boshqa hech kim eʼtibor qilmadi. Barchaning nazari asosan Gul oybikam va Gulimboy pochchamizda.
Shu kuni xabar topganimiz Qudrat ogʻaning matematika fakultetiga hujjat topshirishga hozirlanayotgani. Asiloyning rejasi bizga ravshan. Hisobchilikning qisqa kursida oʻqib, fabrikaning hisobchilar boʻlimiga ishga joylashish. Rejasini toʻliq amalga oshishiga ishonamiz.
Ishonchimiz bekorga emas. Ishonchni Onabibi opa bergan. U kishi katta fabrikaning bosh hisobchisi. Kuchli mutaxassis. Na uyiga, na farzand tarbiyasiga vaqt topadi. Baʼzida hatto uyiga ham ”avansvoy otchyot” yo “Kvartalniy” deb dasta dasta hujjat koʻtarib keladi. u Aslposhshamizning bosiqligini, matematikaga ishtiyoqi balandligini yaxshi biladi. Uy yumushlariga chin dildan yordam berganidan mamnun. Hatto yolgʻizgina asrandi oʻgʻilchasini ham Asilimizga ishonadi. Ularning oʻzaro hamkorligi natijasida opayamiz toʻqqizinchi sinfdaligidayoq hisob kitob jarayonlarini oʻrgana bordi. Oʻninchi sinfda sohani tuzukkina oʻzlashtirdi. Faqat toʻrt barmoqday qogʻoz, yaʼni hujjat kerak. Oʻquv kursiga Onabibi opaning oʻzi joyladi.
Opayalar orzusi. Kechqurun. Dasturxon atrofidamiz. Onam Sultonposhsha opayamiz uchun bezovta. Homilasiga oʻn oy toʻlayapti. Tugʻishdan darak yoʻq. Hatto qaynonasi Xivaga borib tuyaning tagidan oʻtkazib keldi. Yotoqxonasi eshigining peshtoqiga tuyaning rasmini-da ilibdilar.(Gʻalata irimlar bor. Tuya oʻn bir oyda tugʻarmish. Tuyaning tagidan oʻtgan xomiladorning koʻzi yorishi tezlasharmish)
Eshik taraqlab ochildi. Sultonimizning oʻsha bezbet qaynukasi ogʻzi qulogʻida kirib keldi
-Suyunchini choʻzinglar, biyim oʻgʻil tugʻdi.
Hammamiz quvondik. Lekin xirsday yigitning uyalmay suyunchi soʻrashiga nima deysiz. Oʻzidan kichik ukalarini joʻnatsa oʻladimi. Bu gal xam menga qarab kishi bilmas qoshini qoqdi. Portlab ketay dedim. Men ham xuddi shunday kishibilmas qiliq qildim: ”Miyasi aynigan axmoq!” Tushundi. Tumshaydi. Suyunchini qoʻlga kiritib shitob bilan tez kelganday tez iziga qaytdi.
Otamga sin soldim. Ogʻzi qulogʻida. Ovqatni chala qoldirib otlanayapti:
-Men tezroq borib qudalarni tabriklay. Azamatni olib kelaman. Onasi tugʻuruqxonadan chiqquncha biznikida yuradi.
Otamning oʻgʻil farzandlarga oʻzgacha mehridan yana bir bor oʻkindim.
Bizning xonadonimizning biror sir asrori bormikan. Tovuqlarimiz joʻja ochsa oʻntadan bittasi xoʻroz. Sigirlarimiz nuqul gʻunajin tugʻadi. Gulposhimizning sut haqqiga berilgan sigirning buzogʻi hoʻkizcha ekan. Otam shunga ham quvondi. “Boqib semirtirib soʻyamiz. Puliga yem-hashak olamiz, molxonani kengaytiramiz”
Otamning aytganicha bor. Molxonamiz oldinlari kengday tuyulardi. Ikkita sogʻin sigirimiz buzoqchalari bilan yayrardi. Sultonposhsha opayamizning sut haqqiga keltirilgan zotdor gʻunajan bir yoʻla ikkita buzoqcha tugʻdi. Buzoqchalar chiroyli. Ayniqsa dumaloq koʻzchalari, uzun kipriklari. Ranglari ola, terilari yaltiraydi. Ularni Masha Dasha deb oʻzim nomladim. Endi Gulposhimizning sut haqiga kelgan sigir buzoq qoʻshildi. Yaxshiyam otam hoʻkizchaga ayrim joy hozirladi. Boshqacha parvarish qilarmish.
Yozgi taʼtilimiz boshlanishi bilan otam onam ishidan mehnat taʼtiliga chiqdilar. Demak katta rejalar bor. Otam birinchi galda molxonani kengaytirishni boshladi. Aytib oʻtganman, uyimizning yon tomonidan yop oqib oʻtadi. Shu yopning bizga juda katta foydasi bor. Yopga tegishli hudud keng qoldirilgan. Bemalol foydalanamiz. Otam molxonani devorimizdan uch metrcha yop hududiga surib qurilish boshladi. Qurilishga kerakli gʻisht hatto deraza romlariyu, tomiga bostiradigan bolorlargacha olloxning oʻzi yetkazdi. Uyimizga yaqin eski artel binosi buzildi. Oʻrniga katta magazin qurish rejalashtirilgan. Binodan chiqqan gʻishtmi, tuproqmi, yogʻochmi, bemalol tashib ketishga ruxsat berildi. Otam boshliq barchamiz gʻisht kavlashga kirishdik. Aravakash Shomurot doyining aravasiga ozgina kira haqi toʻlab, zarur qurilish anjomlarini tashidik. Ishning oson koʻchkanidan xursandmiz. Otam vaqtni oʻtkazmay molxonani kengaytirishga kirishdi. Unga Shomurot doyi yordamga keldi. Doyini sal ovsarroq deydilar. Lekin mehnatni bajonu dil bajaradi. Qornini toʻygʻazsangiz, eski kiyim boshlarni sovgʻa qilsangiz boshi osmonga yetadi. Buvim uni alqalab, achchiq choy quyib, peshona terini artishga qozoqi roʻmollar berib, tushga behi, kishmish qoʻshib polov damlayotganini aytib sevintirib turdi. Biz qizlar ham qoʻlimizdan kelguncha yordamga shoshildik. Qarabsizki, qisqa vaqtda pastakkina molxonamiz bitdi. Shu zahoti yangi “imorat”ni buzoqxonaga aylantirdik.
Shomurot doyiga otamning salgina ohori toʻkilgan kiyimlarini kiygizdik. Xursandligin koʻrib buvim yigʻlab yubordi. “Xudoyimni erka bandasi, kiyimlarni yarashganini qara”. Roʻmolga yumshoq non, novvot tugdi. Otam pul berdi. Pulni olmadi. “Sening bollaring koʻp. menda yoʻq. ularga ber!”-dedi.
Shomurot doyi buvimni yaxshi koʻradi. Buvim uning raxmatli ota onalarini tanigan.
-Yuvvosh odamlar edi. Ikkalasi ham kasalvand. Onasi Shomurotni tugʻayotganda olamdan oʻtdi. Otasi yolgʻizlikda bolasiga qaradi. Qishda pechining moʻrisi tiqilib, tutun ichkariga urib, uyqudagi ota bola zaharlandilar. Ota oʻlib ketdi, bola devonaroq tusga kirdi. Amakalari qaramogʻiga oldilar. Endi ota-onasidan qolgan bir xonali uyda yolgʻiz yashaydi. Mehrga zor.—deydi. Baʼzida non yopsak, qorin tuyoq pishirsak buvijonimizning oʻzi eltib beradi. Shomurod doyi ham dam-badam “ne ishingiz bor” deb otamga koʻmaklashishga harakat qiladi.
Molxonamiz koramollarga toʻlayapti. Mol boqishning oʻzi boʻladimi. Yoz boʻyi tinuvimiz yoʻq. Qishga dagʻal hashak yigʻamiz. Bizning baxtimizga shu yop bor. Yopning roshigacha mol oʻti ekamiz. Ikki marta oʻrib olamiz. Mevali daraxtlarimiz ham bor. Qoʻshnimiz, yosh oila. Qadam ogʻa, Lola biyilarning yop hududidan foydalanishga vaqtlari yoʻq. hatto xovlilaridagi bogʻlari ham qarovsiz. Shuning uchundir, yop hududini ham, xovlisidagi bogʻni ham bizga inʼom etganlar. Buvim meva koʻchatlarini tayyorlashda tajribasi oshgan. Urugʻidan koʻpaytiradi. Nihollarni savob uchun bepul tarqatadi. Oʻsib unishini nazorat qiladi. Qadam ogʻalarning bogʻini chinaqqam boqqa aylantirdi. Daraxtlar tagiga yoʻrinja (beda) ekkanmiz. Toʻrt marta gul koʻrsatadi. Toʻrt martalab oʻrib olamiz.
Otam daryoning narigi yogʻiga, Shobbozning kunjarasidan xarid qilishga boradi. Shobbozning kunjarasi yogʻliq, molga yuqumli. Sutiga barka kiritadi. Otamning oʻzi mashinaga ortirib kelaolmaydi. Yashirincha sotilsa kerak. Shobbozlik tanish haydovchiga buyurtma beradi. Haydovchi oʻgʻriga oʻxshab har doim yarim tunda keladi. Biz uyqudan qolib tonggacha kunjarani yemxonaga tashiymiz. Oʻzimizdagi yogʻ zavodda ham kunjara bor. Lekin, soʻnggi tomchi yogʻigacha siqib olingani tufayli gʻirt shrotga aylanib, molga yuq boʻlmay qolarkan.
Erta bahordan sigirlarimizni yop boʻyiga arqonlaymiz. Yopning roshi uzundan-uzoq. Oʻt oʻlan, qamishu yontoqqa toʻla. Koʻp xollarda navbatchilik qilamiz. Mol degani arqoniga oʻralashib qolishi mumkin. Vaqti vaqti bilan boshqa joyga oʻtkazib arqonlaymiz. Sigirlarimiz oilamizga mos. Arqonlangan joyidagi oʻt oʻlanni tozalab yeydi. Yopning qirgʻogʻidan sal ichkarilab qamishlarni ship-shiydon qiladi. Keyin mazza qilib suv simiradi va daraxt tagida yotib damini oladi.
Kechqurun yem beramiz. Sigirlarimiz sheluxa, kunjara turli poʻchoqlar aralashgan yemni shu darajada ishtaha bilan yamlaydilarki, qarab turgan odamning ogʻziga suv keladi. Ertasi yelinlari tirsillab turadi. Biz bolalikdan buvim, onamdan sogʻuvchilikni oʻrganganmiz. Aslposhsha oybikam, men soqqan sut barakali. Kishchan turli yoʻllar bilan molxonaga yaqinlashmaslik yoʻllarini qidiradi. Roʻmol oʻrasada bitlas sochiga tappi hidi oʻrnashadi. Va sinfdoshlarimizning burun jiyirishlariga sabab boʻladi.
Qancha harakat qilmaylik, ozoda saqlamaylik molxonani hidi dolonimizga oʻtayapti.
Shu yilgi yozimizda ishimiz koʻpaygandan koʻpaydi. Molxonani sal boʻlsada kengaytirgan otam tom shuvoq jarayonini boshladi. Onam qarindoshlarni koʻmakka chaqirishni taklif qildi. Otam mutlaqo koʻnmasligini aytdi.
-Qarindoshlarning hammasi tomini shifer bilan yopgan. Tomshuvoq qiladigan qarindosh qolmadi. Xolatimizni oshkor etmaylik. Vaqti kelsa bizning tom ham tunukalanadi -dedi
Qish boʻyi xonalardan chakka oʻtib bezor qildi. Somonloy qorishga kirishganidan Shomurot doyi koʻmakka keldi. Biz ham qarab turmadik. Chelaklarda loy tashidik. Shomurot doyi chelaklarni arqon yordamida tomga tortdi. Otam suvoqni boshladi
Tomda turib atrofga nazar tashlar ekanman, koʻzim qarovsiz qolgan dala shiyponiga tushdi. Yopni nariga qirgʻogʻida, shunday uyimizning toʻgʻrisida. Bir paytlari mahallamiz bolalari bilan qumuldigajak oʻynaganmiz. Katta-katta xonalari, keng ayvonchasi bor. Eskirgan, albatta. Lekin mollarga mos joy.
Terlab pishib tomshuvoq qilayotgan otamga piyolada yaxna choy tutdim. Otamning bir zum dam olayotganidan foydalanib fikrimni bayon qildim.
-Ota, shu dala shiypon qachondan beri huvillab, egasizday yotibdi.
-Bilmadim, koʻpdan beri.
-Ota shuni shoʻro buvadan soʻrang, molxona qilaylik. Sigirlarimiz yana tugʻadi. Qayerga sigʻishtiramiz?
-Sotamiz qizim, sotamiz.
-Yoʻoʻoʻq, sotmaymiz. Sigirlarimiz bizdan ranjiydi. Ota ular ham odamlarday. Xafalanishni, qisinishni biladilar. Olaxon sigirimiz Hurposhshamiz vafot etganda yigʻlagan. Uning oldiga kirib xun-xun yigʻlaganimda uzun tillarini chiqarib yuzimni yalgan. Shunda koʻzlaridagi yoshni koʻrganman. Ertalab sogʻish uchun kirganimizda ularning nafas olishidan bizni koʻrganidan quvonganlarini his qilganman. Shu dala shiyponini bizga bersalar, mollarimizni yanada koʻpaytirardik.
-Qiziq taklif aytding, koʻramiz. Meni ishdan qoʻyma.
Kechqurun taklifimni opayalarimga bildirdim. Tong otishi bilan shiypon tomon yoʻl oldik. Eshiklarini qoʻporib olibdilar. Hamma yoq rogʻ-varogʻ. Pollari ham buzib, tashib ketilgan. Lekin, muhimi binoning oʻzi zoʻr. Bir zumda Aslposhsha, Chiniposhsha, Kishjonbika, Yangiljon, Toʻxtajon opayalarimizning boshi birlashdi.
Shu yerning oʻzidayoq boʻlajak molxonamizni qanday tasavvur qilishni fikrlasha boshladik. Molxonani oʻgʻri tushmasligi uchun qulflashni, yoki Shomurod doyini qorovullikka taklif qilishni, yemxona uchun ham joy hozirlash mumkinligini bir-birimizga gal bermay chugʻurlashdik.
-Eng muhimi bizdan mol hidi kelmaydigan boʻladi-dedi Kishchan chuqur tin olib.
Shunday qilib biz opayalarni jipislashtirgan orzu dunyoga keldi. Qanday boʻlmasin bizni boqib turgan sigirlarimizni sotilishidan saqlash va molxonani uyimizdan chekkaroqqa chiqarish. Bunday qiziqishlar mening kelajakdagi mehnat faoliyatimga asos solishini oʻylamagan ekanmiz.
davomi bor.