Bir kunda 255 nafar abituriyent test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli test sinovlaridan chetlashtirildi

0
106
marta koʻrilgan.

Respublika oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarining birinchi kuni — 1 avgustda oʻtkazildi va toʻliq yakunlandi. Bu haqda bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov OʻzA muxbiriga maʼlum qildi. Test sinovlarida 23 ta oliy taʼlim muassasalarining 154 ta taʼlim yoʻnalishida 58 ming 985 nafar abituriyent ishtirok etdi, turli sabablarga koʻra 1393 nafar abituriyent test sinovlariga kelmagan.

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 255 nafar abituriyent, shundan 179 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun, 76 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirilgan.

Xabarda qayd etilishicha, Test sinovlarining birinchi kuni respublikadagi 23 ta oliy taʼlim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8.00dan boshlanib, 11.30ga qadar va 2-smenada 15:00 dan boshlanib, 18:30 ga qadar toʻliq yakunlangan.

Test sinovlari oʻtkaziladigan 57 ta binoda yongʻin va xavfsizlik choralari koʻrildi, abituriyentlar uchun barcha auditoriyalarda ichimlik suvi hamda barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi.

Abituriyentlarning ota-onalari uchun salqin joylarda joylar tashkil qilindi va u yerda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn koʻrinishda yoritib borildi.

Yozning chillasida ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn koʻrinishida toʻgʻridan-toʻgʻri yoritildi.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz oʻtishiga jalb qilindi.

Test sinovlarini oʻtkazishga taʼlim muassasalaridan test sinovlari oʻtkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan 2 ming 434 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.

Barcha hududlarda jamoat va yongʻin xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va dahlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qoʻriqlash toʻliq taʼminlandi.
 

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.