Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yuksak darajadagi “Orolbuyi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” Xalqaro konferensiyasi Nukus shahrida boʻlib oʻtdi.
Anjuman yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston hukumati bilan Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish boʻyicha BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasining loyihasi kelishib olindi.
Oʻzbekiston hukumati BMT bilan hamkorlikda qishloq aholisini ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan taʼminlashda, sifatli tibbiy xizmat va taʼlim olish imkoniyatini yaratishda koʻmaklashdi. Kichik korxonalarni qoʻllab-quvvatladi.
Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot Dasturi maʼmurining maxsus maslahatchisi Abdulay Mar Diye ham Orolboʻyi mintaqasiga bagʻishlangan yirik xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
BMTTD maʼmurining maxsus maslahatchisi Moʻynoqqa tashrif buyurdi va mahalliy aholi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, u Bosh vazir oʻrinbosari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Basitxanova, Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Svetlana Artikova, moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov, Adliya vaziri Ruslanbek Davlatov va boshqalar bilan BMTTD bilan hamkorlik haqidagi masalalarni muhokama qilish uchun ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.
BMTTD maʼmurining maxsus maslahatchisi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari vakillari bilan uchrashdi va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabalarining interfaol seminarida qatnashdi.
Yigirma olti yil mobaynida BMTTD Oʻzbekistondagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda davlat va nodavlat tashkilotlariga koʻmak berish maqsadida keng hamkorlik faoliyatini olib bormoqda.
Malika MUSAYEVA