BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti

0
545
marta koʻrilgan.

Joriy yil 22 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash» rezolyusiyasi qabul qilindi. Loyihasi Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ushbu hujjatni BMTga aʼzo barcha davlatlar bir ovozdan qoʻllab-quvvatladi.

Rezolyusiyaning qabul qilinishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ijrosi hisoblanadi. Oʻzbekiston rahbari oʻz chiqishida 2017 yil noyabr oyida Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Markaziy Osiyo boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro anjuman oʻtkazilishini maʼlum qilib, uning yakunlari boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlikni taʼminlash va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga doir maxsus rezolyusiyasini qabul qilishni taklif etdi. 
 
Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyo va Afrikaning 55 mamlakati ushbu rezolyusiya hammualliflari boʻldi. Ular orasida Avstraliya, Avstriya, Afgʻoniston, Belarus, Germaniya, Italiya, Hindiston, Indoneziya, Kanada, Nigeriya, Norvegiya, BAA, Koreya Respublikasi, Singapur, Turkiya, Shveysariya, Ekvador va boshqa mamlakatlar bor. Hujjatni ishlab chiqish boʻyicha maslahatlashuvlarda Markaziy Osiyoning barcha yetakchi hamkor davlatlari, jumladan, Rossiya, XXR, AQSH va YeI mamlakatlari faol va konstruktiv tarzda ishtirok etdi. 
 
Rezolyusiyada Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim roli eʼtirof etiladi. Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va taraqqiyot sohalaridagi mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari alohida qayd etiladi. 
 
Hujjatda Bosh Assambleya mintaqa mamlakatlari tomonidan Markaziy Osiyoda barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashi bayon etiladi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlarini muntazam tashkil qilish boʻyicha tashabbuslari mintaqa doirasida qoʻllab-quvvatlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, rezolyusiya bunday maslahatlashuvlar platformasidan mintaqaning dolzarb muammolarini birgalikda hal etish yoʻlida samarali foydalanishga daʼvat etadi. Hujjatda 2018 yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ilk sammiti oʻtkazilgani eʼtirof etiladi. 
 
Rezolyusiyada Markaziy Osiyoda xavfsizlikni mustahkamlash, suv va energiya manbalaridan unumli va kompleks foydalanish, Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy asoratlarni yumshatish, mintaqada zamonaviy transport va tranzit tizimini tashkil etish, maʼrifat, fan, texnologiyalar, innovatsiyalar, turizm, madaniyat, sanʼat va sport sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish yoʻnalishlarida ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etiladi. 
 
Markaziy Osiyo davlatlarining Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga koʻmaklashishga qaratilgan birgalikdagi saʼy-harakatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Ushbu mamlakatda tinchlik va murosaga erishish maqsadida joriy yil mart oyida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuidagi Afgʻoniston boʻyicha Toshkent konferensiyasining ahamiyati qayd etiladi.
 
Rezolyusiya xalqaro hamjamiyat, xususan, BMT tizimidagi ixtisoslashgan muassasalar, jamgʻarma va dasturlarni mintaqa mamlakatlari tomonidan koʻzda tutilayotgan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va barqaror taraqqiyotning ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlashga daʼvat etadi. 
 
Ushbu rezolyusiyaning BMTda bir ovozdan maʼqullanishi va qabul qilinishi Oʻzbekistonning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yuritayotgan ochiq, oqilona va konstruktiv tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyoda shakllangan mutlaqo yangi, oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik muhiti xalqaro miqyosda keng eʼtirof etilayotganidan dalolat beradi. Xalqlarini ming yillik birodarlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, mushtarak tarix, din, madaniyat va anʼanalar bogʻlab turgan Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
 
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyusiya Markaziy Osiyoni hamkorlikda umumiy muammolarni hal qilish, mintaqa taraqqiyoti va uning koʻp millionli aholisi farovonligini taʼminlashga qodir yaxlit jipslashgan mintaqa sifatida shakllanishida muhim bosqich boʻlib xizmat qilishi shubhasiz. 
 
Toshkent, 2018 yil 23 iyun

Manba: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.