“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari ishtirokida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi va Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmalari masʼul xodimlari eksport-import bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar uchun yurtimizda yaratilgan qulaylik va yengilliklar haqida maʼlumot berdi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi davlat xizmatlari oshkoraligini, import-eksport operatsiyalari mutanosibligini taʼminlash tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, aholining turmush sifatini yaxshilashning muhim shartlaridan sanaladi.
– Prezidentimizning 2018 yil 12 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan bojxona organlarini isloh qilishning 8 ta asosiy yoʻnalishi belgilab berildi, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boʻlim boshligʻi O.Ibrohimov. – Ularni amalga oshirish yuzasidan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Unga koʻra, joriy yil 1 iyuldan boshlab tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashuvchilari uchun qator qulaylik va yengilliklar yaratildi. Ana shunday yangiliklarni tadbirkorlarga yetkazish, tushuntirishda bu kabi tadbirlarning ahamiyati katta.
“Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tadbirlar dasturi”ga koʻra endilikda tovarlarni bojxona rejimiga joylashtirish hamda xorijiy avtotashuvchilarning mamlakatimiz boʻylab harakatlanish marshrutlarini oʻzgartirishga bojxona organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bekor qilindi. Shuningdek, aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi tashqi savdo shartnomasi doirasida davriy deklaratsiyalarni taqdim etish yoʻli bilan amalga oshirilayapti. Tashqi savdo shartnomasi doirasida nabotot va hayvonot dunyosi obyektlarini olib kirish va chiqish, mahsulotlarga muvofiqlik, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar, karantin ruxsatnomalar bir yildan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etiladi.
Oʻz navbatida, koʻrsatilgan talablarga rioya etmaydigan tadbirkorlarga tegishli choralar koʻrish borasida bojxona organlari vakolatlari ham belgilab berildi. Misol uchun, bojxona organlari import qilinayotgan tovarlar narxini oshirib koʻrsatish holatlari boʻyicha muntazam ravishda monitoring oʻtkazadi. Bojxona omborlarida 3 yildan ortiq saqlanib kelayotgan mol-mulklar uch oy davomida talab etib olinmagan taqdirda, sud qarori asosida davlat foydasiga musodara qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va ularning tashqi savdo faoliyati qonuniyligini tekshirish maqsadida, tovarlar va transport vositalari erkin muomalaga chiqarilgandan soʻng, ularning bojxona nazoratini amalga oshiradi.
Tadbirda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
N.Rahimov, OʻzA
Manba: OʻzA