Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Boʻka tumanidagi 15-Mehribonlik uyi va Chirchiq shahridagi 14- Mehribonlik uyida “Bolalarga mehr ulashaylik” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi.
Ushbu tadbir mehr-oqibat, insonparvarlik va sahovatpeshalik oʻzbek xalqiga xos goʻzal milliy qadriyat ekanligini yana bir bor namoyon qildi. Boʻka tumanidagi 15-Mehribonlik uyida 176 nafar tarbiyalanuvchi taʼlim-tarbiya olayotgani, oʻquv maskani aslida 140 oʻringa moʻljallangani va shuning uchun bu yerda oshxona, sport majmualari, sanitariya xonalari, yotoqxonalar zamonaviy tarzda qaytadan taʼmirlanayotganining guvohi boʻldik.
Ikkala Mehribonlik uyi bolalariga tadbir dasturi manzur boʻldi. Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktyorlari sheʼrlar oʻqishdi, hayotiy rivoyatlar aytib berishdi. Oʻzbek davlat sirki ijodkorlari tomonidan tayyorlangan rang-barang chiqishlar ham bolalarga cheksiz quvonch bagʻishladi. Bolalar sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlariga joʻr boʻlib kuylashdi, maroq bilan raqs tushishdi, yayrashdi.
– Bugungi tadbir menga juda yoqdi, – dedi 15-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Moʻtabar Sobirova. – Sanʼatkorlar suhbatini tinglab, hayotga boʻlgan qiziqishimiz yanada ortdi Ular bizni doimo izlanishda boʻlishga, tinimsiz kitob oʻqishga undashdi. Oʻzim aniq fanlarga juda qiziqaman. Oliy oʻquv yurtiga kirish uchun fizika va matematika fanlaridan mustaqil tayyorlanyapman. Kelajakda oʻqituvchi boʻlmoqchiman. Oʻquv markazi ochishni, unda qiyinchilikda oʻsayotgan bolalarga tekin dars oʻtishni orzu qilaman.
Tadbir soʻnggida Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi, qiziqarli suhbatlar, bolalar uchun tayyorlangan maxsus dastur bayramona tuzatilgan dasturxon atrofida davom etdi.
Mavluda Asqarxoʻjayeva,
Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi Axborot xizmati
Oqil Gʻulomov olgan suvratlar