Bolalik kunlarimda” audio ertaklar loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtdi

0
322
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Bolalik kunlarimda” loyihasining taqdimot marosimi oʻtkazildi. Ushbu loyiha Agentlikning tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi asosida Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Tadbirda Agentlik bosh direktori Komil Allamjonov, Maktabgacha taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Yelena Ten, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari oʻrinbosari Afshin Parsi, loyiha mualliflari Sardor Boboyev va Deyl Ahmadiy, OAV vakillari, ota-onalar hamda bolajonlar ishtirok etdi.

Loyihaning asosiy maqsadi – oʻzbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali xalq ogʻzaki ijodi namunalarini kelajak avlodga yetkazishdan iborat.

Professional studiyada yozilgan audio ertaklar muntazam ravishda maxsus telegramm kanalda muayyan vaqtda bepul yuklab boriladi.

Xalq ertaklarining audio talqinini yaratishda bir guruh mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih va ruhshunoslar, ovoz rejissyorlari, aktyorlar hamkorlikda ish olib borishgan.

“Kelajakda audio ertaklarni ommalashtirish va bolalarning chet tillarini samarali oʻzlashtirishini yoʻlga qoʻyish maqsadida ingliz tilida tayyorlash, shuningdek, jahon xalq ertaklarining audio talqinlarini yaratish ham koʻzda tutilgan, – dedi Agentlik bosh direktori Komil Allamjonov. – Millatimizning ulkan madaniy merosini dunyo miqyosida targʻib qilish yoʻlida oʻzbek xalq ogʻzaki ijodining qardosh davlatlar tilidagi audio ertaklar platformasini shakllantirmoqchimiz”.

Audio ertaklar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 4 fevraldagi qaroriga asosan Agentlik amalga oshirayotgan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar qatlami uchun ham moʻljallangani qayd etildi.

Taqdimot marosimida loyihaning ilk mahsuli – “Zumrad va Qimmat” ertagi artistlar ijrosida jonli ovozlashtirib berildi. Bosh qahramonlarga Dilnoza Kubayeva (Zumrad) hamda Munisa Rizayeva (Qimmat) ovoz berdi. Ertakni ovozlashtirishda, shuningdek, Noila Toshkenboyeva (sehrgar kampir), Zuhra Soliyeva (oʻgay ona) va Rustam Rasulov (hikoya qiluvchi) ishtirok etdi.

Hozirda loyiha taʼsischilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek va rus tillarida 5 ta ertak yuklangan. Bugundan eʼtiboran har uch kunda bitta yangi ertak oʻzbek va rus tillarida bepul eshittirib boriladi.

Ovozlashtirilgan 10 ta ertak oy oxirida diskka yozib chiqariladi.

Ertaklarni zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda qulay, qiziqarli va taʼsirli yoʻllar bilan bolalarga yetkazish samarali usul hisoblanadi. Audio ertaklar farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi, nutq madaniyatini oshirishi, oilaviy birdamlikni mustahkamlashi, bolalarda mulohaza, mantiq, tasavvur, fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kelgusida audio ertaklarni taʼlim jarayoniga ham integratsiyalash, ulardan oʻqitishda rivojlantiruvchi usul sifatida foydalanish ham rejalashtirilmoqda.                                                                                                  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.