Bozorchi ayollar haqida ikki yondoshuv, bir-birini toʻldiradigan ikki xil fikr hamda tahririyat xulosasi va taklifi

0
384
marta koʻrilgan.

Yurtimiz bozorlariga kirsangiz rastalardagi  did bilan mohirona terilgan meva va sabzavotlarni koʻrsangiz koʻzingiz quvnaydi, dilingiz yayraydi. Uni yetishtirgan dehqonni ham xalqqa  yetkazib berayotgan didli bozorchilarni ham beixtiyor alqaysiz, insonning qoʻli gul deysiz. Bozorning ham oʻziga xos madaniyati borligini qalbga tuyasiz.

Keyingi paytda bozorchi ayollar haqida ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab fikrlar paydo boʻldi. Tahririyatimizga ham jurnalistlardan maqolalar kelmoqda. Ularni oʻqib bu yoʻnalishda muammolar borligini his qildik. Avvalo, ikki jurnalistning fikrini oʻqing. Soʻngra tahririyatning xulosa va taklifi bilan tanishib chiqasiz. Takliflarga oʻz munosabatingizni bildirasiz, degan umiddamiz.

Birinchi maqola. Elmira Basitxanovaga  iddao qilayotgan Opalarga!

Hurmali opa — singillar. Yoshingizni  bilmadim-u, ruxsat bersangiz Sizlarga hurmat yuzasidan opa  deb murojaat qilaman.

 Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har  xil topadilar. Olloh ularga orzu-intilishlari, niyat va amallariga qarab rizq taqsimlagan. Kimdir shifokor, pedagog, jurnalist, quruvchi,  ishchi va hokazo sifatida  mehnat qilib, rizqini yigʻadi.

Baʼzan taqdir  inson boshiga qattiq qiyinchiliklarni soladi. Ana shu sinovlar oldida dovdirab qolmaslik uchun harakat qilamiz. Oilamiz, bola-chaqamizni boqish uchun  kunni tunga ulaymiz. Roʻzgʻor tashvishi hech bir ayolga  begona emas.

Chiroyli xulqi, xatti-harakatlari bilan inson koʻp narasaga erishadi, aksincha yomon amallari bilan anchayin narsalarni yoʻqotadi ham. Buni sezmasligingiz mumkin emas, Hayotingizni yaxshilab tahlil qilib koʻring. Nimalarga erishdingiz-u, nimalarni boy berdingiz?!

Bizning hayvonlardan farqimiz his-tuygʻularimizda, fikrlay   olish qobiliyatimizda, insonlar bilan oʻzaro muloqatimizda. Olloh bizni inson qilib yaratgan ekan, albatta insoniylik burchlarimizni ado qilishimiz kerak. Chiroyli yashash uchun, eng avvalo odamiylik ustuvor boʻlishi lozim.

 Men hech kimga oʻrgatmoqchi emasman. Hayotni koʻrgan, turmush tashvishlari va roʻzgʻorning ogʻir yukini koʻtargan ayol sifatida fikr bildirishni burchim deb bildim.

Elmira Basitxanovaga bildirayotgan fikrlaringizga umuman qoʻshilmayman. Yurtning onaxoni yaʼni Respublika xotin-qizlar qoʻmitasining rahbari  sifatida ayollarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatishga, oʻrni kelganida nasihat qilishga u kishining haqlari bor. Bizning foydamiz, tinchligimiz va farovonligimiz uchun astoydil harakat qilayotgan insonning yonida turib, oʻzbekona hayo chegarasidan chiqmasdan, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni  hurmat qilishimiz kerak deb oʻylayman.

Madaniyatli, odobli va xayoli boʻlishga, har bir kunga shukronalik bildirib, goʻzal xulq egasi boʻlishga nima yetibdi. 

Opalar, hech kim bizni tahqirlayotgani ham yoʻq.  Elmira Basitxanovaning  oyogʻi yerdan uzilgani ham yoʻq. Agar u kishining oyogʻi Siz aytgandek  yerdan uzilganida biz haqimizda qaygʻurmasdi.  Sizga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib, es-hushli, madaniyatli boʻlishga  chaqirayotgan insonga bunday  toshlarni otish insofdan emas. Tahlil qilib koʻring, bozorlardagi ayollarning  urish-janjallaridan kimga foyda…

Muhammad Paygʻambarimiz “Eng kuchli odam jahli chiqqanida oʻzini bosa oladigani” degan ekanlar. Kuchli boʻlishga harakat qilaylik. Bu faqat oʻzimizga foyda. Jahl chiqqanida ketadigan aqlimizni yaxshi va ezgu ishlarga sarflaylik.

Rizq-nasibamizni topishimiz uchun shart-sharoitlar bor. Insonlar bir- biri bilan murosaga kelib,  yashasalar, yurt tinch boʻladi. Yurt egasi shu kunlarda boshqa  mamlakatlar bilan ham diplomatik aloqalar oʻrnatish, ular oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustaqkamlash ustida bosh qotirib, yelib- yugurib yurgan bir paytda  muomalali boʻlaylik, urishib, janjallashmaylik, chiroyli xulqqa ega, goʻzal sifatli ayollar boʻlaylik  degan daʼvatning qayeri  sizga yoqmadi, hayronman. Bir kun janjal boʻlgan uydan qirq kun baraka ketadi, deydi xalqimiz. Vatanimimiz ham sizning-bizning ulugʻvor uyimiz.

  Bozorchiga  sheʼringiz nimaga kerak, debsiz. Yaqinda bozorga borsam,  kartoshka sotayotgan ayol kitob oʻqib oʻtiribdi. Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romani.  Kartoshkasini soʻradim. Darrov kitobni qoʻyib, xushmuomalalik bilan, keling opajon,  vaqtliroq uyga ketmoqchiman. Hammasini olsangiz arzon beraman, dedi. Oʻlchadik, 4 yarim kilo chiqdi. Farishtali, xushmuomala bu qizdan qolgan  kartoshkalarini sotib oldim. Jahldor, qovogʻi osilgan sotuvchining oldiga bormaslikka harakat qilamiz. Hammamiz shunday. 

Toʻgʻri,  bozorda har xil ayollar ishlaydi. Rizq — nasiba topish ham oson emas.  Chaqqon, abjir boʻlmasangiz ogʻzingizdagini olib ketishadi. Barmoqlar ham bir xil boʻlmaganidek, Olloh  insonlarni ham  turfa yaratgan.

Jahon marketologlarining taʼkidlashlaricha, biznes rivojida  80-90 foizni diplomatiya, yaʼni muomala madaniyati tashkil qilarkan. Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi, deydi xalqimiz. Oʻzaro xushmuomalalikda gap koʻp. Xaridorga ham, yon qoʻshningiz, hamkasbingizga ham xushmuomala boʻling.

Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har  xil topadilar. Shukur qiling. Ehtimol, siz ham yoshligingizda qaysidir kasbga, hunarga astoydil qiziqib, uning etagidan mahkam ushlaganingizda, balki bugun bozorda emas, bitta stolda, soya-salqinda oʻtirib, rizq toparmidingiz. Ammo oliy maʼlumotli, olim, professor boʻlish muhim emas, muhimi odamiylik, insoniylik fazilatlari bilan goʻzal hayot kechirish. Biznesingizning barakasini bersin.

Lekin odamiylikni unitmang!

Onamning urugʻi qishloqda yashaydi. Togʻamning qizi oʻz oilasi bilan moʻjazgina, shifer qilinmagan  uyda kamtarona hayot kechiradi. Biroq, biron marta noliganini eshitmaganman.  Tomorqasi, 2-3 ta moli, sigiri, tovuq va joʻjalari bor. Ularni oʻzi koʻpaytirgan. Oila aʼzolari bilan dalaga ishga chiqadi.  Kelinoyisining vafotidan keyin ikki nafar qizini qaramogʻiga olib ularga ham mehribonlik qildi, boshini siladi, ammo nolimadi. Oʻgʻlining ikki nafar farzandi, jami yetti kishi bir oilada tinchgina  yashashadi. “Bir burda non bilan qornimiz toʻyadi, shukur, hamma narsamiz bor”, deydi hamisha.

Oʻtgan yili  Qurbon hayiti kuni qoʻy soʻyib, qurbonlik qilib, shu oilaga olib borsam, ertasiga  oʻsha yuborgan goʻshtdan mahalladagi  nochor oilalarni chaqirib, oʻtgan ota-bobolari ruhiga qurʼon oʻqitib, sadaqa qilibdi.  Jiyanimning kengligiga qarang… Bunday odamlar oramizda juda koʻp. Siz ham ana shunday insonsiz. Rizq nasiba topayotgan ekansiz, barakasini bersin. Oziga shukur qiling, jahlga erk bermang.  Ota-onaning har bir xatti-harakati farzandlarda oʻz aksini  topadi, buni ham unutmang. Ertaga-qariganimizda  bolalarimiz bizni boqadigan boʻlishi uchun bugundan tayyorgarlik koʻraylik. Ularni atrofidagilarga mehr-oqibatli qilib tarbiyalaylik.  Bu tilda emas, amalda boʻladi. Bolalarimiz bizning hatti – harakatimizdan andoza oladi.

Insonlar oʻz nasibalarini, rizqlarini har  xil topadilar. Mustaqillikning ilk kunlari. Mamlakatimizda  oziq-ovqat zahirasi tugab,   ishlab chiqarish korxonalari yoppasiga toʻxtab qolgan yillar edi. Koʻpchilik rizqini topishi uchun chet ellarda ishlashga majbur boʻlishgan. Men ham shular orasida boʻldim. Qoʻlimda diplomim bor, mutaxassisman, ammo iloj yoʻq,  elga kelgan “toʻy”. Taʼtil paytlari yoki oʻz hisobimdan taʼtil olib Rossiyaga, Qozogʻistonga  qatnadim. U paytlari  4-5 kun, uzogʻi bilan 15 kun  ichida  tijorat ishlarini qilib, yana qaytib kelardik.  Shu bilan uy qurdik, tomini bostirdik, pol qoqib, asta-sekin bir xonani taʼmirlab koʻchib oʻtdik. Janjallashib emas, doimo murosa bilan, atrofdagilarga jahl qilmasdan ishladik, oʻzga yurtlarda yurib rizq topishga majbur boʻldik. Hozir hayotimiz tinch, aqlimizni, mutaxassiligimizni ishga solib, mehnat qiladigan davrlar keldi, shukur.

Rahmatlik onam, 93 yoshda olamdan oʻtdilar. Hamisha aqlingga ish buyur, qizim, derdilar. Buni yoshligimda tushunmasdim. Keyin tushundim. Oyogʻing bilan emas,  avval aqling bilan yugur, yetti oʻlchab bir kes, har bir ishni  chuqur oʻylab keyin bajar, deganlari ekan.

Elmira Basitxanova ham yurtimiz ayollarining yetakchisi.  U insonning gaplarini onamning nasihati, tanbehi deb qabul qilaylik. Demak,   xatti-harakatimizni sozlashimiz, toʻgʻri yoʻldan adashmasligimiz kerak. U kishining siz u biz uchun jon kuydirayotganlari bejiz emas. Boriga baraka, shukronalik bildirib yashash Ollohga ham xush keladi. Mehnat qilsak, nonimizni oydek topyapmiz.

Elmira Basitxanova bilan shaxsan tanish emasmiz, ammo u kishining avval ishlagan paytlarida viloyatimizda koʻpgina tadbirlar oʻtkazib, ayollar bilan dildan suhbatlashganlarini, muammolarini yechib berganlarini koʻrganman.  Bu yogʻini yana hayotning oʻzi koʻrsatadi. Olloh Sizlardan rozi boʻlsin!  Rahmat!

Dilbar BEKCHANOVA, jurnalist

Ikkinchi maqola. Bozorchi xola: dardlarimga yolgʻiz bozor malham boʻldi

Hayotning charxpalagi shunchalar beshavqatki, seni ojiza ayol ekanliginga qarab oʻtirmaydi, yelkangga ogʻir vazifalarni yuklaydi.

 Bajarmaslikning esa iloji yoʻq. Chunki yashash uchun kurash mana shu yumushlarni ado etishdan boshlanadi. Gulchexra Ochilova ham hayotda qiynalgan, toʻrtta farzandi bilan turmush oʻrtogʻidan erta ajralgan ayol. Boshiga ogʻir kunlar tushgandan soʻng uyda oʻtirolmadi. Chunki oilani boquvchi, farzandlarning kamchiligini bartaraf etadigan ota yuq. Ikkilanib-ikkilanib qoʻshnilariga qoʻshilib bozorga chiqdi.

Avval ishni osonroq va kam harajat talab etadigan koʻkat sotishdan boshladi. Butun Toshkent orom olayotgan bir vaqtda yaʼni soat ikkilarda dehqonlar bozorga olib kelib xaridorlar-olib sotuvchilarga oʻz mahsulotlarini arzon narxda topshirib ketishadi.

Gulchehra opa har kuni shu tungi bozordan koʻkatlar olib qoladi, tong otguncha alohida bogʻlamlab kun boʻyi koʻchada oʻtgan-ketganga sotadi. Asta-sekin savdo tilini oʻrgandi. Bozorning oʻnqir-choʻnqirini bosib oʻtdi. Keyin ishni kengaytirib, kartoshka va piyoz sotishni yoʻlga qoʻydi. Buning uchun bozordan asta-sekin alohida rasta sotib oladi. Shu zaylda Gulchexra xolaning bozorda yetti yili oʻtib ketdi. Bu orada katta qizini uzatib, oʻgʻliga mashina olishga ham ulgurdi.

– Ertalab sahar turardim. Uxlamagan kunlarim ham boʻlgan, — deydi Gulchexra Ochilova. – Shoshib bozorga ketardim. U vaqtda bolalarim kichik edi. Bozor va uy orasida boʻzchining mokisiday qatnardim. Xudoga shukr hozir bolalarim katta boʻlib qoldi. Oʻzlari turib non-choyini eplaydi. Turmush oʻrtogʻim hayotligida yashash tarzimiz boshqacha edi. Farzandlarimiz bilan sayohatga, kinoteatr va istirohat bogʻlariga borar edik. Hozir mehnatdan ortib, u ishlarga koʻp ham vaqt topavermaymiz. Tirikchilik, roʻzgʻor, bola-chaqa, deb umrimiz oqar suvdek oʻtib ketdi. Ammo hayotimdan nolimayman. Turmush oʻrtogʻim olamdan oʻtganda oz muddat qarindoshlar yashashimiz uchun yordam berib turdi. Qoʻldan berganiga qush toʻymas, deganlari rost ekan. Mahallaga yordam puli  soʻrab chiqib ololmagan vaqtlarim koʻp boʻlgan. Shunda qoʻshni ayollar maslahati bilan savdo ishini oʻrgandim. Uyqusiz tunlarning yugir-yugirlarning keti yoʻqdek edi.  Taqiqlangan joyda narsa sotsak nazoratchilar narsalarimizni olib qoʻyar, oyoq-ostiga olib, sotayotgan mahsulotlarimizni tepkilar, yaroqsiz holga keltirar jimgina  kuzatardik. Kun boʻyi »narsamni qaytarib bering» deb yalingan paytlarimiz ham boʻlgan. Kamsitilish va  xoʻrliklardan bezib »boʻldi, bozorga chiqmayman», deb uyda bekor yotgan vaqtim ham boʻlgan. Ammo oldinda yashash ilinji, orqada farzandlarni kamolga yetkazishdik ogʻir vazifa turgani meni yana bozor tomon yetaklagan. Hayotimda shunday ogʻriqli damlar boʻldiki, uni faqat bozorgina eshitdi, ugina malham boʻldi. Shu bozordagi mehnatim tufayli hozir roʻzgʻorim but, qora qozon qaynab turibdi.

Aslida, ertalab turib, oila davrasida ovqatlanib, bafurja, yaxshi kayfiyat bilan qishda issiq, yozda salqin boʻlgan xonada ishlash zavqli, albatta. Biz buni hamisha baxtli hayot deb orzu qilamiz. Afsuski, ertalab 9:00 da ishga borib, 18:00 da uyga qaytish baxti hamma ayolga ham nasib etavermaydi. Davlat ishida ishlaydigan ayrim ayollar uchun haftada besh kun shu hol takrorlanadi. Bu ayolni sabrga, tartibga oʻrgatibgina qolmasdan, uning yuragida jamiyatga keraklik hissini uygʻotadi. Oʻzligini tanishiga yordam beradi.

Bozorda mehnat qilib, ertalabdan kechgacha tinim bilmasdan, issiqni issiq, sovuqni sovuq demasdan roʻzgʻor uchun, farzandi va oʻzining nasibasi uchun savdo qilishni har kim ham eplay olmaydi. Bu toifadagi ayollarda oilani bolalarni kam qilmasdan yedirib-ichirish, oʻqitish maqsadi kuchli boʻladi, ana shu intilish irodani mustahkamlaydi, sabrli boʻlishga undaydi.Asta-sekin koʻngilsiz boshlagan ishga koʻnikib ketadi.

Hayot sinovi bizni bozorda sinayotgan ekan, bu taqdir. Taqdirdan esa qochib boʻlmaydi. Orqada farzandlar-butun boshli kelajak turibdi. Buni his qilgan ayol birni ikki, ikkini toʻrt qilaman, deb yeladi, yuguradi. Umr esa shu zaylda oʻtib boraveradi.

Dilobar MAMATOVA, jurnalist

Tahririyat nomidan Raʼno Zaripova: Mana ikki  jurnalist fikrini, ikki mulohazani oʻqidik. Koʻrib turibsiz muammo yoʻq emas. Tamorqasini gullatayotgan, oilasidan orttirib oʻz mahsulotini bozorga ham olib chiqa olayotgan ayollarga, patent olib, goʻzal hunari bilan oilasini boqayotgan chevar, mohir hunarmand ayollarga eʼtibor bering. Ular uyda oʻtirib ishlasalarda, hukumatimiz ularga mehnat daftarchasi ochish imkoniyatini berdi.

Balki, bozorchi ayollarning ham haq-huquqlarini himoya qilib, mehnatlarini qonuniy qadrlash  yoʻllarini ham oʻylab koʻrish kerakdir.  Darhaqiqat, bozorchi ayollarning xoridorlar bilan munosabatini, muloqat madaniyatini yuksaltirish lozim. Buning uchun muomala  madaniyatida, xushfeʼllikda  mantiq koʻpligini tizimli tartibda oʻrgatib turish yaʼni malaka oshirish kurslari tashkil etish lozim. Ushbu vazifani tashkil etish uchun bozorlar maʼmuriyati joylardagi xotin-qizlar qoʻmitalari bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslari tashkil etishi kerakdir. Bozorchi ayollar hamisha  el orasida shuning uchun dunyoqarashini kengaytirish, bir-biridan oʻrganib tajriba almashishiga shart-sharoit yaratish lozim. Mualliflar taʼkidlashganidek, muomala madaniyati yuksak  bozorchi ayollar ham yoʻq emas. Bu bizning taklifimiz. Avvalo, har bir kishiga Ollohimning oʻzi insof bersin.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.