Kecha maktablarimizda chalingan soʻngi qoʻngʻiroq ovozidan ustoz- murabbiylar va bitiruvchilarning qalbi oʻzgacha hayajonga toʻldi. Oʻquv yili mobaynida oʻtgan har bir lahza bugun tarixga aylanayotgani ustoz-murabbiylar uchun ham gʻoyat quvonchli va hayajonli voqeadir.
Murabbiy va oʻquvchilar uchun nihoyat quvonchli damlar yetib kelganida, bu yilgi oʻquv yilida jonbozlik koʻrsatgan oʻqituvchilar Xorazm viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi va maktab maʼmuriyati tomonidan munosib mukofotlandi.
Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi 42-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan tadbir ham yorqin xotiralar ichra kechdi. Shu maktabning tajribali ustozlaridan biri rus tili fani oʻqituvchisi Maqsuda Xoʻjamurotova yosh avlodni tarbiyalashdagi koʻp yillik samarali, fidoyi mehnatlari, taʼlim-tarbiya sohasidagi mahoratli tajribalari uchun maktab maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliq bilan mukofotlandi.
Maktab oʻqituvchilar jamoasi va oʻquvchilar ustozni sidqidildan muborakbod etishdi. Murabbiyga havas qilib, kelajakda shu sohani tanlagan oʻquvchilar ustozi haqida va pedagoglik sohasi borasida toʻlqinlanib gapirdilar, minnatdorlik tuygʻularini izhor qildilar. Ustoz-murabbiylar ham yoshlarga oq yoʻl tilashdi.
«Bugungi kun taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasi boʻlib, bitiruvchilarimiz timsolida xalqimiz va Vatanimiz kelajagini koʻramiz»- dedi murabbiy oʻqituvchi Maqsuda Xoʻjamurotova. — Bugungi bitiruvchilar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorlari boʻlishida tilakdoshmiz!
Muhabbat QURBONBOY qizi