Bunyodkorlik loyihalari muhokama qilindi

0
113
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni madaniyat, tibbiyot, savdo va xizmat koʻrsatish inshootlari qurilishiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Avval xabar berilganidek, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida zamonaviy kutubxona barpo etilishi rejalashtirilgan. Uning dastlabki tarxi bir oy avval taqdimot qilingan, bugungi kunda davlatimiz rahbarining tavsiyalari asosida takomillashtirilgan.

Masalan, kutubxona binosining tashqi koʻrinishi yurtimizdagi qadimiy obidalarga uygʻun tarzda loyihalashtirilgan. Ulkan kitob fondini saqlash, mutolaa, madaniy hordiq chiqarish, turli tadbirlar oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jihatlar inobatga olingan.

Taqdimotda kutubxona loyihasi batafsil koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbariga onkologiya va gematologiya shifoxonalarini tashkil etish boʻyicha qilinayotgan ishlar toʻgʻrisida ham maʼlumot  berildi.

Maʼlumki, shu yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorga muvofiq, Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi inshoot qurish belgilangan.

Shu maqsadda Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi hududidan 5 gektardan ziyod yer ajratilgan. Xorijiy tibbiyot muassasalarining ilgʻor tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqilgan. Xususan, bu borada Koreya Respublikasining “Daedong Medical Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 50 dan ortiq konsalting korxonalarini oʻz ichiga olgan ushbu kompaniya Koreya va xorijiy mamlakatlarda 600 dan ortiq muassasalar qurilishida ishtirok etgan.

Prezidentimiz qarori asosida gematologiyani rivojlantirish borasida ham sifat oʻzgarishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi alohida markaz sifatida ajratilib, kelgusi yildan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan mustaqil tarzda faoliyat yuritadi. Bu ikki markaz Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy koʻchasida yangi qurilgan zamonaviy binolarga joylashtiriladi.

Taqdimotda ushbu markazlarni yangi binolarga koʻchirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar qayd etib oʻtildi. Bugungi kunda har ikkala markazdagi barcha xonalar zarur uskuna va mebel bilan jihozlangan. Har bir oʻrin kislorod nuqtalari bilan taʼminlangan. Kunlik 100 qatnovga moʻljallangan ambulator poliklinika va statsionar boʻlimlar tashkil etilgan. Optik tolali internet asosida ishlovchi elektron shifoxona dasturi joriy etilmoqda.

Shuningdek, bu yerda bakteriologik, virusologik laboratoriyalar va vivariy uchun binolar qurilishi rejalashtirilgan.   

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi farmoniga muvofiq, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududida Termiz xalqaro savdo markazi tashkil etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida uning bosh rejasini koʻzdan kechirgan edi.

Umumiy qiymati 75 million dollar boʻlgan ushbu markaz ulkan va koʻp tarmoqli boʻladi. U yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, qariyb 1 million tonna yuk sigʻimiga ega logistika markazi va omborxonalar, 1 ming 600 kvadrat metrlik ekspo markaz, shuningdek, ikkita mehmonxona, xostel, shifoxona, avtomobil ustaxonalari va boshqa obyektlar barpo etiladi.

Markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalari joylashtirilishi koʻzda tutilgan.

Xalqaro savdo markazida maxsus soliq va bojxona rejimi, 10 kungacha vizasiz tartib, “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada ishlab chiqarish ham, savdo ham rivojlanadi. Markazning yillik savdo aylanmasi 500 million dollar, eksport quvvati 200 million dollar boʻlishi moʻljallangan. Bu yerda jami 5 ming 600 dan ziyod ish oʻrni yaratilishi mumkin.

Tadbirda Toshkent shahrida davlat obyektlaridan samarali foydalanish, Namangan viloyatida yoʻl boʻylarida savdo va xizmat shoxobchalari tashkil etish borasidagi rejalar ham muhokama qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.