Butunjahon shaxmat olimpiadasi tarixida ilk eng yuqori natija

0
194
marta koʻrilgan.

Turkiyaning Konya shahrida 16 yoshgacha oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Butunjahon shaxmat olimpiadasining yurtimiz terma jamosi ishtirokchilari 4 dekabr kuni Toshkentga qaytishdi.

Terma jamoa oʻn kun davom etgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu musobaqada dunyoning 39 mamlakatidan 222 nafar sportchi ishtirok etdi. 

Musobaqada Oʻzbekiston sharafini  xalqaro toifadagi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov, xalqaro toifadagi sport ustalari Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, sport ustaligiga nomzod Sitora Saparova  hamda terma jamoa rahbari va murabbiyi, xalqaro grossmeyster Saidali Yoʻldoshevdan iborat  terma jamoa munosib himoya qildi.

Oʻzbekiston terma jamoasi Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha va moldovalik tengdoshlari ustidan gʻalaba qozonib, 9 imkoniyatdan 8tasida zafar quchdilar. 

Mazkur gʻalaba Oʻzbekiston Oʻsmirlar terma jamoasining 16 yoshgacha Butunjahon shaxmat olimpiadasi tarixida ilk eng yuqori natija ekanligini taʼkidlash lozim. Shu davrga qadar Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Butunjahon shaxmat olimpiadasining oltin medalini qoʻlga kiritmagan. 

 Hamisha yetakchi boʻlib kelgan  Rossiya, Eron, Ozarboyjon, Hindiston, AQSH va Armaniston davlatlarining vakillari Oʻzbekiston oʻsmirlar  terma jamoasidan keyingi oʻrinlarni egalladilar. 

J. SAʼDULLAYEV

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.