Buyuk islohotlar, ulugʻvor  oʻzgarishlar sharofati: Bugungi  Urganch 

0
374
marta koʻrilgan.

Bolaligim, oʻsmirligim cobiq sovetlar davrining oxirgi yillariga toʻgʻri kelgan. Har maktabning yozgi taʼtilini anamning (buvim) uyida oʻtkazar edim. Maktabni tugatgach oʻqishga kirdim, Armiyada Buxoroda xizmat qildim, ishga tushdim, ancha yillar u yerga bora olmadim. Togʻam, buvim olamdan oʻtishganida, oxirgi yoʻlga kuzatish uchun Xorazmga bordim. 

Bolaligim oʻtgan koʻchalarni, Urganch shahrini koʻrib lol qoldim. Mamlakatimizdagi buyuk islohotlar, ulugʻvor  oʻzgarishlar, tinchlik osoyishtalik sharofati ekanligini Urganchning yangi qiyofasida chuqur his qildim. Bolaligim oʻtgan koʻchalarning butunlay yangi jamolidan, kichkintoylarga yaratilgan shart-sharoitlardan,  goʻzalliklardan dilim yayradi.

Buvim yashaydigan uyning bir tomoni  Komsomol koʻli(bugungi “Yoshlik koʻli”), bir tomoni Urganch shahrini teng ikkiga boʻlib oqadigan Shovot kanali edi. Amudaryodan Shovotga undan yopga(anhor) undan koʻlga suv oqib kelib koʻldan zeykashga quyilardi. Koʻlga suv quyiladigan joy bolalar choʻmiladigan maskan boʻlib, u temir arganak(panjara-reshetka)lar bilan ajratib qoʻyilgan edi. Bu joy shahar bolalarining sevimli maskani boʻlib, u paytlar shaharda birorta bolalar basseynlari yoʻq edi. Choʻmilish joyidan  kattalar suzib borib kelayotgan orolchalarni tomosha qilardik. Kattalar  orolchadan bolalarga turli xil baqachanoqlar olib kelishardi.  Menga u yer juda sirli tuyulardi.

Bir kuni buvim togʻamga kema olib kelishni topshirdi. Biz hammamiz kemaga minib koʻlni sayr qildik va orolchada toʻxtadik. U yer qum barxanlari, tikanak gullar, yontoq bilan toʻla edi. U yerdan bu yerga kaltakesaklar yugirgilab oʻtib qolar, togʻavachcham Oʻtkir aytganidek  buzovoshlar qumni  yorib chiqib yugirgilab yana qumga singib ketardi. “Bu yerda ilon ham bormi?” soʻrayman qaynoq qumni surib joy ochayotgan togʻamdan. Boʻlishi mumkin bu yerga odam deyarli oʻtmaydiku. Ana u qamishlar orasida boʻlishi mumkin deydi u.

  – Buzovosh chaqadimi?– soʻrayman Oʻtkirdan

  – Yalab ketsa, shishadi va rosa qichishadi,– deydi u.

    –  Ilon va buzovosh odam kelgan joydan qochadi,– deydi meni xotirjam qilish uchun buvim.

Togʻam buvimni qumga koʻmdi va oʻzi choʻmilgani ketdi. Oʻtkir unga ergashdi. Choʻmilgani ham bormasdan buvimning yonida yigʻlab turibman. Xolam boʻlsa ularning boshida soyabon tutib, bemolol kitob oʻqib  oʻtiribdilar.  Men buvimning ilon, chayonlar choʻqishidan qoʻrqib yigʻlab turibman. Soyabon tagiga kir senga bir ertak aytib beraman,–dedi buvim.

Oʻshanda buvim bizga Xiva shahrining mana shunday qumlar ustida bunyod etilgani haqida hikoya qildi. Buvim bilan ziyoratga bir necha marta borgan edim. Ertaksimon muzey shaharning ana shunday qum ustida qurilganiga ishonmadim. Lekin buvimning mayin ovozi, qiziqarli rivoyatlaridan tinchlangan edim.

 

Ana shu ostrovda ulugʻvor oʻzgarishlar boʻlganini eshitib koʻrgani oʻtdim. Oʻsha kimsasiz maskanga buvimlarning uyi yonidan koʻprik qurilgan. Unig yoysimon va chiroyli reshetkalangan joylariga suyanib uzoq-uzoqlarni kuzatdim. Buvimning rivoyatlari qoʻloqim ostida jaranglagandek boʻldi. Bolaligimda qum ustida shahar qurilishiga ishonmagan edim. Biz ostrov deb atavchi orolchadagi ulugʻvor manzarani  koʻrib birinchi bor buvimning haqligiga tan berdim. Orolchaning bittasida mamlakatimizning goʻzal tarixiy obidalari– Xiva, Samarkand, Buxoro, Shahrisabz manzaralari aks etgan boʻlib, yoʻlaklari turfa gullar bilan bezatilgan edi.

Ikkinchi tomonida esa mamlakatimizning togʻli manzaralari yaʼni gʻorni kesib oʻtgan poyezd ifodalangan boʻlib, gʻor ichida ertaklarning qahramonlari tasvirlangan edi. Yana birida esa oʻyingohlar ishlab turardi. Men bir payt qoʻrqqan bu orolchada bolalarning quvnoq tovushlari jaranglab milliy qoʻshiqlar taralardi. Billur buloq suvlari bilan bezangan sharshalarni tomosha qilib paroxod-kafega kirdim. Bu yerda ota-onalari bilan muzqaymoq yeb oʻtirgan bolalarni, koʻzni quvnatadigan manzaralarni zavq bilan tomosha qildim. Oppoq billurdek arkadan chiqib, Shovot boʻylariga yoʻl oldim.

Sharifboy togʻamning koʻp qavatli uyi Shovot kanalining boʻyida joylashgan boʻlib, kanalning eng obod joyi shu yerlar edi. Binoning tepasiga chiqib biz Urganch shahri manzaralarini Oʻtkirbek bilan tomosha qilardik. U paytlar sanoqligina  koʻp qavatli uylar bor edi. Shovotning shiddat bilan oqishi bizga zavq-shavq bagʻishlardi.  U tepadan juda goʻzal koʻrinar edi. Sharifboy togʻam biz bolalarni dam olish kunlari  Shovotga choʻmilishga olib borardi. Biz u yerga tushishga qoʻrqardik, chunki, tez oqardi. Bizni boʻyniga oʻtqazib navbatma navbat suvga olib kirib boʻynida choʻmiltirib, yana chekkaga olib chiqib qoʻyardi. Shovot boʻylari qumlik, tikanaklar oʻsgan, dam oluvchilar tashlab ketgan shishalar bilan toʻla edi. Bir soʻz bilan aytganda qarovsiz edi. Navbatdagi choʻmilishga borayotganda biz Oʻtkir bilan bellashadigan boʻldik Qum qaynab turar oyoq qoʻyib boʻlmas edi.  Kim shu qumlikdan tez yugirib oʻtadi deb bellashdik. Men oyogʻimni kesib oldim. Togʻam oyogʻimni bogʻlab qoʻydi-da meni tinchlantirish uchun Xorazmshohlar davlati, Chingizxonga qarshi kurashgan Jaloliddin Manguberdi jasorati haqida gapirib berdi. Men shunday botir oʻgʻlonni koʻrgim keldi.

– Togʻa Xivaga olib borib koʻrsatib keling,- soʻradim.

– Olib borardimu, u kishiga qoʻyilgan yodgorlik yoʻq,– dedilar.

–Lenin bobo, Pushkin, Maksim Gorkiy, Komonavtlarning haykallari bor-ku ularniki nega yoʻq,- deya ajablandim.

Hozir oʻsha damlarni eslab Shovot boʻyidagi obod manzaralarga qiyoslab qalbim togʻdek yuksaldi. Ravon asvalt yoʻllar, yoʻlaklarga uygʻun charogʻon chiroqlar, ikkala qirgʻoqni tutashtiruvchi zamonaviy koʻpriklar koʻzni quvontiradi. Eng asosiysi bolalikda koʻp eshitganim, men uchun yuksak qahramonlik timsoli boʻlgan Jaloliddin Manguberdi maydoni bunyod etilgan boʻlib, sevimli qahramonimning siymosi qad rostlagan edi.

Yer yuzidagi birinchi qoʻl yozma bizning mamlakatimizga daxldor ekanligini tasdiqlovchi Avesto maydoni, BMTining bu  kitob haqidagi fikrlari Shovot boʻylarini bezab turibdi.

  Bu yerdan oʻtib Al Xorazmiy yodgorligi poyiga borib, allomaga taʼzim bajo keltirdim. Bolaligimda orzu qilgan narsalarni koʻrib koʻnglim yayradi. Xuddi ana shunday qadriyatlarimizga monand qilib obod qilingan Shovot boʻylarini maxsus sayohat uchun qoʻyilgan paroxodda aylanib chiqdim. Shovot boʻylarining obodonlashtirilgani, milliy urf-odatlarga munosib madaniy dam oladigan maydonlar va maishiy xizmat koʻrsatadigan moʻjazgina binolar vujudga kelganligi kishini quvontiradi. Mustaqil Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov taʼkidlaganidek, “Oʻtmishsiz kelajak yoʻq”ligini qalbimga yana bir boy tuydim.

Bir paytlar buvim dugonasini yoʻqlab boradigan temir yoʻl boʻyidagi pastqam, jin koʻchalarni koʻrish uchun shu yoqqa burildim. U koʻchalardan asar qolmagandi. U yer endilikda “Yoshlik” koʻchasi deb atalgan boʻlib, bir-biriga uygʻun zamonaviy uslabda qurilgan hovlilar vujudga kelibdi.

“Yoshlik” sport majmuasi ham shu yerda ishga tushgan ekan. Oʻn gektar yerni egallagan majmuadagi basseynga kirib bolaligimizda shaharda bolalar hovuzi boʻlmaganini esladim. Sport ustasi bolalarning harakatlarini nazorat qilib epchillikka oʻrgatayapti. Bolalarni bellashuvini ham tashkil etib, ragʻbatlantirayapti. Zamon talablariga mos ulugʻvor basseyndan chiqib, badiiy gimnastika bilan shugʻullanayotgan qizlarning goʻzal harakatlarini tomosha qilib, goʻzal shaharga goʻzal harakatlar yarashadi, deb  qoʻyaman.

Milliy kurash yoʻnalishiga kirib  buvim hikoya kilgan Pahlavon Maxmudni koʻz oldimga keltirdim. Insholloh, bu yerdan yana jahonni ezguligi va jasoratidan lol koldirgan Pahlavod Maxmudlar chiqishini tiladim. U yerdan chiqib Olimpiya zahiralari kollejiga kirdim. Oʻquv zallaridan, mashgʻulot maydonlaridan chiqib kelayotgan gurros-gurros bolalarni koʻrib, mamlakatimizning birinchi Prezidenti aytgan “Bolalarimiz bizdan bilimli, kuchli, dono va albatta baxtli boʻlishi kerak degan soʻzlarini esladim. Albatta bugungi yoshlar baxt va saodat quchogʻida. Ayniqsa keyingi ikki yil ichida jahonning sport maydonlaridagi bellashuvlarida mamlakatimiz yoshlarining erishayotgan yutuqlari barcha sohadagi keng qamrovli islohotlarning samarasi desak arziydi.

 Koʻrganlarim, eslaganlarim bizdan “obod va ozod vatan qolsin” degan hikmatli soʻzlarni eslatdi.

 

Javlon SAʼDULLAYEV

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.