Buyuk togʻlar qulamaydi

0
328
marta koʻrilgan.

Barchangizni, bugungi qutlugʻ anjuman, tom maʼnodagi adabiyot bayrami – buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi bilan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan muborakbod etaman. 

Avvalo shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimiz maʼnaviy-maʼrifiy hayotida ulkan voqea boʻldi. Bunga bois, qardosh va qondosh qirgʻiz xalqining buyuk farzandi Chingiz Aytmatovni oʻzbek kitobxoni, oʻzbek xalqi oʻzining oʻz yozuvchisi deb hisoblaydi. Yaqin 50-60 yildan beri buyuk adibning hikoya va qissalari, romanlari dunyoga kelishi bilan ona tilimizga tarjima qilib kelinadi. Shu kungacha Chingiz Aytmatovning Oʻzbekistonda nashr etilgan kitoblari adadi bir milliondan oshib ketgan boʻlsa-da, buyuk adibning asarlarini qayta-qayta nashr etishga yana ehtiyoj tugʻiladi. Chunki Chingiz Aytmatov asarlari, qahramonlari oʻzbek ruhiga yaqin, oʻzbek dardiga, gʻamu tashvishlariga hamohang edi. Oʻz navbatida buyuk adib ham oʻzbekni oʻz ogʻam deb, bovurdoshim deb suyganini, oʻrni kelganda xalqaro minbarlarda turib xalqimizni jasorat bilan himoya qilganini, biz hech qachon unutmaymiz. Shu sababli ham Prezidentimizning ushbu tarixiy Qarorini yurtimizdagi keksayu yosh – hamma birdek mamnuniyat bilan, katta quvonch va iftixor bilan qarshi oldi. 

“Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov nafaqat qirgʻiz eli, ayni paytda butun turkiy mamlakatlar, jumladan, oʻzbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, Oʻzbekistonning ulkan doʻsti edi… Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning oʻlmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda…” 

Bu mazmuni bebaho iqtibos davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 aprelda qabul qilgan qarorida yorqin aks etib turibdi. 

Darhaqiqat, turkiy adabiyotning buyuk siymosi oʻz asarlarida olijanoblikni, mehr-oqibatni, qardoshlikni, birdamlikni, hamjihatlikni tarannum etdi. Birgalikda yaratgan oʻtmishimizni avaylab asrashga, kelajak sari qoʻlni qoʻlga berib, dadil intilishga chaqirdi. Lekin davr, zamon adibga quloq tutmadi. Chingiz ogʻa har safar Toshkentga kelganida ulkan umidlarni koʻngliga tugardi. Chunki u bir kunmas-bir kun bu azim shahar Markaziy Osiyo davlatlariga ezgulikka yoʻgʻrilgan umidbaxsh takliflarni, xushxabarlarni yoʻllashini bilardi va bunga ishonardi ham. 

Bugun Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyoni butkul ijobiy hamkorlik va birodarlikka asoslangan makonga aylantirib yuborganini xalqaro ekspertlar, tahlilchilar, davlatlar rahbarlari, turli mamlakatlarning taniqli shoirlari va yozuvchilari eʼtirof etishmoqda. 

Chingiz Aytmatov hayot boʻlganida hozirgi voqelikdan naqadar quvongan boʻlardi. Balki dunyoni yana bir bor hayratga soladigan asar bitarmidi?! 

Shu yilning 4 – 7 oktyabr kunlari adib tavalludining 90 yillik sanasiga bagʻishlab Qirgʻizistonning Bishkek hamda Choʻlpon ota shaharlarida “Chingiz Aytmatov va bugungi davr tahdidlari” shiori ostida oʻtkazilgan xalqaro Issiqkoʻl forumiga yoʻl olarkanmiz, ana shunday his-hayajonlar koʻnglimizdan kechardi. Oʻttiz ikki yillik tarixga ega anjuman vaqt tegirmonida necha-necha evrilishlarni boshdan kechirmadi. Ammo toʻxtab qolmadi, yaxshilik yalovini baland koʻtarib kelmoqda. 

“Madaniyat — butun insoniyat asrlar davomida bunyod etgan ikkinchi olamdir”, degan edi ulugʻ adib 1997 yilning 16 iyulida Bishkekda oʻtkazilgan Issiqkoʻl forumida soʻzlagan maʼruzasida. 

Olam ichra ikkinchi buyuk olam, yaʼni odamzod oʻzi barpo etgan Buyuk tamaddun binosi, qasri bunyodini asrab qolish, har qanday vaziyatda ham “umumbashariy tafakkur” bilan ish koʻrmoq masalasi bugungi sertahlika dunyoda, ayniqsa, yanada dolzarb muammoga aylandi. Mehru oqibat, oilaparvarlik, tinchlik va totuvlik, odam bolalarining maʼnaviy kamoloti singari yuksak insoniy tuygʻular ham bugungi kunda umumbashariy ahamiyat hamda eʼtiborni taqozo etayotir. Tabiat muhofazasi, Yeru osmon, suv va havo tozaligi, oʻsimlik hamda hayvonot dunyosi Odam Ato va Momo Havo farzandlarining toza hamda musaffo insoniy munosabatiga muhtoj bir paytda, adabiyotning oʻrni, yozuvchining soʻ 
zi suv va havodek zarurligini Chingiz Aytmatovdek ulugʻ adib oʻz ijodi bilan hozir ham isbotlab turibdi. Issiqkoʻl forumida, buyuk adibning oʻzi jismonan ishtirok etmasa-da, uning togʻdek soʻzi yangrab-guldirab turganini anjuman qatnashchilari har qadamda yurakdan his qilib, sezib yurdilar. 

Dunyoning 30 mamlakatidan koʻplab fan va madaniyat arboblari, taniqli adiblar hamda tarjimonlar, noshirlaru muharrirlar ishtirok etgan anjumanda raislik qilgan taniqli olim va adib Usmonoxun Ibrohimov Oʻzbekistondan borgan delegatsiya vakiliga soʻz berishdan avval katta zavqu hayajon bilan chuqur minnatdorlik tuygʻularini izhor etarkan, shunday dedi: 

“Biz Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevdan, oʻzbek xalqidan juda minnatdormiz. Hali boshqa biror-bir mamlakatda boshqa bir millatning adibi toʻgʻrisida davlat rahbarining maxsus qarori chiqqan emas. Ochigʻini aytish kerak, Oʻzbekistonda Chingiz Aytmatov asarlarini bizdan koʻra koʻproq oʻqishadi. Chingiz Aytmatov allaqachon oʻzbeklarning oʻz tugʻishgan adibiga aylanganini chuqur mamnuniyat bilan eʼtirof etish kerak. Yana bir marta minnatdorligimizni qabul qilgaysiz”. 

Aytish joizki, biz bu hurmat va eʼtirofni butun anjuman davomida his etib turdik. 

Dunyo bizni, biz dunyoni oʻzgartiramiz. Buyuk adibning bundan qirq yillar avval aytgan oʻlmas soʻzlari hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotgan emas. Chingiz Aytmatov saboqlari har bir ziyolini, adabiyot ahlini dunyoga xolis nazar tashlab, uning muammolariga ijodkorona yondashib, baqamti yechim topishga undaydi… 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 2 apreldagi tarixiy Qarori ijrosi yuzasidan yurtimizda bir qator tadbirlar amalga oshirildi. 

Oʻzbekiston Milliy Universitetida 2018 yil may oyidan boshlab “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” nomli doimiy ekspozitsiya ochildi. “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” mavzusida davra suhbati, “Chingiz Aytmatov oʻzbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo” mavzusida ijodiy kecha, Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi va Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Chingiz Aytmatov va oʻzbek adabiyoti” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazildi. 

Chingiz Aytmatov qissalaridan iborat 50 bosma toboqli ”Saylanma”si qayta nashr etildi. Adibning “Birinchi muallim” qissasi Asil Rashidov tomonidan tarjima qilindi. Ahmadjon Meliboyevning “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston”, Adhambek Alimbekovning “Chingiz Aytmatov — bovurim”, Yoʻldosh Solijonovning “Ijodning mashaqqatli yoʻli”, Saydi Umirovning “Chingiz Aytmatov — publitsist va munaqqid” nomli ilmiy-badiiy risolalari nashr etildi. 

Yozuvchi asarlari asosida mamlakatimiz teatrlarida “Jamila”, “Oq kema”, “Sarvqomat dilbarim”, “Sohil boʻylab chopayotgan olapar”, “Birinchi muallim” kabi yangi spektakllar sahnalashtirildi. Oʻzbek-qirgʻiz kino ijodkorlari hamkorligida “Sarvqomat dilbarim” nomli badiiy film suratga olindi. 

Kuni kecha esa Toshkent viloyati Parkent tumanidagi 33-maktabda adib byustining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Poytaxtimizning markaziy koʻchalaridan biri Chingiz Aytmatov nomi bilan ataladigan boʻldi. 

Bularning barchasi oʻzbek-qirgʻiz xalqlari oʻrtasidagi madaniy-adabiy qardoshlik aloqalarini mustahkamlashga, ularning maʼnaviy qarashlarini, qadriyatlarini targʻib qilishga ikki xalq madaniyatini yangi, yuksak pogʻonalarga koʻtarishga, shubhasiz ulkan hissa qoʻshadi. 

Benazir adibning soʻnggi romani “Togʻlar ham qulaydi” deb nomlangan. Ulugʻ adibdan tirik va barhayot meros boʻlib qolgan Issiqkoʻl anjumanidan Oʻzbekistonga qaytar ekanmiz, oʻshanda koʻnglimizdan kechgan bir tashbehni hozir ham baralla aytgim keladi: Yoʻq, buyuk togʻlar qulamaydi, Chingiz ogʻa! Ayniqsa, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashuvchi daryodek uygʻoq rahnamolar bor ekan, xalqlarimizning siz yangligʻ, sizning asarlaringiz yangligʻ maʼnaviyat qoyalari poydor va ustuvor ekan — togʻlar qulamaydi! 

Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, 
Xalq shoiri 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.