Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan Samarqand ahliga chuqur hurmatini bildirib, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xalqimiz hayotini yaxshilash boʻyicha viloyatda ham koʻp ishlar qilinayotganini taʼkidladi.
Jumladan, «Obod qishloq», «Obod mahalla» dasturlari doirasida yigirma toʻqqizta qishloq, toʻrtta mahallada qariyb 200 milliard soʻmlik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Oʻtgan yili 1 ming 500 kvartirali 36 ta koʻp qavatli uy, 2 ming 349 ta arzon uy-joy barpo etilib, egalariga topshirilgan. Oltmishga yaqin davlat bolalar bogʻchasi qurilib, 356 ta xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi tashkil etilgan. Sogʻliqni saqlash, ayollarni qoʻllab-quvvatlash, kommunal tarmoqlarni rekonstruksiya qilish boʻyicha ham aniq manzilli ishlar bajarilgan.
Davlatimiz rahbari Germaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik oʻrnatib, Samarqandda «raqamli iqtisodiyot» uchun kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Prezidentimiz viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiyalar jalb etishni faollashtirish boʻyicha galdagi vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.
— Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, investitsiya jarayonini faollashtirib, yangi korxonalar qurish va ish oʻrinlarini koʻpaytirish eng muhim va ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Oʻtgan yili viloyatda 448 ta obyekt ishga tushirilib, 8 ming 700 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan. Lekin Samarqanddek katta salohiyatga ega hudud uchun bu yetarli emas, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda 2019-2020 yillarda amalga oshiriladigan 968 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda yirik sanoat korxonalari tashkil etilishi maʼlum qilindi.
Samarqandning turizm salohiyatidan foydalanish, qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Sessiyada Samarqand viloyatiga hokim tasdiqlash borasidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning tavsiyasi Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Erkinjon Turdimov Samarqand viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqandga tashrifi nihoyasiga yetdi.