Xorazm viloyatining Urganch shahrida 24-26 aprel kunlari “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro anjumani boʻlib oʻtadi. 23 aprel kuni xalqaro tadbirga keluvchilar aeroport va vokzalda tantanali kutib olindi.
–Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tizimiga qarashli mamlakatimizdagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi holati, mavjud muammolar, sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosi va xalqaro tajribalar oʻrganiladi, oʻzaro fikr almashiladi. Bir soʻz bilan aytsak anjuman mahorat maktabiga aylanadi, – dedi anjuman qatnashchisi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva.
– Uch yuz ellikdan ortiq mutaxassis qatnashadigan ushbu Xalqaro tadbirning tajriba almashish uchun katta maydon boʻlishi, respublika miqyosida soha rivojiga amaliy taʼsir koʻrsatishi kutilayapti – dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boʻlim boshligʻi Vohidjon Hamidov.
– Muloqot davomida qishloq aholisining barcha qatlamlarini kutubxona xizmati bilan qamrab olish, uzoq hududlarda istiqomat qiladigan aholi uchun koʻchma kutubxonalar tashkil etish, hujjatlarni elektron yetkazib berish, axborot-kutubxona resurslaridan masofadan turib foydalanishni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilinadi. Yakka va guruhli hamda ommaviy kitobxonlikni tizimli ravishda tashkil qilish, foydalanuvchilar oʻrtasida mutolaa madaniyatini oshirish mavzularida maʼruzalar tinglanadi. Shuningdek, axborot-kutubxona muassasalari va mutaxassislarining imidjini yaxshilash yuzasidan takliflar bildiriladi, – dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova.
Urganch shahri reklama vositalari bilan anjumanga mos ravishda bezatildi. OAV xodimlari anjumanni samarali yoritishlari uchun Xorazm maʼnaviyat va maʼrifat markazi zalida matbuot markazi tashkil etildi. OAVda yoritishga imkoniyatlar yaratilib, informatsion texnika vositalari bilan taʼminlandi. Axborotlarni tegishli joylarga tezkorlik bilan uzatish imkoniyatlari yaratildi.
Urganch tumanidagi – oʻzbek-turkman doʻstlik uyi –Ulli hovliga sayohat uyushtirildi. Ushbu tarixiy maskanning anjumanlar zalida Respublika axborot kutubxona markazlari rahbarlari ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi.
Bugun Xorazm maʼnaviyat va maʼrifat markazida soat 10da anjumanning tantanali ochilishi boʻlib oʻtadi.
Raʼno ZARIPOVA, anjuman ishtirokchisi
Elyor PALVANOV olgan suratlar.