Chiroq ham yondi, koʻngillar ham yorishdi…

0
159
marta koʻrilgan.

Hayotda kutilmagan voqealar, vaziyatlar, tasodiflar ham yuz berib turishi bor gap. Ammo… shu yilning 25 yanvaridagi vaziyatga oʻxshash voqea yurtimizda qachon boʻlgan, aytish qiyin. Ha, Qozogʻiston hududida  elektr tarmogʻida yuz bergan katta nosozlik, avariya sabab uzoq yillar davomida boʻlmagan, kuzatilmagan holat yuz berdi.

Markaziy Osiyo yagona elektr tarmogʻiga ulangan mamlakatimiz elektr tizimi ham ana shu halokatli voqea tufayli, poytaxt Toshkentdan tortib, respublikamizning deyarli barcha hududlari bir vaqtda elektr taʼminotisiz qoldi.

Bu juda koʻplab muammolarni keltirib chiqardi, albatta. Toshkentda yer osti yoʻli—metro toʻxtadi. Elektr oʻchgan vaqtda metroda boʻlgan yoʻlovchilar evakuatsiya qilindi. Hatto  maʼlum muddat aeroportlarimiz faoliyat koʻrsatolmay qoldi. Aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash, issiq suv yetkazib berish, isitish tizimlarida muammolar yuzaga keldi. Aksariyat AYOQShlar ishlamay qoldi. Ayrimlarida uzun navbatlar hosil boʻldi…

Bor yoʻgʻi 5-6 soatlik boring, yarim kunlik kutilmagan vaziyat shuncha tashvish olib keldi. Korxonalar va muassasalarda vaqtincha ish toʻxtadi, goʻyo.

Rosti, yurtimizda bunaqasi hech qachon boʻlmagan edi. Shukrki, vaziyat tez fursatlarda oʻnglangani, aeroportlar ishga tushgani xabar qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov vaziyat shaxsan Prezidentimiz nazorati ostida ekanligi, Oʻzbekiston energiya tizimini barqarorlashtirish hamda elektr taʼminoti va boshqa tarmoqlar ishini tiklash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida deyarli har daqiqa davlatimiz rahbariga axborot berilayotganini maʼlum qildi. Prezident topshirigʻiga binoan elektr energiyasi taʼminotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan, birinchi navbatda, generatsiya jarayonini tiklash hamda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlariga kuchlanish berish orqali isteʼmolchilarning elektr taʼminotini tiklash vazifasi qoʻyildi.

Albatta, bu muammo umummintaqaviy energiya tizimi doirasida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatida kelib chiqqanidan butun xalqimiz oʻz vaqtida xabardor etildi.

Kunning ikkinchi yarmida va kech 24:00ga qadar poytaxt Toshkentda va mamlakatimizning boshqa hududlarida elektr energiyasi taʼminoti bosqichma-bosqich qayta tiklandi.

Elektr energiyasi shu qadar muhim, strategik ahamiyatga molik ekanligini bilardik, bir-ikki soat chiroq boʻlmasa betoqatlanishimiz ham bor gap edi. Lekin mamlakat miqyosida, buning ustiga Markaziy Osiyo­dagi bir nechta mamlakatlarda birdaniga, yaʼni bir vaqtning oʻzida elektr energiyadan mosuvo boʻlib qolishi… bu chindan ham kutilmagan favqulodda vaziyat edi, desak xato boʻlmas.

Aytaylik, shaharlarimizda goho svetoforlarning ishlamay qolishi tez-tez boʻlib turadigan kamchilik. Ammo shu narsa bizda yoʻlovchilarning, avtoulov boshqaruvchi yurtdoshlarimizning  madaniyatini ham koʻrsatadigan omil vazifasini oʻtaydi: svetofor ishlamaydimi, tamom, hech kim, hech kimga yoʻl bermaydi. Hamma zoʻr, hammaning ishi zaril, hammaning vaqti yoʻq. Chorraha — avtomashinalar koʻpkarisi boʻlar edi, baland signallar chalinib kerak boʻlsa, soatlab “probka” hosil boʻlardi-qolardi.

Kecha esa… IIV YHXX xodimlariga rahmat. Ayniqsa, asosiy chorrahalarda “GAI”lar astoydil mehnat qilishdi. Tirbandliklarning, kerak boʻlsa qancha koʻngilsizliklarning oldi olindi. Ha, ularga rahmat, yoʻlda kun boʻyi qatʼiy rejimda transportlar harakatini nazorat qilib  turishning, bunday vaziyatlarda yoʻllarda tirbandliklar yuzaga kelmasligini taʼminlashning oʻzi boʻlmaydi.

 “…Mamlakatimizning ayrim hududlarida elektr taʼminotining favqulodda uzilishi oqibatida, jamoat tartibini saqlash, yoʻllarda tartibni taʼminlash, fuqarolar va ularning mulklariga ziyon yetkazilishini oldini olish tadbirlariga Ichki ishlar vazirligining barcha shaxsiy tarkibi jalb etilgan.

 Hozirgi vaqtda, respublikada mavjud pat­rullik yoʻnalishlariga qoʻshimcha ravishda 6600 dan ziyod yoʻnalishlar tashkil etilib, 1400 dan ortiq maxsus avtotransport va 12 ming nafardan oshiq shaxsiy tarkib xizmat olib bormoqda”, deb bayonot berdi IIV.

Guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, baʼzi odamlar har narsadan bunchalik vahimaga, tahlikaga tushmasa edi. Doʻkonlarda hech kimga kerak boʻlmagan shamlar tala-tala boʻlib ketdi. 5-10 litrlik suvlarni qoʻying, hatto 1 litrlik hajm­­li idishga qadoqlangan suvlar ham talash boʻldi. Hatto aytishlaricha, kimlardir gugurt, un, yogʻ kabi kundalik ehtiyoj mahsulotlarini ham ortiqcha olishga ulgurgani bilan koʻng­­li tas­kin topibdi.

Xalqimizda “Birni koʻrib shukr qil, birni koʻrib fikr qil” degan hikmat bor.

Bu voqea sabab koʻngildan koʻp oʻylar kechadi. Axir bundan hatto 40-50 yil avval ota-bobolarimiz svet, gaz nima ekanligini bilganmidi, koʻrganmidi? Qishning sovuq qora kunlarida oʻchoqda gʻoʻzapoya yoqib, ovqat pishirib, choy qaynatishgan onalarimiz, momolarimiz. Toʻgʻri, u zamonlar oʻtmish. Bugun hamma narsa boshqacha. Shukrki, shunday.

Lekin oʻylab koʻring, bugun ham Yer yuzining qancha joyida chiroq, gaz bormikan?! Yoʻq!

Chunki tinchlik yoʻq, urush, portlashlar ichra oylab, hatto yillab ne-ne balolarni boshidan oʻtkazayotgan millionlab odamlarni oʻylab koʻraylik-a! Demak, hamisha yurtimizdagi tinchlikning, xotirjamlikning qadriga yetishimiz kerak. Yana qancha odamlar oʻzi ishlatgan elektr, gaz haqini toʻlagisi kelmaydi. Bu uchun qancha ijrochilar-u xodimlar sarson.

“Hududgaztaʼminot” AJ esa kecha isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida tabiiy gazdan qarzdorlik uchun avtomatik ravishda oʻchirish vaqtinchalik toʻxtatilganligini maʼlum qildi. Bundan tashqari, gaz isteʼmoli bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgan taqdirda amal qilish lozim boʻlgan yoʻl-yoʻriqlarni bildirdi.

Energetika, Favqulodda vaziyatlar, IIV, Sogʻliqni saqlash, Uy-joy va kommunal xoʻjaligi vazirliklari oʻz yoʻnalishlarida barcha safarbarlik harakatlarini amalga oshirdi.

Yagona umumrespublika protsessing markazi esa UZCARD va HUMO tizimlari ishlashi, moliyaviy operatsiyalarni oʻtkazishda tizimlar tarafidan cheklovlar va uzilishlar yoʻqligini maʼlum qildi.

Shunday boʻlsa-da, ijtimoiy tarmoqlar va ayrim Telegram kanallari uch kun davomida elektr energiyasi boʻlmasligi, yonilgʻi yetishmayotganligi sababli tez orada mobil aloqa ham uzilishi toʻgʻrisida asossiz va yolgʻon xabarlarni tarqatdi.

Yolgʻonning umri qisqa deganlaridek, bu safsatalar oʻrinsiz ekanligi maʼlum boʻldi. Mana, davlatimiz rahbarining irodasi tufayli barcha kerakli choralar tezkorlik bilan koʻrildi. Xalqimizning esa ogʻir va vazmin, mulohazakorlik bilan munosabatda boʻlganligi eʼtiborlidir.

Shunday boʻlsa-da, yuqoridagi fikrlar bilan birga shubhasiz bunday vaziyatlarda hali sohadagi ayrim muammolar ham yanada oydinroq, yanada yaqqolroq koʻrinib qolganini ham inkor qilib boʻlmaydi. Ayniqsa, shifoxonalar, bolalar bogʻchalari, uzluksiz faoliyat olib boruvchi muassasalarning hammasida ham vaqtinchalik, yaʼni maʼlum muddatga elektr ener­giyasi beruvchi maxsus qurilmalar yetishmas ekan. Ayniqsa, chekka hududlarda, tumanlarda.

Tan olish kerak, yaxshiyam Prezidentimizning uzoqni koʻra bilgani, zarur chora-tadbirlar, qancha moliyaviy resurslarni jalb qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlari bois, soʻnggi yillarda energetika tizimida juda koʻp islohotlar, amaliy ishlar qilindi, bir necha elektr stansiyalari qurilib, ishga tushirildi.

Eslaylik, uzoq emas, bundan bor yoʻgʻi 5-6 yil oldin viloyatlarda 15-18 soatlab elektr toki berilmasligi haqiqat edi-ku!

Shubhasiz, endi tabiiy resurslardan foydalanish, muqobil energiya manbalarini rivoj­lantirish yoʻlidagi istiqbolli loyihalarni tezroq qoʻllab-quvvatlash, yoʻlga qoʻyish muhimligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Xayriyat, bosqichma-bosqich ravishda elektr taʼminotidagi uzilishlarga barham berildi. Chiroq ham yondi. Uylarimiz bilan birga koʻngillar ham yorishdi.

Ha, bugun deyarli hamma narsa elektr energiyasiga bogʻliqligi yanada teran ayonlashdi. Hatto oddiy qoʻlimizdagi telefonga quvvat berish uchun ham elektr kerak, bu oddiy haqiqat. Yana bir haqiqat shundaki, shu kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, issiq suv, sovuq suv taʼminotiga daxldor tashkilotlar, “Hudud­gaztaʼminot”, umuman kommunal sohadagi ming-minglab yurtdoshlarimiz, tizimdagi mutasaddilar va boshqa rahbarlar uyqu nimaligini bilishmadi.

Bu tasodifiy sinovlar ertangi kunimizni, ona diyorimizda olib borilayotgan ulugʻ yaratuvchilik yumushlariga aslo soya sololmasligini vatandoshlarimiz amalda isbotlashdi. Eng muhimi, xalq va davlat ana shu kutilmagan, favqulodda vaziyatda, sinovli damlarda birdamligini, oʻzaro ishonch va sobitqadamligini namoyon etdi.

Kezi kelganda taʼkidlash joizki, bu jarayonda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda axborot xizmati xodimlari muhim vazifani ado etishdi. Ular har daqiqada boʻlayotgan voqealar, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida aholiga tezkor va xolis axborot yetkazishdi, mutasaddi idoralar aholiga tavsiya va eʼlonlarni bot-bot tarqatishdi. Natijada xalqimiz oʻrtasida turli mish-mishlar tarqalishiga, vahima uygʻonishiga chek qoʻ­yildi, elektr va kommunal xizmatlar bosqichma-bosqich tiklanayotgani haqida xabardor etib, koʻngillarga taskin berishdi. Aks holda odamlar orasida turli mish-mishlar tarqatib, vahima uygʻotishga shay turgan baʼzi bir panada turuvchi kuchlar vaziyatdan foydalanib qolmoqchi boʻlganligi ham yaqqol sezilib qoldi.

Shu bois kuni kecha Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026 yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz mazkur vaziyat haqida toʻxtalar ekan, ommaviy axborot vositalari vakillari bu jarayonda katta koʻmak berganligini va mutasaddi idoralar xodimlari bilan bahamjihat ish olib borganliklarini alohida taʼkidladi. Shuningdek, davlatimiz rahbari sabr-toqatli xalqimizga, kechagi ekstremal vaziyatda oʻzaro bahamjihat ishlagan barcha tuzilmalar xodimlariga, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari vakillariga oʻz minnatdorligini bildirdi. Bu esa barcha hamkasblarimiz uchun ulkan sharaf.

Olimjon OʻSAROV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.