Hamyurtimiz Oksana Chusovitina bu safar Qatar poytaxti Doha shahrida boʻlib oʻtayotgan jahon kubogi bahslarida ishtirok etmoqda.
Tajribali sportchimiz 23-mart boʻlib oʻtgan bahslarda ham oʻziga bildirilgan ishonchni oqlay oldi va oltin medal sohibiga aylandi. U oʻzining sevimli yoʻnalishi — tayanib sakrash bahslarida 14,433 ball jamgʻarib, shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan oʻrin egalladi. Kumush medal KXDR vakili Pyon Ryo Yongga nasib qilgan boʻlsa, bronza medaliga fransiyalik Kolin Devilard ega chiqdi.
Maʼlumot uchun, Doxadagi jahon kubogida 39 mamlakatdan 160 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Ularning 101 nafari erkaklar oʻrtasidagi bahslarda qatnashayotgan boʻlsa, 59 nafari ayollar oʻrtasidagi musobaqada oʻz omadini sinab koʻrmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Chusovitina oʻtgan haftada Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida oʻtkazilgan jahon kubogi bahslarida oltin va bronza medallari sohibiga aylangandi.