Ctrategik loyihalar elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlanadi

0
68
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 2026 yilgacha quriladigan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan taʼminlash dasturini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiyotiga ulkan hissa qoʻshadigan yirik muassasadir. Prezidentimiz tomonidan kombinatning salohiyatini yanada oshirish, korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish boʻyicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2026 yilgacha qiymati 3 milliard dollar boʻlgan 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan.

Biz oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyganmiz, dedi davlatimiz rahbari. Bu strategik quvvatlar ishga tushishi bilan mamlakatimiz iqtisodiyotiga har yili bir milliard dollardan ziyod qoʻshimcha mablagʻ tushadi, odamlar yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlanadi.

Darhaqiqat, mazkur 27 ta loyihani amalga oshirish natijasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish hajmi 30 foizga oshadi, 30 mingdan ortiq qoʻshimcha ish oʻrni yaratiladi.

Bunday koʻp va yirik korxonalarni qurish hamda uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun qoʻshimcha energiya resurslariga ehtiyoj tugʻiladi. Xususan, 2026 yilga borib Navoiy kon-metallurgiya kombinatining elektr energiyasiga boʻlgan talabi 303 megavattga oshib, 703 megavattga yetadi.
Yigʻilishda kombinatdagi yangi quvvatlarni elektr energiyasi bilan taʼminlashga qaratilgan loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish borasidagi ishlar atroflicha muhokama etildi.

Joriy yil 9 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatining yangi obyektlari, jumladan, 2 ta yirik gidrometallurgiya zavodini elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida alohida dastur qabul qilindi. Unga muvofiq, qiymati 1 milliard 900 million dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Jumladan, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida 2019 yilda umumiy quvvati 510 megavatt boʻlgan 2 ta yangi energoblok qurilib, jami quvvati 1 ming 10 megavattga yetkaziladi. Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 2019 yil va 2023 yilda quvvati 450 megavattdan boʻlgan 2 ta bugʻ-gaz qurilmasi qurilib, stansiyaning jami quvvati 2 ming 258 megavattga yetkaziladi. Bundan tashqari, 10 ta podstansiya va 1 ming kilometrdan ziyod tashqi elektr tarmoqlari quriladi.

Prezidentimiz mazkur ishlarning ahamiyatini alohida taʼkidlab, bu boradagi dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini elektr energiyasi bilan taʼminlashga qaratilgan har bir investitsiya loyihasi boʻyicha “yoʻl xarita”larini ishlab chiqish, ularda loyiha hujjatlarini tayyorlashdan tortib, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan har bir jarayonning aniq muddatlari belgilash zarurligi qayd etildi.

Energetika sohasini 2018-2028 yillarda rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish, bunda qayta tiklanadigan, muqobil energiya manbalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish vazifasi qoʻyildi.

Loyihaoldi hujjatlari va import shartnomalarini tez va sifatli ekspertizadan oʻtkazish, jarayonga chuqur bilimga ega mutaxassislarni jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Bugʻ-gaz qurilmalarini barpo etishni videokuzatuv orqali nazorat qilish, qurilish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, uzatish va isteʼmol qilish jarayonlari xavfsizligini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

“Oʻzbekenergo” kompaniyasiga qurilish ishlariga tarmoq korxonalarini kengroq jalb qilish hamda mahalliy mahsulotlardan foydalanish, buning uchun tizimdagi pudrat tashkilotlarini moddiy-texnik bazasini mustahkamlash topshirildi. 

Mazkur kompaniyani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, loyihalarni xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida moliyalashtirish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.