Oʻzbekiston Prezidentining Farmoniga asosan endi davlat boshqaruvi organlari rahbar lavozimlariga xotin-qizlar tavsiya etiladi. Oʻzbekiston Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Norboyeva bu haqida Feysbukdagi sahifasida maʼlum qilgan edi. Bu xabar aksariyat ayollar tomonidan xursandchilik bilan qabul qilindi.
“Bugungi kunda Qoʻmitamiz tomonidan rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish uchun 3 mingdan ortiq kadrlar zahirasi shakllantirilgan” deyiladi xabarda.
Fevraldan eʼtiboran Prezident huzuridagi Davlat boshkaruvi akademiyasi va uning hududiy boʻlinmalarida oʻquv kurslari joriy qilinadi.
Tanzila Norboyevaning taʼkidlashicha, ushbu uzoq kutilgan yangilik gender tenglikni taʼminlashda jiddiy kadam boʻlib xizmat qiladi.
Qayd etish lozimki, mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 2018 yil dekabrda eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 388 nafar xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
N. Toshpoʻlatova, OʻzA