Davlat byudjeti loyihasi muhokama qilindi

0
91
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlat rahbari mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda ham bosh mezon boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Shu bois kelgusi yilga moʻljallangan davlat byudjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratilgan. Xususan, taʼlim va tibbiyot tizimiga 58 trillion soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz bu mablagʻga qoʻshimcha tarzda yana 12 trillion soʻm ajratish taklifini bildirdi. Chunki hududlardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, kelgusi yilda 55 ta yangi dastur amalga oshirilishi belgilangan.

Jumladan, chekka joylarda 1 ming 600 ta bolalar bogʻchasi tashkil etish, Milliy taʼlim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini taʼmirlash, darsliklarni yangilash hamda kompyuter sinflari ochish kabi koʻplab chora-tadbirlar moʻljallangan.

Oliy taʼlim tizimida ham vazifalar koʻp. Xususan, bakalavr yoʻnalishida davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabalar ijara xarajatlarining bir qismini qoplash koʻzda tutilgan.

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini rivojlantirish hamda hududlarda yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni joriy etishga kelgusi yilda jami 8 trillion soʻm ajratilishi moʻljallanmoqda. Shundan 1 trillion soʻmi onkogematologiya, endokrinologiya, buyrak va jigarni koʻchirish kabi dasturlarga yoʻnaltiriladi. Koronavirusga qarshi emlanganlar sonini 17 million nafarga yetkazish, ehtiyojmand aholiga ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar uchun ham zarur mablagʻ ajratiladi.

Prezidentimiz muallim va shifokorlarning oylik ish haqini bosqichma-bosqich oshirish zarurligini taʼkidlab, buning uchun qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltirishni taklif qildi.

Davlat byudjeti loyihasida hududlar infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham keng oʻrin berilgan. Uy-joylar va ijtimoiy obyektlar qurish, mahallalarni obod etish chora-tadbirlari uchun 26 trillion soʻm ajratilishi rejalashtirilgan.

– Bu sohalarga shu kungacha bunday katta mablagʻ berilmagan. Endi buni tartibli, samarali tarzda joy-joyiga yetkazish kerak. Shuning uchun har bir dastur boʻyicha ajratiladigan mablagʻlarni maqsadli koʻrsatkichlar bilan bogʻlagan holda, elektron nazorat tizimini joriy etish lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Byudjet tizimida moliyaviy nazoratni kuchaytirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Buning uchun temir intizom bilan, davlat xaridlari tizimida oshkoralikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Moliya vazirligiga kelgusi yil 1 yanvardan tenderlarni inson omilisiz oʻtkazish tizimini joriy qilish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, barcha byudjet tashkilotlari buxgalteriyasini toʻliq raqamlashtirish, davlat xaridlari boʻyicha hisob-kitoblarni elektron hisob-faktura orqali amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari byudjet loyihasini mahalliy kengashlar, tadbirkorlar va aholi bilan muhokama qilish, ularning takliflarini Oliy Majlisga muhokamaga kiritish lozimligini taʼkidladi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.