2018 yilning 24 fevral kuni Fargʻona shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Q.Rasulzoda raisligida Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyaning navbatdagi qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda ikki davlat hukumatlari aʼzolari, vazirliklar, idoralar va yetakchi iqtisodiy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ochiq, doʻstona va konstruktiv muhitda oʻtgan samarali muzokaralar davomida delegatsiyalar rahbarlari tomonidan hamkorlikning barcha sohalaridagi Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarining hozirgi darajasiga yuqori baho berildi.
Qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi natijasida oliy va yuqori darajalardagi aloqalar sezilarli faollashdi, hukumat delegatsiyalari samarali almashinuvi yoʻlga qoʻyildi, hukumatlararo komissiyalar majlislari muvaffaqiyatli oʻtkazildi, Dushanbe va Toshkent shaharlarida sanoat mahsulotlari koʻrgazmalari samarali tashkillashtirildi.
Boʻlib oʻtgan uchrashuv doirasida Oʻzbekiston-Tojikiston Davlat chegarasinining ayrim uchastkalar boʻylab oʻtadigan chizigʻi loyihasi koʻrib chiqildi. Qisqa muddat ichida Davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgani qayd etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi chogʻida imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama hujjatlar, bitimlar va shartnomalarni tayyorlash va kelishish kabi oliy darajadagi boʻlajak tadbirlarning tashkiliy va mazmunli jihatlariga ishtirokchilar eʼtibor qaratdilar.
Muzokaralarda Hukumatlararo komissiyaning ikki tomonlama kun tartibidagi barcha mavjud masalalarni koʻrib chiqish va hal qilishda konstruktiv yondashuv alohida qayd etildi.