Davlat rahbarlari Urganchdagi ekskavator zavodida va Xiva gilam kombinatida  boʻldilar

0
176
marta koʻrilgan.

Tojikiston rahbari Emomali Rahmon Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Urganch shahridagi «UzXCMG» qoʻshma korxonasiga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligidagi ushbu korxona 2014 yilda tashkil etilgan. Loyihaning birinchi bosqichida qishloq xoʻjaligi texnikalarini yirik boʻgʻinli yigʻish, ikkinchisida sanoat usulida yigʻish, uchinchisida esa ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi kunda bu yerda 13 xil ekskavator, 10 turdagi maxsus texnika ishlab chiqarilmoqda. Suv xoʻjaligi, qurilish va yoʻl taʼmirlash sohalari uchun oʻta zarur boʻlgan bunday texnikalar ilgari valyuta evaziga xorijdan keltirilar edi. Ehtiyot qismlar taʼminoti va servisda koʻp qiyinchiliklar bor edi.

Qoʻshma korxonaning ishga tushirilishi bu zaruratni hal etish bilan birga viloyatning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, yurtimizdagi irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini oʻz vaqtida bajarish imkonini bermoqda.

Shu kunga qadar korxonada xalqaro standartlar asosida 2 mingga yaqin maxsus texnika ishlab chiqarilgan. Mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshgan. Endi mahsulotlarni chet elga, jumladan, qoʻshni mamlakatlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Ekskavator va maxsus texnikalar buyurtma asosida ishlab chiqarilishi ham mumkin.

Tojikistonlik mehmonlar zavoddagi ish jarayonini, qishloq xoʻjaligi mashinalari va maxsus texnikalarni koʻzdan kechirdi.

Shuningdek, Prezidentlar Xiva gilam kombinatida  ham boʻldilar.

Umumiy qiymati qariyb 22 million dollar boʻlgan ushbu korxona Samarqanddagi “Sam-Antep-Gilam” kompaniyasi tomonidan 2020 yilda tashkil etilgan, oʻtgan yili loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilgan. Kombinatga Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan uskunalar keltirib oʻrnatilgan. 420 ta ish oʻrni yaratilgan.

Bu yerda gilam, polipropilen ip va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Ular AQSH, Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.

Bu yil uchinchi bosqich — akril tolasidan kalava tayyorlash loyihasi amalga oshirildi. Natijada ishlab chiqarish quvvati yiliga 2,2 million kvadrat metrga yetdi. Mahsulotning 45 foizi chet elga sotilishi, yillik eksport 7 million dollardan oshishi kutilmoqda.

Prezidentlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini va shou-rumni koʻzdan kechirdi.

Shu yerda Oʻzbekiston sanoat mahsulotlari ham namoyish etildi. Turdosh tarmoqlar mutasaddilariga tajriba almashish, savdoni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Oʻzbekiston sanoat mahsulotlari tojikistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.