Davlat ulushi boʻlgan korxonalar soni kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi

0
83
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan

Qadrli xalq vakillari!

Yangi yilda iqtisodiy islohotlarning pirovard maqsadi kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishdan iborat boʻladi. Ushbu strategik maqsadlarga hamma uchun teng imkoniyat yaratadigan yuqori iqtisodiy oʻsish hisobiga erishiladi.

Soʻnggi toʻrt yilda iqtisodiyotimizning barcha jabhalariga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida jiddiy qadamlar tashlandi.

Endigi vazifa – chuqur tarkibiy islohotlar orqali uzoq muddatli barqaror oʻsishning poydevorini yaratishdan iborat. Shularni inobatga olib, keyingi yilda quyidagi yoʻnalishlarda keng qamrovli ishlarni amalga oshiramiz.

Birinchidan, kambagʻallikni qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullarni joriy etamiz.

Bir haqiqatni aniq tushunib olishimiz kerak – kambagʻallik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan oʻz-oʻzidan hal boʻlib qolmaydi.

Buning uchun taʼlim, sogʻliqni saqlash, kasb-hunarga oʻqitish, ichimlik suv, energiya va yoʻl infratuzilmasi bilan bogʻliq kompleks muammolarni hal etib borish kerak.

Nima uchun biz “temir daftar”ni joriy etdik? Bundan maqsad – ehtiyojmand aholini toʻgʻri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish.

Kelgusi yildan toʻliq ishga tushadigan “Ijtimoiy reestr”da “temir daftar”dagi barcha maʼlumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda koʻrsatiladi.

Birinchi navbatda, kambagʻal aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli taʼminlashimiz lozim. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda.

Kelgusi yil 1 martdan boshlab, aholining minimal isteʼmol xarajatlari eʼlon qilinadi.

Hukumat ikki oy muddatda ijtimoiy kafolatlarni bir tizimga keltirib, ularni minimal meʼyorlar darajasida bosqichma-bosqich taʼminlash boʻyicha dastur ishlab chiqsin.

“Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha “motivatsiya, koʻnikma va moliyaviy koʻmak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi.

Kambagʻallikdan chiqib ketish uchun eng muhim omil insonning intilishi, oʻz kuchiga tayangan holda, aniq maqsad sari harakati boʻlishi kerak. Shu maqsadda kelgusi yili mahallalarda aholini kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi.

Bunda kasb-hunarga oʻqitilgan har bir shaxs uchun oʻquv markazlariga 1 million soʻmgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard soʻm ajratiladi. Oʻquv kurslarini tamomlab, oʻz biznesini boshlamoqchi boʻlgan fuqarolarga uskunalar xarid qilish uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar beriladi.

Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yoʻnalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shugʻullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratiladi.

Ehtiyojmand aholi bandligini taʼminlashga Bandlikka koʻmaklashish hamda Jamoat ishlari jamgʻarmalaridan 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Pandemiya sharoitida oʻz ishini yoʻqotgan aholini kambagʻallikka tushib qolishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak. Shuning uchun kelgusi yildan boshlab yangicha tizim joriy etiladi. Unga koʻra, vaqtincha ishsizlik nafaqasi 3 barobar (223 ming soʻmdan 680 ming soʻmga) oshiriladi va bunda 6 ta hujjat talab etiladigan eski byurokratik tartib bekor qilinadi.

Kambagʻallikni qisqartirish borasida hududlardagi haqiqiy holatga baho berish, amalga oshirilayotgan ishlar ijrosini nazorat qilish Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida boʻlishi lozim.

Umuman, har bir tuman va shahar hokimi bir oy muddatda oʻz hududida kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqib, uning ijrosi boʻyicha har chorakda mahalliy Kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisobot berib borishi zarur. Bu masala barcha rahbarlarning birinchi darajali vazifasi va ish samarasini baholaydigan asosiy mezonga aylanishi kerak.

Ikkinchidan, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirishda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish kerak.

Hozirgi vaqtda davlat ishtirokidagi korxonalarning aksariyati moliyaviy barqaror boʻlmagani uchun davlatga ogʻir yuk boʻlib qolmoqda. Shuning uchun joriy yildan barcha davlat korxonalarini isloh qilish dasturi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, kelgusi yilda Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Oʻzbekneftgaz, Oʻzbekgidroenergo, Oʻzavtosanoat xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablagʻ jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladi.

Tan olish kerak, mutaxassislarning bilim va malakasi, yirik korxonalarning texnik imkoniyatlari ularni mustaqil transformatsiya qilish uchun yetarli emas. Shuning uchun elektr energetikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, mashinasozlikdagi yirik korxonalar hamda tijorat banklarini isloh qilishga Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda MacKenzie, Boston Consulting Group, Rothschild kabi xalqaro tan olingan kompaniyalar jalb etildi.

2021 yilda strategik ahamiyatga ega boʻlgan 32 ta yirik korxona va tarmoqni transformatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Banklar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish eʼtiborimiz markazida boʻladi. 2021 yilda “Sanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Ipoteka bank”, “Aloqabank”, “Turonbank” hamda “Qishloq qurilish bank”ni xususiylashtirishga tayyorlaymiz. Kamida bitta yirik bankdagi davlat ulushi strategik investorlarga toʻliq sotiladi. Bu borada yetakchi Yevropa banklari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Tarkibiy islohotlarning yana bir yoʻnalishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishdir.

Biz davlat aktivlarini ochiq-oshkora va samarali sotish uchun xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarni jalb etgan holda qator korxonalarni xususiylashtirishga oid keng qamrovli ishlarni boshladik. Kelgusi yilda “Fargʻonaazot” va “Dehqonobod kaliy” zavodlari, “Koka-kola ichimligi” korxonasi, “Bildirsoy” va “Chorvoq” oromgohlari, “Ichan qalʼa” va Hyatt Regency mehmonxonalari, “Poytaxt” biznes majmuasi, alkogol, yogʻ-moy kabi tarmoqlardagi 83 ta yirik korxonadagi davlat ulushi sotuvga qoʻyiladi.

Umuman olganda, davlat ulushi boʻlgan korxonalar soni kelgusi ikki yilda kamida 3 barobar qisqartiriladi.

Uchinchidan, tovar va moliya bozorlarida erkin raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun teng imkoniyatlar yaratish zarur.

Hozirgi kunda elektr energiyasi, gaz, qimmatbaho metallar, mineral oʻgʻitlar, transport xizmatlari kabi yoʻnalishlarda monopol bozorlar mavjud boʻlib, ularda koʻplab muammolar saqlanib qolmoqda.

Shu oʻrinda bir masalaga alohida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Iqtisodiy faollik va aholi daromadlari oʻsgani sayin energiya resurslariga boʻlgan talab ortib boradi. Shuning uchun neft-gaz va energetika sohalaridagi islohotlarni va boshlangan yirik loyihalarni yakuniga yetkazishimiz lozim.

Jumladan, 2021 yilda davlat va xususiy elektr stansiyalari, hamda isteʼmolchilar oʻrtasida elektr energiyasi ulgurji bozorini shakllantirish boshlanadi.

Shuningdek, tabiiy gaz taʼminotida monopoliyani bekor qilib, bozor mexanizmlarini joriy etamiz. Bunda ishlab chiqaruvchi va importyorlarga birja orqali tabiiy gazni sotish, ulgurji isteʼmolchilar esa gazni sotib olish huquqiga ega boʻladi. “Oʻztransgaz” kompaniyasi esa faqat gazni transportirovka qiladi.

Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida uning importiga oʻrnatilgan bojlar bekor qilinadi.

Zargarlik sohasida ham tadbirkorlarga xomashyo sotib olish uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bunda kelgusi yil 1 martdan boshlab kumushni birja orqali ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi oʻrnatiladi.

Avtomobil sanoatida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish va korxonalarga teng sharoitlar yaratish orqali sohada ishlab chiqaruvchilar soni koʻpaytiriladi.

2021 yildan boshlab oziq-ovqat, neft va elektrotexnika kabi tarmoqlarda 73 ta aksiz soligʻi bekor qilinadi.

Yana bir masala – hozirgi kunda davlat xaridlarida atigi 4 foiz tadbirkor qatnashmoqda. Kelgusi yilda 24 ta yirik davlat korxonasiga davlat xaridi boʻyicha ochiq-oshkora talablar joriy etiladi. Natijada mahalliy tadbirkorlarimiz har yili kamida 10 trillion soʻmlik mahsulotlarini ushbu korxonalarga sotish imkoniyatiga ega boʻladi.

Bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va Parlament nazoratida boʻladi.

Toʻrtinchidan, iqtisodiy oʻsishga, avvalo, raqobatdosh sanoat zanjirlarini yaratish hamda bunday loyihalarga investitsiyalarni koʻpaytirish orqali erishiladi.

Harvard universiteti tadqiqotlariga koʻra, mamlakatimiz 50 dan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda barcha imkoniyat va nisbiy ustunliklarga ega. Ayniqsa, neftgaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat hamda “yashil iqtisodiyot” bilan bogʻliq sanoat tarmoqlari iqtisodiyotimiz “drayverlari”ga aylanishi uchun barcha yetarli sharoitlar mavjud.

Bu tarmoqlarda xususiy sektorning tashabbuslari va yangi loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha barcha choralar koʻrilishi lozim.

Hozirgi kunda Gʻozgʻondagi dekorativ toshlar, Namangandagi tayyor kiyim-bosh, Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi Texnopark kabi sanoat klasterlari oʻz samarasini koʻrsatib, shu tizim afzalliklarini namoyon etmoqda.

Hukumat kelgusi yil 1 aprelgacha istiqbolli sanoat klasterlari roʻyxatini aniqlab, ularni jadal rivojlantirish uchun alohida dastur ishlab chiqsin.

Shuningdek, “bojxona hududida qayta ishlash rejimi”da sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish zarur.

Shu bilan birga, investitsiya siyosatini yuritishda davlat ishtirokini pasaytirib, xususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar ulushini oshirish kerak.

Geologiya sohasida joriy yilda 21 ta kon va istiqbolli maydonlar ochiq auksion orqali investorlarga sotildi. 2021 yilda yana 50 ta kon va istiqbolli maydonlar mahalliy va chet ellik investorlarga ochiq mexanizmlar asosida sotiladi.

Bunday ishlarni boshqa yoʻnalishlarda ham davom ettirishimiz kerak.

Umuman olganda, kelgusi yilda 23 milliard dollar qiymatidagi investitsiyalarni oʻzlashtirish zarur. Natijada 226 ta yirik sanoat va infratuzilma obyektlari ishga tushiriladi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2 ta yirik metallurgiya zavodi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida texnogen rudani qayta ishlash zavodi, shuningdek, respublikamiz boʻyicha toʻqimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika tarmoqlarida yuzlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.

Birgina Toshkentdagi Yashnobod texnoparkida yana 11 ta zamonaviy elektrotexnika korxonasi ishga tushirilib, u yerdagi jami korxonalar soni 17 taga va ishlovchilar soni 11 mingtaga yetkaziladi.

Toshkent, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida jami quvvati 760 megavatt boʻlgan yangi elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Qashqadaryo viloyatida umumiy qiymati 3 milliard 600 million dollar boʻlgan, yiliga 1,5 million tonna kerosin, dizel yoqilgʻisi va suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan majmua toʻliq mahsulot berishni boshlaydi.

Beshinchidan, makroiqtisodiy barqarorlik iqtisodiy islohotlarning mustahkam poydevoridir. Shuning uchun kelgusi yilda? inflyasiyaviy targetlash doirasida, narx-navo oʻsishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va Hukumatning asosiy vazifasi boʻladi.

Bu borada global pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Shuning uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida import sohasidagi boj toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi.

Umuman, xalqimiz xotirjam boʻlishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish hamda narx-navo barqarorligini taʼminlash ishlariga ustuvor darajada eʼtibor qaratiladi.

Buning uchun Hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar koʻriladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida boʻladi.

Shuningdek, 2021 yilda iqtisodiyotni kamida 5 foizga oʻsishini, byudjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini taʼminlashimiz zarur.

Kelgusi 2 yilda esa byudjet defitsitini 2 foizdan oshirmaslik boʻyicha Hukumat zarur chora-tadbirlarni belgilashi lozim.

Mana, valyuta bozori erkinlashganiga ham 3 yildan oshdi. Shu davrda erkin valyuta ayirboshlash boʻyicha yurtimizda yetarli tajriba toʻplandi. Endi iqtisodiyotimizning xorijiy valyutaga bogʻliqlik darajasini bosqichma-bosqich kamaytirish kerak.

Shu maqsadda, kelgusi yilda valyuta kreditlari ulushini hozirgi 50 foizdan 45 foizga, yaʼni kamida 2 milliard dollarga pasaytirish lozim.

Kelgusi yilda milliy valyutada chiqariladigan xalqaro obligatsiyalar ulushini hozirgi 25 foizdan kamida 40 foizga oshirish zarur.

Shu bilan birga, kelasi yili banklararo valyuta bozori “onlayn” platformaga oʻtkaziladi va tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning oʻzidan sotib olish uchun imkoniyat yaratiladi. Natijada tadbirkorlar valyutani hozirgidek 4 kunda emas, yarim soatda sotib olishi mumkin boʻladi.

Yana bir masala – hozirgi kunda Oʻzbekistonning davlat tashqi qarzi Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi mezonlariga koʻra, xavfsiz hisoblanadi.

Ayni vaqtda tashqi qarz hisobidan hududlarda amalga oshiriladigan loyihalar bundan buyon mahalliy Kengashlar va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi. Ularning natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikka hisobot berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, davlat nomidan tashqi qarz olish kamaytirilib, investitsiya va infratuzilma loyihalariga koʻproq xususiy kapital jalb etiladi.

Masalan, keyingi yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 40 dan ortiq yirik va oʻrta loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.

Markaziy bank moliya bozorida raqobatni oshirish maqsadida 1 fevralga qadar bank boʻlmagan kredit tashkilotlari toʻgʻrisida qonun loyihasini kiritsin.

Shuningdek, mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʻyicha huquqiy bazani yaratish vaqti-soati keldi. Bunga Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi.

Oltinchidan, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish boʻyicha yanada qulay sharoitlar yaratiladi.

Bir narsani ochiq tan olish kerak, pandemiya davrida iqtisodiyotning barqaror ishlashi uchun tadbirkorlar davlat bilan teppa-teng hissa qoʻshdilar. Shuning uchun barchamiz tadbirkorlarga yelkadosh boʻlib, ularni doimo qoʻllab-quvvatlashimiz shart.

Bu borada ishbilarmonlarning haq-huquqlarini, ayniqsa, xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasi boʻlishi lozim.

Shu bilan birga, ayrim joylarda tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari davom etmoqda. Bu masalada davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilarni maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha Biznes-ombudsmanga vakolat berishni taklif etaman.

Kelgusi yilda “Soliqchi – koʻmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlar uchun ularning biznes hamkorining soliq qarzdorligi haqidagi maʼlumotlarni olish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida 105 ta litsenziya va ruxsatnoma turlari bekor qilinadi, 115 tasi boʻyicha esa tartib-qoidalar soddalashtiriladi.

Pandemiya sharoitida aylanma mablagʻ tanqisligiga duch kelgan tadbirkorlarimiz “oyoqqa turib olishlari” uchun ularga koʻmak berishni davom ettiramiz.

Turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan imtiyozlar kelgusi yil yakunigacha uzaytiriladi.

Shuningdek, 20 mingta tadbirkorning 400 milliard soʻmlik yer va mol-mulk soligʻini toʻlash muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.

Bundan tashqari, 1 milliard soʻmgacha davlat xaridlari doirasida avans miqdori 30 foizga yetkazilib, tadbirkorlar qoʻshimcha 1,5 trillion soʻmgacha aylanma mablagʻlarga ega boʻladi.

Umuman, tadbirkorlikni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni davom ettirish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kelgusi yilda 6 trillion soʻm imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, Hukumat tomonidan Jahon banki bilan birgalikda boshlangan qishloqlarda tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini kengaytirish uchun qoʻshimcha 100 million dollar yoʻnaltiriladi.

Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularning soni qisqartiriladi hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqiladi.

Xabaringiz bor, bundan 4 yil oldin tadbirkorlik subyektlarida tekshirishlar oʻtkazishga moratoriy eʼlon qilgan edik. Buning natijasida oʻtgan davrda tadbirkorlar soni 2 barobar koʻpayib, 400 mingtaga yetdi.

Shuning uchun moratoriy muddatini yana bir yilga uzaytirishni taklif etaman.

Shu bilan birga, Hukumat tomonidan bozorda teng raqobat muhitini yaratish va halol-pok tadbirkorlarni, – takror aytaman – zamonaviy texnologiyalar asosida ishlayotgan vijdonli tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi.

Yettinchidan, kambagʻallikni qisqartirish va qishloq aholisi daromadlarini koʻpaytirishda eng tez natija beradigan omil qishloq xoʻjaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirishdir.

Bunda har gektar yerdan olinadigan daromadni hozirgi oʻrtacha 2 ming dollardan kamida 5 ming dollargacha yetkazish ustuvor vazifa qilib qoʻyiladi. Buning uchun qishloq xoʻjaligiga eng ilgʻor texnologiyalar, suv tejaydigan va biotexnologiyalarni, urugʻchilik, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi yutuqlarni keng joriy etishimiz lozim.

Avvalo, fermer va dehqonlarning yerdan manfaatdorligini oshirish kerak. Manfaatdorlik va adolat boʻlgan joyda albatta oʻzgarish va oʻsish boʻladi.

Bu borada yerdan foydalanish huquqlarini kafolatlash va ularni bozor aktivlariga aylantirish masalasini koʻrib chiqish vaqti keldi. Shuning uchun Hukumat ikki oy muddatda yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish mexanizmlarini joriy qilish boʻyicha taklif kiritsin.

Kelgusi yili barcha viloyatlarda Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.

Bu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urugʻliklarni tanlash bilan bogʻliq muhim xizmatlar koʻrsatiladi.

Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablagʻlari jalb qilinadi.

Suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etiladigan yer maydonlari 5 barobarga koʻpaytirilib, 430 ming gektarga yetkaziladi, 90 ming gektar yangi yerlar oʻzlashtiriladi.

Sakkizinchidan, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari birinchi marta 2020 yil boshida oʻz zimmasiga olgan majburiyat va rejalari ijrosi haqida mahalliy Kengashlar oldida hisobot berdi.

Bugungi kunda ishimizdagi eng katta kamchilik – bilim yetishmasligi, afsuski, barcha sohalarda sezilmoqda. Holbuki, birorta hududni ham, tarmoqni ham, zamonaviy ilm va bilimlarsiz rivojlantirib boʻlmaydi.

Taraqqiy etgan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning 50  foizidan ortigʻi “bilimlar iqtisodiyoti” hisobidan, yaʼni innovatsiyalar va yuqori malakali kadrlar tomonidan yaratilayotgani buni yaqqol isbotlamoqda.

Bundan buyon har bir qishloq yoki mahalla oʻz yoʻnalishi va “oʻsish nuqtalari”dan kelib chiqib, rivojlantiriladi. Buning uchun kelgusi yilda 3 trillion soʻmlik hududlar infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasini tuzishni taklif etaman.

Jamgʻarma mablagʻlari mahalliy Kengashlar takliflariga asosan, infratuzilma loyihalarini qoʻshma moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Shuningdek, 84 ta tuman va shaharda sanoat salohiyatini yanada oshirish uchun 100 ta texnopark, kichik sanoat zonalari, hududiy klaster va maxsus logistika markazlari tashkil etiladi.

Kelgusi yilda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini zarur infratuzilmalar bilan taʼminlash uchun 1,6  trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Hukumat hududlarda 130 ming kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformatorni bosqichma-bosqich yangilash dasturini kelgusi yil 1 aprelga qadar tasdiqlashi zarur.

Shuningdek, 5 mingdan ortiq taʼmirtalab koʻprikni tiklash boʻyicha dastur qabul qilinadi. Bu ishlarga 2021 yilda 400 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Yana bir muhim masala – soʻnggi 3 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqlar qiyofasi tubdan oʻzgardi.

Lekin, pandemiya tufayli ushbu yoʻnalishdagi ishlarimizni vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlgan edik. Hukumat bir oy muddatda 2021 yil uchun “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlasin. Ushbu dasturlarni respublika va mahalliy byudjetlar tomonidan teng ulushlarda moliyalashtirishni nazarda tutsin.

Xalqaro moliya institutlari ham mazkur dasturda ishtirok etish uchun 270 million dollar yoʻnaltirish istagini bildirdi.

Hududlarning rivojlanishi uchun muhim omillardan biri – ularning oʻrtasida transport aloqasini taʼminlash. Qisqa qilib aytganda, barcha aholi punktlaridan poytaxtimizga, eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan oʻzaro bogʻlangan transport tarmogʻini yaratishimiz lozim.

Shu maqsadda, Hukumatga keyingi yil 1 martdan boshlab, ichki turizm yoʻnalishlaridagi aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish va aviachipta narxining bir qismini, byudjetdan qoplab berish tizimini joriy etish vazifasi yuklanadi.

Shuningdek, bir qator hududiy aeroportlar davlat-xususiy sheriklik asosida tashqi boshqaruvga beriladi.

Keyingi yilda 2 ta tezyurar poyezd harakati yoʻlga qoʻyiladi, Buxoro – Urganch – Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish boshlanadi.

Aholi punktlari oʻrtasidagi, ayniqsa, qishloqlarni tumanlar markazlari bilan bogʻlaydigan uzluksiz avtobus qatnovlari xususiy sektorni jalb qilish orqali koʻpaytiriladi.

Toshkent shahrida yerusti metrosining 12 kilometrlik ikkinchi bosqichi foydalanishga topshiriladi. Shu tariqa yerosti va yerusti metro liniyalari yaxlit tizim sifatida bir-biriga ulanadi.

Turizmni rivojlantirish boʻyicha 2021 yilda ham izchil islohotlarni davom ettiramiz. Ayniqsa, ziyorat turizmi va ichki turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor beriladi.

Shuningdek, turizm obyektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash uchun byudjetdan 1  trillion soʻm ajratiladi.

Toʻqqizinchidan, kelgusi yil aholining ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi. Nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos “ijtimoiy modeli”ga bosqichma-bosqich oʻtiladi.

Muhtoj aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Bu imkoniyatdan qariyb 50 ming nafar yurtdoshimiz foydalanishi mumkin boʻladi.

Ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha olib borayotgan ishlarimiz koʻlami yanada kengaytiriladi. Bunda 27 mingta yoki bu yilgiga nisbatan 2,5 barobar koʻp oilaning ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badallarini toʻlash va kredit foizlarini subsidiyalash uchun 2,4 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Oʻninchidan, yangi eksport bozorlariga chiqish Hukumatning eng asosiy vazifalaridan biri boʻlib qoladi. Kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga aʼzolik masalasi hamda Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli hamkorlik boʻyicha ishlarni faollashtirish lozim.

“GSP+” tizimi doirasidagi imtiyozlarni mamlakatimizda samarali qoʻllash uchun alohida dastur ishlab chiqish kerak.

Oʻzbekiston yaqinda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini oldi. Ushbu tashkilotga aʼzo boʻlgan davlatlar bozorlarida toʻlaqonli ishtirok etish uchun milliy texnik tartibga solish meʼyorlarini ularning talablariga moslashtirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish zarur.

Kelgusi yilda korxonalarga xomashyo sotib olish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 100 million dollar ajratiladi. Eksport qiluvchilarga chet elda savdo uylari va doʻkonlar ochish hamda reklama xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Umuman, Hukumatga kelgusi yilda tovar va xizmatlar eksportini kamida 20 foizga oshirish vazifasi topshiriladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.