Chirchiq — Toshkent viloyatining eng yirik shaharlaridan biri. Hudud rivojlangani sari aholi soni ham ortib bormoqda. Shaharning Shodlik mahallasida qurilgan 4 ta 16 qavatli uy aholining oʻsib borayotgan talabini taʼminlashga qaratilgan. Ularda jami 288 xonadon boʻladi. Toʻrtalasi ham shu yil foydalanishga topshiriladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
17 ta xonadon nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, 15 tasi oʻz sohasida alohida oʻrnak koʻrsatayotgan yosh oilalarga ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilishning borishi bilan tanishdi.
Shu yerda Chirchiq shahrini rivojlantirish boʻyicha bosh reja muhokama qilindi. Yangi turar joylar qurish, eski uylarni renovatsiya qilish, boʻsh turgan binolardan samarali foydalanib, Toshkent shahridagi ayrim ishlab chiqarish korxonalarini shu yerga koʻchirish hamda yangi loyihalarni joylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
— Chirchiqni innovatsion, investitsion shahar qilish mumkin. Shuning uchun hamma binolarni inventarizatsiyadan oʻtkazish kerak. Bu yerda hamma infratuzilma bor. Avtomobil va temir yoʻllarning oʻtkazuvchanligini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish kerak. Qulaylik yaratilsa, aholi ham, ishbilarmonlar ham keladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Chirchiq shahar issiqlik taʼminot korxonasini ham borib koʻrdi.
Chirchiq shahrida jami 14 ta qozonxona bor. Shulardan biri 1957 yilda qurilgan. Bu qozonxona ochiq tizimda ishlaydi. Yaʼni, shahar ichimlik suvi tarmogʻidan suv olib, uni isitib, xonadonlarga tarqatadi. Bu ortiqcha suv va gaz yoqilgʻisi sarfini yuzaga keltirayotgan edi.
Shu bois bu yerda Turkiya texnologiyasi asosida yangi qozonxona barpo etilmoqda. Loyihaning qiymati 16 million dollardan ziyod boʻlib, Jahon banki krediti asosida moliyalashtiriladi.
Yangi qozonxonaning quvvati 75 megavatt boʻladi. Qurilish ishlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Modernizatsiya natijasida shaharda 24 kilometr issiqlik quvuri tortilib, 175 ta koʻp qavatli uy, 19 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik tizimi bilan sifatli taʼminlanadi. 12 million metr kub tabiiy gaz, 3,4 million kilovatt elektr energiyasi, 300 ming kub suv tejaladi. Atmosferaga chiqayotgan 4,7 ming tonna gaz ushlab qolinadi.
Shu yerning oʻzida viloyatda elektr energiyasi, issiqlik, ichimlik suvi taʼminoti hamda shaharlarda kommunal xizmatlarni yaxshilash boʻyicha rejalar taqdimot oʻtkazildi.
Prezident Chirchiq shahriga tashrifi chogʻida Iftixor mahallasiga kirib koʻrdi. Koʻp qavatli uylarda yashayotgan odamlar bilan suhbatlashdi.
— Chirchiq bir paytlar dongʻi ketgan shahar edi. Oxirgi vaqtlarda ancha «charchab» qolgandi. Tegirmon navbati bilan degandek, endi bu yerda ham hamma sharoitlarni yaratamiz. Sanoatni koʻtarish, ish joylari ochish, yoʻlni, issiqlik taʼminotini yaxshilash boʻyicha katta ishlarni boshlayapmiz, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev hududdagi muammolarni, aholining talab va istaklarini soʻradi. Tadbirkorlik qilmoqchi boʻlgan yigitga yer ajratish boʻyicha shahar hokimiga koʻrsatma berdi. Prezidentni koʻrishni orzu qilib, davlat rahbari oldiga chiqqan bolani bagʻriga bosib suratga tushdi.
Prezidentimiz shu yerdagi Lola mahallasida ham boʻldi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oila xonadoniga kirib, hol-ahvol soʻradi.
Yoʻl-yoʻlakay mehnat faxriylari bilan samimiy suhbat boʻldi. Ular mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, Chirchiq shahridagi oʻzgarishlardan mamnun ekanini aytib, duolar qildi.