Davlatimiz rahbari Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishdi

0
111
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 yanvar kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, korxonalar faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Shahar markazidagi Islom Karimov koʻchasida Oliy Majlis Senati uchun  6 qavatli eski bino tubdan rekonstruksiya qilinib, qoʻshimcha obyektlar qurilmoqda. Bugungi kunda muhandislik tarmoqlari montaj qilinyapti.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ishlarni koʻzdan kechirdi va bu yerda qulayliklarni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

– Parlamentimiz faol ishlayapti. Majlislar paytida bitta qonun loyihasi soatlab muhokama qilinadi. Shuning uchun ishtirokchilarning harakatlanishi, salomatligi, yoshi bilan bogʻliq har bir jihatni eʼtiborga olish, shunga yarasha qulaylik yaratish zarur. Zalga quyosh nuri tushib tursa, kayfiyatga, ishga yaxshi taʼsir qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi binoda delegatsiyalar bilan uchrashuvlar, matbuot anjumanlari, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ham barcha sharoit yaratiladi.

Zargarlik mahsulotlari butun dunyoda xaridorgir. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga besh-olti foizga oʻsayotgani, tovar aylanmasi 250 milliard dollardan oshayotgani uning ulkan eksport salohiyatidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda koʻp yillar bu tarmoq eʼtibordan chetda qolgandi. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish toʻxtagan edi. 

Davlatimiz rahbari yaqinda poytaxtimizning Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Gold Moon Tashkent” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurdi.

Loyihani amalga oshirish uchun  qariyb 21 million AQSH dollari jalb etildi. Italiya, Germaniya va Turkiyaning zargarlik tarmogʻida yetakchi hisoblangan firmalaridan zamonaviy asbob-uskunalar keltirildi.

“Gold Moon Tashkent” MCHJ direktori oʻrinbosari Hikmat Mahmudovning aytishicha, turli xildagi tayyor va yarim tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishga 200 dan ortiq usta-zargar jalb qilingan. Ishlab chiqarish jarayonida italiyalik dizayner va texnik xodimlar zargarlarga oʻz mahorat sirlarini oʻrgatmoqda. 

Loyiha toʻliq amalga oshirilgach, qimmatbaho metallar va toshlardan yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi. 

Zavodga xomashyo mamlakatimizdagi yirik togʻ-kon sanoati korxonalaridan birja savdolari orqali sotib olinadi. Zargarlik buyumlari “Fonon” brendi ostida bozorga chiqariladi. 

Davlatimiz rahbari korxonadagi ishlab chiqarish jarayonini koʻzdan kechirib,  xodimlar bilan muloqot qildi. 

– Zargarlik xalqimizda azaldan boʻlgan, bugun ham bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bizning maqsadimiz – yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga oʻrgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan taʼminlash, Oʻzbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qoʻli gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy anʼanalarni tiklash, oʻzligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor.

Korxona anʼanaviy oʻzbek zargarlik buyumlarini Yevropa va Italiya dizayni bilan yanada boyitish, asillik darajasi va sifatini kafolatlash, tillaga ishlov berish usullarini koʻpaytirish orqali noodatiy taqinchoqlar ishlab chiqarish, oltin va kumush yombilar savdosini yoʻlga qoʻyish, Hindiston, Afrika va Shri-Lankada ishlov berilgan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlardan foydalanib, taqinchoqlar yasashni maqsad qilgan. 

Bugungi kunda mahsulotlarga xaridor koʻpayib, import oʻrnini bosmoqda. Mahsulotlar Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Mazkur zargarlik buyumlari korxonasi ishlab chiqarish hajmi boʻyicha Markaziy Osiyodagi yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari yangi majmua – Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi qurilish ishlari bilan tanishdi. 

Yurtimizdagi tabiiy sharoit buyrak kasalliklarini keltirib chiqarish omillaridan biri. Masalan, oʻtgan yili surunkali buyrak kasalligi bilan 118 mingdan ziyod bemor dispanser kuzatuvida boʻlgan. Ularning 23 ming nafarida surunkali buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan, 5 mingdan ziyodi gemodializga muhtojlik sezgan. Bu kabi muammolar davolashning zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish zaruratini qoʻyayotgan edi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida qurilayotgan tibbiyot markazi shu boradagi ishlardan biridir. Bu joy ilgari Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi edi. Uning eskirgan binosida gemodializ olish uchun oʻrinlar soni ehtiyojdan bir necha baravar kam, aholiga sifatli nefrologiya yordami koʻrsatish imkoniyati ancha cheklangan edi.

– Yurtimizda nefrologiya rivojlanmagan. Ayniqsa, hududlarda klinikalar ham, mutaxassislar ham yetishmaydi. Koʻpchilik bemorlar shifoxonaga kasallikning oxirgi bosqichida kelyapti. Shuning uchun, avvalo, odamlarning bu boʻyicha bilimi, xabardorligini oshirish kerak. Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda ham shifoxonalar tashkil etib, bu markaz bilan onlayn bogʻlash, tarmoqqa aylantirish, tizimli profilaktika ishlarini yoʻlga qoʻyish zarur, – dedi Prezident.

Hududlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlarni ushbu markazda oʻqitib, malakasini oshirish, davolanish uchun moddiy imkoniyati yoʻq bemorlarni davlat himoyasiga olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Besh qavatli davolash korpusi 170 oʻringa moʻljallangan boʻlib, bu yerda transplantatsiya, gemodializ, reabilitatsiya, ekstrakorporal detoksikatsiya, buyrak autoimmun kasalliklari, intensiv nefrologiya, bolalar va kattalar reanimatsiya boʻlimlari, shuningdek, nefrologiya va gemodializ, buyrak transplantatsiyasi mutaxassisliklari kafedralari, poliklinika, dorixona joylashadi. Barcha boʻlimlar yuqori texnologik tibbiy uskuna va jihozlar bilan taʼminlanadi.

Ikki qavatli yana bir binoda 60 ta kattalar va bolalar gemodializ apparatlari oʻrnatiladi. Ahamiyatlisi, markazda birinchi marotaba bolalar gemodializ xizmati yoʻlga qoʻyiladi.

Markazdagi qurilish-taʼmirlash ishlari natijasida bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish sifati va qamrovi oshadi. Ambulator va statsionar tartibda 100 dan ortiq tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, yiliga 60 mingdan ortiq gemodializ muolajalari, 150 ta noyob buyrak koʻchirib oʻtkazish kabi yuqori texnologik amaliyotlar bajariladi.

Tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining 7 ta kafedrasi shu yerda faoliyat yuritadi. Bu nefrologiya sohasida “taʼlim – amaliyot – ilm-fan” integratsiyasini taʼminlashga xizmat qiladi. Ilgʻor xorijiy tibbiyot markazlari bilan birgalikda yangi davolash texnologiyalari va standartlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etiladi.

Shuningdek, mazkur muassasa boshqa ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, hududlardagi shifoxonalar bilan hamkorlikda aholini muntazam ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazib boradi.

Prezident Yunusobod tumanidagi “Yangibogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Tumandagi mahallalar faollari bilan muloqot boʻldi. Koʻp qavatli uylarga sifatli xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish, ichki yoʻllarni taʼmirlash, maishiy xizmatlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari, Yunusobod tumani mahalla raislari, yoshlar bilan muloqot qildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri joriy etilayotgan mahallabay ishlash tizimi yuzasidan axborot berdi.
Mahalla raislari oʻz takliflarini aytdi. Davlatimiz rahbari bu boʻyicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.