DEPUTAT FIKRI: Yangi Oʻzbekistonda yoshlarimiz kelajagiga eʼtibor

0
302
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz rahbari qayerda soʻzlamasin, maʼruza qilmasin har doim taʼlim, tarbiya masalasiga alohida toʻxtaladi. Chunki taʼlim, nafaqat yoshlar kelajagi, balki oʻtmishimiz, mentalitetimiz, buyuk qadriyatlarimiz bilan ham bogʻliq.

Davlatimiz rahbari “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri bilan suhbatida ayni shu yoʻnalishga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. “Hozirgi kunda yosh avlod vakillarining bilim olishi, ilm-fan, innovatsiyalar, adabiyot, sanʼat va sport sohasidagi isteʼdod va salohiyatini yuzaga chiqarishi, ularning jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga ustuvor ahamiyat bermoqdamiz”, deb taʼkidladilar.

Yoshlar — keng koʻlamli islohotlarimizni samarali amalga oshirishda hal qiluvchi kuch boʻlib maydonga chiqmoqda. Aynan zamonaviy bilim olgan, ilgʻor kasb-hunarlarni, innovatsion texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan oʻgʻil-qizlarimiz mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishda yetakchi oʻrin tutadi.

Tarixdan bizga maʼlum, ilm-fan sohasida buyuk kashfiyotlarni amalga oshirgan, umumbashariy tafakkur rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimizning meroslariga sodiq farzandlarimiz kelgusida oʻzlarining bilim va yangicha gʻoyalari asosida koʻzlagan maqsadlarimiz sari bormoqda.

Davlatimiz rahbarining “Yurtimizda yangi xorazmiylar, fargʻoniylar, beruniylar, ibn sinolar, mirzo ulugʻbeklar, navoiylarni tarbiyalab yetkazish – nafaqat vazifamiz, balki tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchimizdir” degan soʻzlari barchamizning oldimizga qoʻygan maqsadimiz boʻlib qoladi.

Keyingi besh yilda oliy taʼlimga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, joriy yilda 182 ming nafar yoshlar uchun talaba boʻlish imkoniyati yaratildi. Bu umumiy qamrov 28 foizga yetdi, deganidir. Bu borada davlat grantlari 21 mingtadan 47 mingtaga koʻpaytirilgani, oʻtgan yilgi tajribamizni yangi bosqichga koʻtarib, ehtiyojmand oilalarga mansub 2 ming nafar qizlarga bu yil oliygohlarga kirish uchun alohida grantlar ajratilgani yoshlarimiz kelajagini taʼminlashga qaratilgan eʼtiborning amaldagi namunasidir.

Mamlakatimizda uzluksiz milliy taʼlim-tarbiya tizimining barcha bosqichlarini uygʻun va mutanosib rivojlantirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Hozirgi vaqtda yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan gʻoya asosida maktab taʼlimi tizimida ham katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashgan maktablar soni koʻpayib bormoqda.

Ayniqsa, navqiron oʻgʻil-qizlarimizning tadbirkorlik sohasidagi gʻoya va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish, ularni ish va daromad manbai bilan taʼminlashga davlat miqyosida katta ahamiyat berilganligi har bir yoshni kelajakka ishonch bilan dadil qadamlar tashlashga undamoqda.

“Bilasizmi, dunyodagi davlatlar, xalqlarning rivojlanish darajasini koʻrsatadigan mezonlar, parametrlar koʻp. Lekin men uchun shu boradagi eng muhim mezon — bu yoshlarimizning baxti, kamolidir” dedi Prezidentimiz. Bu bildirilgan ishonch, yaratilgan sharoit va qaratilayotgan eʼtiborni masʼuliyat bilan anglagan har bir yosh, albatta, ularning ijrosi uchun ham labbay deb javob beradi.

Tursinoy MURATOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.