Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 30 iyun kuni Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasini katta hayajon va qiziqish bilan tingladik. Ushbu nutq har galgidek, chin qalbdan, yurakdan chiqdi.
Unda yoshlar hayotining barcha jabhalariga oid masalalar, muammo, ham qiyinchiliklar roʻy-rost oʻrtaga tashlandi. Eng muhimi, muammolar yechimi boʻyicha muhim takliflar ilgari surilib, ularni hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Davlatimiz rahbari bildirgan takliflar chuqur asoslanganligi bilan barchaning eʼtiborini tortdi.
Ushbu nutq tom maʼnoda tarixiy boʻldi, deyishga asoslar yetarli. Unda keyingi paytlarda kelajagimiz egalari boʻlgan oʻgʻil-qizlarimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi – “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” hayotga tatbiq etilayotgani natijasida oʻtgan 8 oy mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgani tilga olindi. Bu shuncha odam ishli boʻldi, daromad manbaiga ega boʻldi deganidir.
Davlatimiz rahbari bundan buyon har qanday investitsiya loyihasining bosh maqsadi, avvalo, yoshlar bandligi masalasini hal etishga qaratilishini, bu hamma joyda oʻzgarmas qoidaga aylanishini aytib, yoshlarni ish bilan taʼminlash, zarur kasb-hunarlarga oʻrgatish uchun joylarda hokimlar va sektor rahbarlari masʼul va javobgar boʻlishini bildirdi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, mehnat bozorida faol va aniq maqsadga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bugun aslo kechiktirib boʻlmas vazifalardan sanaladi.
Shu nuqtai nazardan yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Bu orqali shu yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʻm, kelgusi yilda esa 500 milliard soʻm mablagʻ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qolishi kutilyapti.
Hozirgi kunda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ishlar ham tizimli ravishda olib borilmoqda. Birgina shu yilning oʻzida 92 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun, 2 trillion 300 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilgani, hududlarda tashkil etilgan 186 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”dagi 3 mingta loyiha doirasida yoshlarimiz uchun 50 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Bu yil mamlakatimizda maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qoʻyadi. Buning uchun har oʻquv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini taʼminlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilishi shuncha yigit-qizlarimiz uchun katta imkoniyat boʻldi.
Chunonchi, dasturda har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, qanchasini ish bilan taʼminlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish belgilanadi. Bu esa yoshlar bilan ishlash boʻyicha “bandlik”, “innovatsiya” va “investitsiya” dastur boʻlib xizmat qiladi.
Umuman olganda, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni munosib ish bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish dolzarb masala sanaladi. Bu borada yoshlarga yaqindan koʻmak berish, sohaga oid bilim va koʻnikmalarini oshirish biz xalq vakillari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Demak, masalaga jiddiy kirishib, yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlashimiz lozim.
Abdulla ROʻZMETOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi