Deputatlar muhokamasidagi  dolzarb masalalar

0
105
marta koʻrilgan.

Soʻnggi kunlarda yurtimiz fuqarolarini oʻylantirayotgan, tashvishga solayotgan eng jiddiy masala, shubhasiz, maktablarda navbatdagi oʻquv yili qachon boshlanishi va uning shakli qanday boʻlishidir. Toki biz tanlagan oʻqitish usuli farzandlarimiz uchun eng xavfsiz, eng ishonchli boʻlish bilan birga ularning bilim olishida barcha sharoitlar mukammal yaratib berilishi va belgilangan vazifalarining ijrosi toʻliq nazoratga olinishi lozim.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi mazkur dolzarb masalaga bagʻishlanib onlayn tarzda oʻtkazildi. Sessiya kun tartibida poytaxtimizdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlarini bosqichma-bosqich tiklash, pandemiya sharoitida taʼlim berish jarayonini sanitariya-epidemiologiya talablari asosida sifatli tashkil etish chora-tadbirlari qizgʻin va munozarali muhokama qilindi.

Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi A. Mamadjanovning pandemiya sharoitida poytaxtimizdagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquv jarayonlarini bosqichma-bosqich tiklash boʻyicha oʻquvchilarning ota-onalari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalari yuzasidan axboroti tinglandi.

Misol tariqasida, birgina Sergeli tumanida joriy yilning 25-26 avgust kunlari 45 885 nafar (97,4%) ota-onalar oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomadagi “Maktablar oʻz faoliyatini sentyabr oyidan anʼanaviy  shaklda tiklashini istaysizmi?” – savolga 30 425 nafar  ( 66,3%) ota-ona “xa” deb, 15 460 nafar (33,7%) “yoʻq” deb javob bergani, shu bilan birga ular tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilingan va nazoratga olingan xolda darslarni oʻtkazish boʻyicha fikrlar bildirib oʻtilganligini taʼkidlashimiz mumkin. 

Shu bilan birga, deputatlar tomonidan ayni paytda sohada mavjud muammo va kamchiliklarga xam jiddiy eʼtibor qaratilib, tegishli tavsiya va takliflar taqdim etildi. Jumladan, shu kungacha xalq taʼlimi tizimi va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik mutlaqo yoʻlga qoʻyilmaganligi, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida mavjud boʻsh oʻrinlar uchun tanlovlar oʻtkazish bilan bir qatorda nodavlat taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda oʻqituvchilarni jalb qilish boʻyicha memorandumlar tuzish choralarini koʻrish vazifasi berildi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 19-Fayziobod okrugi deputati T. Matibayev tomonidan bugungi kunda koʻplab maktablarda issiq suv yoʻqligi, pandemiya davrida, ayniqsa kuz-qish mavsumida bu masalaga aloxida eʼtibor qaratilishi va bu holatni yechimi yuzasidan oʻz takliflarini bildirib oʻtdi.

Mazkur muammoni hal etishda mahalliy byudjetning qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan unumli foydalangan holda, Kengashning Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi Xalq taʼlimi xamda Toshkent shahar moliya bosh boshqarmasi  bilan birgalikda Toshkent shahridagi mavjud maktablarga issiq suv bilan taʼminlashda sovuq suvni isitib beruvchi zamonaviy uskunalarni oʻrnatish boʻyicha smeta xarajatlari yuzasidan takliflar kiritilishi belgilandi.

Yigʻilishda shuningdek, deputatlar, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ota-onalarning 2020 yil 14 sentyabr kunidan boshlab barcha sanitariya-epidemiologiya talablarini inobatga olgan holda Toshkent shahridagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yangi 2020/2021 oʻquv yilini boshlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi xamda pandemiya sharoitida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sanitariya-epidemiologiya xizmatining asosiy talablari etib belgilandi.

Sessiya yakunida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan  Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi joriy yilning 12 sentyabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga hisobot kiritishi lozimligi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Hayotxon QOʻChQOROVA, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.