Deputatlar va yoshlar uchrashuvi

0
147
marta koʻrilgan.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning yangi davrida yoshlarning faolligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, zamonaviy dunyoqarash, bilim va koʻnikmaga ega yoshlar safini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu maqsadlarni oʻz vaqtida va tizimli ravishda amalga oshirilishini taʼminlash uchun Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari, Davlat dasturlari, chora-tadbirlar qabul qilinib, amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Qayd etish joizki, ayniqsa, «Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da bu boradagi ishlar koʻlami yanada kengaymoqda. Bunda yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb etish, ularning muhim tashabbus va takliflaridan qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonlarida foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu nuqtai nazardan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar va yoshlarning muntazam oʻtkazib kelinayotgan uchrashuvlari oʻsib kelayotgan avlodning siyosiy ongini yuksaltirish, qonun ijodkorligi sohasidagi tushunchasini kengaytirish, eng muhimi, parlament va deputatlar korpusi faoliyati haqida bilimini boyitishda amaliy jihatdan har tomonlama foydali boʻlmoqda.

2021 yil 1 mart kuni oʻtkazilgan ana shunday uchrashuvda deputatlar, quyi palataning Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi aʼzolari hamda Toshkent davlat yuridik universitetining professor oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda yoshlarga Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Ular quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar, komissiyalar hamda deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Tadbir davomida yoshlarga qonun loyihalarini ishlab chiqish, ularning Qonunchilik palatasida dastlabki tarzda koʻrib chiqilishi hamda loyihalarni yalpi majlis muhokamalariga tayyorlash va qabul qilish jarayonlari xususida soʻzlab berildi.

Muloqotlar jarayonida talabalar tomonidan berilgan savollarga xalq vakillari atroflicha javob qaytardilar. Oʻz navbatida, boʻlgʻusi huquqshunoslar tomonidan parlamentarizm va qonun ijodkorligini rivojlantirish, bu jarayonda yoshlarning faol ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan qator takliflar ham ilgari surildi.

Shuningdek, talabalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlislar zallari hamda muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Manbaa: parliament.gov.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.