Axborot va ommaviy kommunikatsiyalari agentligi tomonidan hududiy boshqarmalar qoshida tashkil etilgan “Dialog maydonchasi” platformasiga 2022 yilning avgust oyida jami 13 ta murojaat kelib tushgan. Ularda koʻtarilgan masalalar boshqarmalar huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari tomonidan tezkor ravishda muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingan, zarur tushuntirish va tavsiyalar berilgan.
Viloyatlar kesimida tahlil qilganda eng koʻp murojaat Qashqadaryo viloyatida kelib tushgan: 8 ta. Xususan, fuqaro Turdiyeva Qutlugʻnigor platformaga ogʻzaki tarzda gazetaga maqola chiqartirishda yordam soʻrab murojaat qilgan. Viloyatning “Oltin zamin” gazetasiga soʻralgan maqola chop etilib, masala ijobiy hal etilgan. Shuningdek, fuqaro Doniyorov Abdulla jurnalistika kurslarida oʻqish uchun, Haydarova Dilafroʻz “Koʻkdala” tuman gazetasini tashkil etishda, Qorayev Sherxon elektron jurnal ochishda, Narzullayeva Husniya “Temir daftar”da roʻyxatda turishini aytib koʻzini operatsiya qilishda yordam soʻrashgan. Murojaat qilgan fuqarolarning barchasiga «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida»gi Qonunga muvofiq tushuntirish va amaliy koʻmaklar berildi.
Sirdaryo viloyati FVB matbuot kotibi Sulaymonov Davron “Sirdaryoliklar” telegram kanalida surishtirilmagan va asossiz axborot joylangani yuzasidan murojaat qilgan. Ekspertlar va kanal admini ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda har bir axborotni tegishli soha masʼullaridan aniqlik kiritib joylash tushuntirildi.
Surxondaryo viloyati “Dialog maydonchasi” platformasiga kelib tushgan ikkita murojaat ham “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi “Surxondaryo va surxondaryoliklar” kanali administratori S.Shoymardonov tomonidan yoʻllangan. Ularning bittasi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan Termiz shahrida foydalanishga topshirilayotgan yangi obyektlarning ochilish marosimiga Oltinsoy tumanida faoliyat yuritayotgan blogerlarni ham taklif qilish boʻlsa, yana biri Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi bilan muloqot tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish masalasi boʻlgan. 2022 yilning 3 sentyabr kuni Sherobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda avtobus tashkil etilib, Oltinsoy, Denov, Uzun, Sariosiyo va boshqa tumanlarida faoliyat yuritayotgan jami 18 nafar blogerning tumanda yangi foydalanishga topshirilgan 29-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosining tantanali ochilish marosimiga ishtiroki va shu kuni tadbir davomida Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi bilan blogerlarning muloqoti taʼminlangan.
Toshkent viloyati boʻyicha fuqaro Odilova Diloromdan ishga joylash masalasida kelgan murojaat ham tegishli boshqarmalarga yoʻnaltirish bilan ijobiy hal etilgan.
Xorazm viloyatida OAV muharriri, Xorazmliklar.Uz ijtimoiy tarmoqdagi sahifada blogerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi Karimov Farruh davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir soʻrov bilan murojaat qilgan. Fuqaroga Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan huquqlar haqida maʼlumot berilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Samarqand va Fargʻona viloyatlari hududiy boshqarmalari qoshida tashkil etilgan “Dialog maydoncha”lariga 2022 yil sentyabr oyi mobaynida murojaatlar kelib tushmagan.
Agentlik har bir murojaatga alohida eʼtibor bilan yondashishda va koʻtarilgan masalalarni oʻz vakolati doirasida qonuniy hal etish choralarini koʻrishda davom etadi.
Manbaa: AOKA sayti.
Tahririyatdan: Yaxshi tajriba va samarali hisobot ekan. Ushbu usulni barcha davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrgansa arziydi, deb hisoblaymiz. Oshkoralikni va «inson manfaatlari – oliy maqsad» shiorini oʻzida aks ettiradi.