«Diplomli mutaxassislarning hammasida ham pedagogik koʻnikma va bolalar psixologiyasi boʻyicha yetarli bilim yoʻq» — vazir oʻrinbosari

0
299
marta koʻrilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchilarni malaka talablariga muvofiq tanlash, oʻqitish usullarini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari ishtirok etdi.

Oʻqituvchilarning maoshlari 2,5 baravarga oshirilgani, ularning mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha hujjatlar imzolanayotgani qayd etildi.

Jumladan, «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qarori qabul qilingani aytildi.

Mazkur qarorga koʻra, endilikda xalqaro olimpiada gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi:

1-oʻrin (oltin medal) uchun — 500 (111,5 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 450 baravar (100,35 mln soʻm);

2-oʻrin (kumush medal) uchun — 300 (66,9 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 250 baravar (55,75 mln soʻm);

3-oʻrin (bronza medal) uchun — 200 (44,6 mln soʻm), oʻqituvchisiga — 150 baravarida (33,45 mln soʻm).

Taʼkidlanishicha, taʼlim sifatini taʼminlash uchun oʻqituvchilar oʻz bilimi va koʻnikmalarini oshirib borishi talab qilinadi. Vazirlik tomonidan oʻqituvchilar bilimini aniqlash maqsadida Sirdaryo viloyatida test sinovlari oʻtkazilgan. Hozirda test jarayonlarida Surxondaryo viloyati oʻqituvchilari ham ishtirok etmoqda. Bu kabi sinovlar bosqichma-bosqich barcha hududlarda tashkil etiladi.

«Mazkur imtihonlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad oʻqituvchilar bilim darajasini aniqlash va natijalarga koʻra oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha treninglar oʻtkazish rejalashtirilgan, — dedi Xalq taʼlimi vaziri birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov. — Yana bir yangilik: bundan keyin Respublika taʼlim markazi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari, shuningdek, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlaridagi umumtaʼlim fanlari boʻyicha «metodist» lavozimi oʻrniga «mentor» lavozimi joriy etiladi. Mentorlar oʻqituvchilarga koʻmakdosh boʻladi, ularning bilim va koʻnikmalarini oshirishga yordam beradi».

Alisher Umarovning soʻzlariga koʻra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab xalq taʼlimi muassasalari rahbarlari uchun davriyligi 3 yildan iborat, oʻqituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibini bosqichma-bosqich joriy etish koʻzda tutilgan. Malaka toifasi boʻlmagan oʻqituvchi kasbiy litsenziya olganidan soʻng uning mehnatiga haq toʻlash shartlari ikkinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilarga tenglashtiriladi.

«Tajriba shuni koʻrsatyaptiki, oliy oʻquv yurti diplomiga ega mutaxassis har doim ham maktabda dars berishga tayyor boʻlmaydi, — dedi vazir birinchi oʻrinbosari. — Misol uchun, mutaxassisda pedagogik va bolalar bilan ishlash koʻnikmasi yoʻq. Bolalar psixologiyasini bilmaydi. Natijada oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida turli nizolar kelib chiqmoqda».

Litsenziyalash tartibi joriy etilishi malakali, bilimli, pedagogik mahoratga va psixologik bilimga ega oʻqituvchilarni tanlash imkonini berishi maʼlum qilindi. Bildirilishicha, litsenziyaga ega boʻlgan oʻqituvchilarning maoshlari bunday hujjatga ega boʻlmagan mutaxassisga qaraganda yuqoriroq boʻladi 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.