Dizayn maktabini rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi

0
61
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indenim Textile” klasterining Termiz shahridagi toʻqimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu korxona 2019 yil ishga tushirilgan boʻlib, uning umumiy qiymati 10 million dollardan ziyod. Germaniya, Yaponiya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan ilgʻor texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 800 turdagi 9 million dona kiyim-kechaklar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Ularning bir qismi eksportga, asosiy qismi ichki bozorga – “Indenim” doʻkonlariga yetkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini, mahsulotlarni koʻzdan kechirdi.

— Yurtimizda toʻqimachilik xomashyosi bor, mahsulotlar sifati ham yaxshilanib borayapti. Faqat bizda dizayn maktabi yoʻq. Hozir dunyoda uslublar tez oʻzgarayapti. Kiyim korxonalarimiz raqobatbardosh boʻlishi uchun dizayn maktabini rivojlantirish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, mutaxassislarni Italiya kabi dizayn sohasi taraqqiy etgan mamlakatlarga tajriba uchun yuborish boʻyicha koʻrsatma berildi. Shuningdek, bozorni oʻrganish va prognozlashtirish, bu borada tadbirkorlarga koʻmaklashish zarurligi taʼkidlandi.

Korxonada monomarkaz tashkil etilgan, ishchilar avval shu yerda oʻqitiladi. Bugungi kunda 800 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlangan.

“Indenim Textile” klasterining paxta yetishtirish va qayta ishlash, ip-kalava tayyorlash, kiyim ishlab chiqarish hamda sotish zanjiri yaratilgan. Ularda jami 9 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotir.

Davlatimiz rahbariga korxonaning istiqboldagi rejalari haqida maʼlumot berildi. Kelgusida mato toʻqish va boʻyash, kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Buning uchun umumiy 55 million dollar investitsiya yoʻnaltiriladi. Natijada yana 10 mingta yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.