Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyat boshqarmasining axborot markazida viloyatda faoliyat olib borayotgan blogerlar uchun seminar-yigʻilish oʻtkazildi.
“Xolis va noxolis axborotlar: Ularni tarqatishda qonuniylik, fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar” mavzusidagi tadbirni boshqarma boshligʻi D.Bekchanova olib bordi va maʼruza qildi.
– Boshqarma qoshida “Blogerlar klubi” ning tashkil etilganligi bilan barchangizni tabriklayman. Blogerlik sharafli shu bilan masʼuliyatli faoliyat. Bu xalq dardi, el tashvishlari bilan yashash demakdir. Buning uchun milliy qonunchiligimizni ham, jurnalistika etikasini yaʼni odobini ham bilish kerak. Jamoatchilik bilan ishlash masʼuliyatini his qilish lozim. Mana koʻrib turibman xorazmlik blogerlarning aksariyati yoshlar. Ular jurnalistikaga oid koʻp narsani oʻrganishi kerak. Shuning uchun dastlabki tadbir — seminar-yigʻilishni samarali oʻtkazish maqsadida “Mahorat darslari”ni ham tashkil qildik. Bundan keyin blogerlar uchun mahorat darslari muntazam oʻtkaziladi. – dedi D. Bekchanova. U blogerlar klubining maqsad va vazifalarini atroflicha tushuntirdi.
Milliy axborot sohasining liberallashtirilishi aholining media savodxonligini oshirish, davlat va jamiyat orasida ochiq konstruktiv axborot almashinuvini faollashtirish, ommaviy axborot vositalari yordamida jamoatchilik nazorati tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilganligini keng sharhlab berdi. Blogerlar faoliyati fuqarolarning axborot huquqlari, shaxs, davlat va jamoatchilik axborot xavfsizligining buzilishiga olib kelmasligi lozimligini huquqiy hujjatlar asosida tushuntirdi.
– Bugungi kunda eng dolzarb muammolardan biri – internet tarmogʻi orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy tarqatilishidir. Qonun doirasida faoliyat koʻrsatayotgan va oʻz chiqishlari bilan nafaqat maʼnaviy, balki muayyan masalalarda jamiyatga moddiy naf keltirayotgan faol blogerlar bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborotlarni tarqatish messenjerlaridan fuqarolarning shaxsiga doir huquqlarini qoʻpol ravishda buzgan holda foydalanish holatlari koʻplab uchrayotganligi ham sir emas. Albatta bu milliy qonunchiligimizni OAVlariga daxldor huquqiy hujjatlarni bilmaslik tufayli boʻlyapti,- deya taʼkidlandi D. Bekchanova.
Shuningdek, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maʼlumotlar, materiallar, feyk xabarlar va umuman, ishonchsiz axborotni har qanday shaklda tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi mumkinligi ishtirokchilarga tushuntirdi.
Seminarda qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda masʼuliyat aniq belgilanganligi va buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga, jamiyatda oʻz mehnati tufayli taʼsir kuchiga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar maʼmurlari yaxshi his etishlari lozimligi taʼkidlandi. Chunki, jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar koʻpligi kundan kunga oshib bormoqda. Seminar ishtirokchilari – blogerlarga amaldagi qonunchilik meʼyorlariga rioya etishlari shart ekanligini tushuntirildi.
Boshqarma tomonidan tayyorlangan “COVID-19” mavzusida “Ogʻzibirchilikda hikmat koʻp”, “Biz kuchlimiz” nomli videoroliklar, “Axborot tarqatuvchilarga” loyihasi doirasida “Mualliflik huquqi himoyada”, “Tilga eʼtibor-elga eʼtibor” nomli roliklar, axborot-planshetlari namoyish qilindi.
Tadbir davomida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Xalqaro “Oltin qalam” mukofoti sohibi, “Kuch adolatda” gazetasining viloyatdagi muxbiri Abdulla Sobirov blogerlar bilan “Mahorat darsi”i, “Istiqbolli avlod” markazi rahbari Salomat Matkarimova “Odam savdosiga qarshi kurash-hammaning ishi” mavzusida suhbat oʻtkazdi.
Yigʻilishda tashkiliy masala ham koʻrildi. Ijtimoiy tarmoqlarda «Xorazm News» nomi bilan faol ish olib borayotgan Sherzod Rahmonov “Blogerlar klubi” raisi qilib saylandi. Ishtirokchilarning savollariga javoblar berildi. Takliflar oʻrganildi.
Seminar- yigʻilish karantin qoidalariga amal qilinib, ijtimoiy masofani saqlagan holda tashkil qilindi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyat boshqarmasi Axborot xizmati