Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan 2017 yil 3 avgust kuni Toshkent shahrida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi “Adabiyot va sanʼat, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz maʼnaviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” deb nomlangan maʼruzasida ilgari surilgan takliflar va gʻoyalar ijodiy tashkilotlar tarixida yangi davrni boshlab berdi. Xususan, Prezident tomonidan yirik korxonalar va ijodiy tashkilotlar oʻrtasida Doʻstlik klublari tashkil etish gʻoyasi ilgari surilgani, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga Respublika Tovar-xom ashyo birjasi homiy qilib biriktirilgani uyushma faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim omil boʻldi, deya xabar berdi Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Axborot xizmati.
Oʻtgan vaqt davomida uyushma va birjaning masʼul vakillari oʻrtasida oʻzaro muloqotlar uyushtirilib, jurnalistlar malakasini oshirish, soha xodimlari oʻrtasida oʻtkaziladigan tanlovlar gʻoliblarini ragʻbatlantirish, Uyushma va uning “Hurriyat” gazetasi tahririyati va Milliy matbuot markazining kompyuter texnikalari va axborot tizimlariga texnik xizmat koʻrsatish, faxriy jurnalistlarni qoʻllab-quvvatlash borasida hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Ushbu vazifalarga va Uyushma ustavida koʻzda tutilgan boshqa maqsadlarga Birja tomonidan 400 million soʻm ajratildi. Joriy yilning 25-27 oktyabr kunlari Respublika Tovar-xom ashyo birjasi homiyligida ehtiyojmand 15 nafar OAV fahriylari holidan xabar olinib, ularning har biriga 300 ming soʻmlik 15 xil oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Bu anʼana bundan keyin ham davom ettiriladi.
Bundan tashqari, Respublika tovar-xom ashyo birjasi bilan Oʻzbekiston Junalistlari ijodiy uyushmasining “Doʻstlik klubi”ning “Doʻst bilan obod uying” veb-sayti ishlab chiqildi, ayni paytda saytni yoʻlga qoʻyish, materiallar bilan boyitish ustida ish olib borilmoqda.
Doʻstlar klubi ishchi guruhining yigʻilishida shular haqida soʻz yuritilib, oʻzaro hamkorlik doirasida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan navbatdagi ishlar haqida fikrlashib olindi. Yigʻilishni Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov olib bordi.
Yigʻilish kun tartibidan uyushmaning hududiy boʻlimlariga moddiy-texnik koʻmak berish, bemor, ehtiyojmand jurnalistlarga yordam koʻrsatish va boshqa masalalar oʻrin oldi. Taʼkidlanganidek, “Doʻstlik klubi” maqsadli reja asosida Uyushmaning viloyat boʻlimlari bilan ham ish olib boradi va ularga ham homiylik yordamlari koʻrsatiladi. “Doʻstlik klubi” tashkil etilishi uyushmaning ijtimoiy hayotimizdagi oʻrni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jurnalistlarning ijodiy salohiyatlarini roʻyobga chiqarish, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, munosib ish va turmush sharoiti yaratib berish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Unga binoan Ijodiy kengashlar ishida faol qatnashgan jurnalistlar, tegishli mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash yoʻlga qoʻyiladi. Taniqli hamkasblarimizning ijodiy kechalari oʻtkaziladi. Yosh iqtidorli jurnalistlarning birinchi kitoblari bepul chop etiladi. Mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan tub islohotlar mazmun-mohiyati chuqur ochib berilgan, zamonamiz qahramonlari obrazlari aks ettirilgan publitsistik maqolalar toʻplamlari nashr etiladi. Jurnalistlarimizning chet ellarga ijodiy safarlari moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi.
Yigʻilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Surat muallifi: Sholaziz ShOXIDOYEV