Xitoyning Shanxay shahrida karatening WKF yoʻnalishi boʻyicha Premyer-liga musobaqasi oʻz yakuniga yetdi. Uch kun davom etgan mazkur musobaqa terma jamoamiz uchun omadli yakunlandi.
Turnirning birinchi kunida hamyurtimiz Dostonbek Otabolayev -75 kg vazn toifasida final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgandi. Karatechimiz bugun oltin medal uchun eronlik Bahman Asgʻariga qarshi jang qildi.
Murosasiz kechgan bahs Otabolayevning 1:0 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi va yurtdoshimiz musobaqaning oltin medaliga sazovor boʻldi.
Premyer-liga musobaqasi Tokio Olimpiadasiga reyting ochkolarini taqdim etadigan yirik turnirlardan biri boʻlib, ushbu gʻalabadan soʻng sportchimiz oʻz hisobidagi Olimpiada reyting ochkolarini 900 taga koʻpaytirib oldi.