Dunyo eʼtirofidagi «Sharq taronalari»

0
292
marta koʻrilgan.
Xalqlarni yaqinlashtirish, oʻzaro doʻstlik, madaniy-maʼrifiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda musiqa sanʼatining oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Mamlakatimizda ikki yilda bir oʻtkaziluvchi «Sharq taronalari» xalqaro festivali chin maʼnoda istiqlolning neʼmati boʻlib, jonajon Oʻzbekistonimizning xalqaro miqyosdagi obroʻsi va nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan, eng yaxshi ijrochi va jamoalarning hamkorligiga keng yoʻl ochayotgan, betakror musiqamizni jahonga tanitayotgan ijodiy loyiha sanaladi.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 26 fevraldagi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori mazkur sanʼat bayramini yuksak saviyada, joʻshqin va koʻtarinki ruhda oʻtkazish uchun muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.
 
Festival dunyo xalqlari oʻrtasida hamkorlik va hamjihatlikni mustahkamlash, musiqa sanʼati anʼanalarini asrash va rivojlantirish, madaniyatlararo muloqotni kuchaytirishga qaratilgan ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etgan. YUNYeSKO tomonidan musiqa olamining yirik forumi sifatida eʼlon qilingan bu anjumanni jahon musiqiy jamoatchiligi, sanʼat ixlosmandlari eng yirik ijodiy loyiha deya eʼtirof etadi.
 
Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi va boshqa tashkilotlar festivalga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda. «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
 
Tadbir doirasidagi “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etish uchun 14 davlatdan 21 olim, 23 davlatdan 52 nafar OAV vakili, 37 mamlakatdan 65 masʼul-mehmon (menejerlar, festival direktorlari, mutaxassislar), 19 davlatdan 20 nafar xalqaro hayʼat aʼzosining roʻyxati shakllantirildi.
 
Festivalning tantanali ochilish marosimi dasturi loyihasi tayyorlanib, daslabki repetitsiya mashgʻulotlari poytaxtimizdagi “Turkiston” sanʼat saroyida olib borildi va 19 iyul kuni 214 nafar ijodiy xodim Samarqand shahriga yuborildi. Aytish joizki, festivalga eng sara, repertuari mukammal boʻlgan badiiy ashula va raqs jamoalari jalb etilmoqda.
 
Registon maydonida tadbir uchun sahnaning montaj ishlari yakunlangan, tomoshabinlar joylashadigan amfiteatrda jihozlash ishlari olib borilmoqda. Oʻzbekiston sanʼat arbobi, festival bosh rejissyori Bahodir Yoʻldoshev boshchiligida ochilish marosimiga tayyorgarlik davom etmoqda.
 
Festival doirasida “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya qatorida maxsus davra suhbati, taqdimot va mahorat darslari oʻtkaziladi. Shuningdek, badiiy koʻrgazmalar, milliy musiqiy cholgʻular namoyishi, Samarqand shahri boʻylab va unga tutash tumanlarga sayohat tashkil etiladi.
 
Nazokat USMONOVA, OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.