Dzyudo boʻyicha sarhisob: Yakunlanayotgan yilda M. Yoʻldoshev va D. Keldiyorova eng yaxshi sportchi deb topildi

0
95
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining 2023-yil sarhisobiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

 Tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi rahbariyati, shuningdek, Ilias Iliadis boshchiligidagi dzyudochilar va murabbiylar shtabi ishtirok etdi.

Unda mazkur yilda qayd etilgan natijalar hamda yangi yil rejalari koʻrib chiqildi. Tadbir avvalida federatsiya Bosh kotibi Azizjon Sobirov ushbu yil amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobot berdi. Hisobotga koʻra, turli yosh toifalaridagi xalqaro musobaqalarda 99 ta oltin, 72 ta kumush va 149 ta bronza medallari qoʻlga kiritilgan. Shuningdek, mutaxassis dzyudo maktablarining faoliyati va ushbu sport ommaviyligini oshirish boʻyicha qilinayotgan ishlarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Anjumanda Yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov yurtimiz dzyudochilari yanada yuqori natijalarga erishishiga ishonch bildirdi. MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov oʻz soʻzida Oʻzbekiston dzyudochilar terma jamoasini “Milliy sport mukofoti-2023” taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi terma jamoasi” nominatsiyada gʻolib chiqqani bilan qutladi.

Anjumanda mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov 2023 yil oʻzbek dzyudosi uchun muvaffaqiyatli oʻtgani, xususan, birinchi bor jahon chempionatida 4 ta medal qoʻlga kiritilgani, Osiyo oʻyinlarida ilk bora 3 ta oltin medal jamgʻarilgani, sportchilarimizning 12-yillik tanaffusdan keyin “Masters” turnirida oltin medalni qoʻlga kiritishgani, poytaxtimizda “Katta dubulgʻa” turniri, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida Osiyo kubogi va qitʼa birinchiligi yuqori saviyada oʻtkazilganini taʼkidladi. Shuningdek, davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan 2024 yil bundan ham katta yutuqlarga erishish maqsad qilinganini bildirdi.

Tadbir yakunida musobaqalarda saralangan sportchilar  taqdirlanishdi. Unga koʻra, jahon chempionatining bronza, Osiyo oʻyinlarining oltin va kumush medallari sohibi Murodjon Yoʻldoshev va jahon chempionatining kumush, Osiyo oʻyinlarining oltin va kumush medallari sohibi Diyora Keldiyorova eng yaxshi erkak va ayol sportchilar sifatida eʼtirof etildi. Shuningdek, boshqa bir qator yoʻnalishlarda ham mukofotlar oʻz egalariga topshirildi.

Tadbir yakunida  mutaxassislar yangi ochiladigan dzyudo akademiyasi, Parij-2024 bellashuvlarida mamlakat terma jamoasi qatnashishi kutilayotgan musobaqalar, Olimpiada rejalari va boshqa koʻplab mavzularda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

GUJUM.UZ

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.