30 mart kuni Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo boʻyicha nufuzli Gran-pri musobaqasi start oldi. Ushbu nufuzli musobaqada oʻzbekistonlik sportchilar ham ishtirok etishlari haqida xabar qilgandik. Bugungi bahslarda ikki nafar sportchimiz ishtirok etdi.
-66kg vazn toifasida gilamga chiqqan hamyurtimiz Shahram Ahadov ilk jangida mezbonlar vakili Zviad Xubulurini, keyin ozarbayjonlik Elchin Huseynovni magʻlubiyatga uchratdi. Chorak finalda esa afsuski u braziliyalik Daniel Kargninga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Shunday boʻlsada, hamyurtimizda bronza medali uchun kurashish imkoniyati saqlanib qoldi. Oʻtish bahsida u gruziyalik Niko Chikaidzeni taslim etdi. Bronza medali uchun kechgan bellashuvda esa u boshqa bir mezbon sportchi Lasha Giunashvilidan ustun kelib, Gran-Prining bronza medali sohibiga aylandi.
Shahram Ahadov yanvar oyida boʻlib oʻtgan Tunis Gran-Prisida oltin medalni qoʻlga kiritganini ham eslatib oʻtish lozim.
-60kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Doniyor Sultonboyev armanistonlik Vagan Xovsepyan va Qirgʻiziston vakili Otar Bestayevni magʻlubiyatga uchratgandi. Ammo, yarim final yoʻllanmasi uchun kechgan bahsda u mezbon sportchi Lukumi Chkvimianiga yutqazib qoʻydi.
Maʼlumot uchun, musobaqaning ertangi kun bahslarida oʻzbekistonlik sportchilardan Gʻiyosjon Boboyev, Sharofiddin Boltaboyev va Shermuhammad Jandriyevlar ishtirok etadilar.