Kecha Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarining yakkalik bellashuvlari vakillarimiz uchun oʻz poyoniga yetdi. Eng ogʻir vazn toifasida kechgan bahsda Bekmurod Oltiboyev yurtimiz sharafini himoya qildi. Ukrainalik Yakiv Xamnoga qarshi bronza medali uchun oʻtish bosqichida kechgan bellashuvda vakilimiz vazari bahosi bilan imkoniyatni boy berib qoʻydi. Shu tariqa u yakkalik bahslarini yettinchi oʻrinda yakunladi.
Bugun Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida dzyudo boʻyicha yangi dastur – aralash jamoaviy yoʻnalishda bellashuvlar boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etayotgan jamoamiz dastlabki bosqichni Niderlandiyaga qarshi oʻtkazdi. Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aralash jamoaviy bellashuvda chorak final yoʻllanmasi uchun bahs olib bordi. Murabbiylar ushbu bellashuvga quyidagi dzyudochilarni tanlashdi:
+90 kg: Bekmurod Oltiboyev – Xenk Grol
-57 kg: Diyora Keldiyorova – Sanne Verxagen
-73 kg: Hikmatilloh Toʻrayev – Tornike Tsyakadoyea
-70 kg: Gulnoza Matniyazova – Sanne van Diyke
-90 kg: Davlat Bobonov – Noyel van Tend
+70 kg: Farangiz Hojiyeva – Guse Stinxaus
Qiziqarli kechgan bellashuvning asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlandi. Oltin ochko uchun kechgan qoʻshimcha raundda +90 kg vazn toifasi tanlab olindi. Unda Bekmurod Oltiboyev Xenk Grolga shidolar boʻyicha imkoniyatni boy berib qoʻydi va raqib jamoa keyingi bosqichga yoʻl oldi.
Shu tariqa, dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridagi ishtirokini ushbu nuqtada yakunladi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu Olimpiya oʻyinlarida -90 kg vazn toifasida kurashgan Davlat Bobonov delegatsiyamiz hisobiga bronza medalini taqdim qildi.
gujum.uz