Ekologiya va tabiatni himoya qilish institutini tashkil qilish vaqti yetib keldi

0
541
marta koʻrilgan.

Musaffo havo, toza va tiniq suv, goʻzal tabiat insonning bahri dilini ochadi. Oqqushlarning osoyishta suzishlari huzur va zavq bagʻshida qiladi. Albatta, ushbu hissiyotlar inson ona tabiatning bir boʻlagi ekanligini anglatadi. Ona Zamin deyilishida ham katta haqiqat mavjud. Insonlarning  tabiatni onani qadrlanimizdek asrash lozimligi burchi va farzi ekanligini bildiradi.

Muqaddas  kitobimiz  Quroni karimda  zaminga Odam Otamizni sarvar qilib yaratganini taʼkidlanadi. Sarvarlik esa insonga tabiatni asrash vazifasini yuklaydi.

BMT  maʼlumotiga koʻra, dunyoda oʻntadan toʻqqiz kishi ifloslangan havodan nafas olyapti. Yer yuzining 91 foiz aholisi tabiati ifloslangan hududlarda yashaydi. Oqqushlarning osoyishta suzishlari

Davlatimiz rahbari Turkiyada oʻz nutqida iqlim oʻzgarishi, uning taʼsirini yumshatish masalasi va Orol dengizining qurishi keltirib chiqarayotgan muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi. Ekologik halokatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish, ular tarqalishining oldini olish uchun Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish, uning qarorgohini esa Orolboʻyining ekologik fojiadan eng koʻp jabr koʻrgan tumanlaridan birida joylashtirish gʻoyasini ilgari surdi.

Yaqinda noyabr oyining 4-6 sanalarida boʻlib oʻtgan chang boʻroni  haqiqatan ham keyingi paytlarda antropogen omillar natijasida tuproqlarning quruqlashib borishi, daraxtlarning koʻplab kesilishi, atmosferaga tashlanadigan turli xil gazlarning sanoat korxonalari va transport vositalari orqali miqdori koʻpayib borayotganini koʻrsatmoqda. Toshkent atmosferasiga tashlangan  chang zarrachalari xajmi juda katta va koʻp boʻlib, ular maʼlumotlarga koʻra bir kubometrda 18000 mikrogrammgacha boʻlganligi aniqlandi.

 Jahon Bankining bergan maʼlumotlariga koʻra, Markaziy Osiyo respublikalarida global isish tufayli juda katta iqtisodiy zarar koʻrilmoqda. Amudaryo va Sirdaryoga oqib keladigan muzliklarning xajmi qisqarib va yupqalashib borayotganligi  yoki hozirgi kunda 12 mingdan ziyod muzliklar erib oqib ketdi va suv bilan taʼminlanish kun sayin qiyinlashib bormoqda. Amudaryoning suvi  10-15%.ga kamayishi kutilmoqda, yana 30-40 yilda Pomir va Tyanshan togʻlaridagi barcha muzliklar erib bitadi.

Aslida insonlar doimo tabiat bilan uygʻunlikda  yashaydilar, Insoniyat tabiatdan kuch-quvvat oladi, toza havo dardiga darmon boʻladi. Tabiatga berilayotgan zarar, choʻllanish  oqibatlari, tuproq degradatsiyasi, okeanlarda suv sathining koʻtarilishi, flora va faunaning kamayib borishi kabi holatlar, tayfunlar,  chang buronlari kabi salbiy holatlar tez-teztakrorlanmoqda.

Nature jurnalida chop etilgan iqlimshunoslar maʼlumotiga koʻra, Yer shari juda tezlik bilan qizib bormoqda. Shu yil 1-12 noyabrda Italiya va Glazgo shahrida boʻlib oʻtgan iqlim boʻyicha Sammitda ham atmosferga tashlanadigan SO2 va boshqa gazlar miqdorini keskin kamaytirish boʻyicha rezolyusiya qabul qilindi. 

Demak shunday ekan, bugungi kunda respublikada ekolog kadrlarga ehtiyoj katta. Toʻgʻri, Oʻzbekiston Milliy universitetida “Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish” yoʻnalishi tashkil qilingan boʻlib unga bori-yoʻgʻi 25 ta talab qabul qilinadi. 2021 yilda qabul kvotasi va topshirilgan xujjatlar shuni koʻrsatdiki,  25 oʻringa 3733 kishi talabgor boʻlgan. Mamlakatda ekologiya va tabiatni asrash bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yoshlar talaygina ekanligi maʼlum boʻldi. Bugungi atrof-muhit muammolarining holati, endi Ekologiya fanini turli tarmoqlar ekologiyasi boʻyicha kadrlar tayyorlashni talab qilmoqda. Masalan,  qishloq xoʻjalik ekologiyasi, suv, choʻl va yaylovlar, qushlar,  tuproq, oziq-ovqat, sanoat, atmosfera havosi, qoʻriqxonalar, shahar, avtomobil va Orol ekologiyasi kabi alohida tarmoqlarga boʻlib oʻqitilishi va ekologiya oʻqituvchilari tayyorlanishi lozim. 

 Respublikada havoning isib borishi va Qaroqalpogʻistonda boʻlayotgan ekstremal ekologik holatlar “Ekologiya va tabiatni himoya qilish” institutini Toshkent shahrida institut va Nukusda esa uning filialini ochish ochish zarurligini koʻrsatmoqda. Biz bugun shu nomdagi institutni ochmasak, vaqtni qoʻldan boy bergan boʻlamiz, chunki insonlarda Tabiatga mehr, Ona tabiatni asrash va saqlash uchun ekologik ong va ekologik madaniyat shakllanmas ekan,  oʻzimiz yashab turgan  Ona Sayyoramizni yaxshi bilmas va uni tushunmas ekanmiz, bu ishlar yaxshilikka olib kelmaydi. Bogʻchalarda bolada tabiatga mehr uygʻotish uchun alohida kadrlar kerak. Oliy taʼlim muasssasalarida Ekologiya faniga ajratilgan soatlarni juda kamligi va ikkinchi darajadagi fan sifatida qaralishi fanga boʻlgan eʼtiborni susaytirib yuboradi.

Qisqagina dars soatlarida talabalarga ajratilgan soat xajmi kamligi uchun dars vaqtida tabiatga berilayotgan zarar, choʻllanish  oqibatlari, tuproq degradatsiyasi, okeanlarda suv sathining koʻtarilishi, flora va faunaning kamayib borishi kabi holatlarni aks ettirgan video filmlar, slaydalar va tabiat quyniga chiqib talaba oʻz koʻzi bilan tabiatga berilayotgan salbiy oqibatlarni koʻrishi zarur. Bizning Oliy taʼlim muassasalaridagi barcha fakultetlardagi talabalarni xorij mamlakatlariga yuborilib ulardagi ekologiya oʻqitish usullari va tajribasi oʻrganilsa tanishsalar juda maʼqul boʻlardi. Bu ishlar faqatgina alohida Ekologiya va tabiatni asrash oʻquv dargohi  boʻlsagina amalga oshadi.

 Dunyo mamlakatlari orasida yapon millati eng uzoq umr koʻradi, bunga sabab, Yaponiya xalqi ekologik qonunlar va tartiblarga rioya qiluvchi xisoblanadi. Yapon millatida ekologik ong, ekologik madaniyat va tushuncha toʻliq shakllangan. Ular oʻzlari yashab turgan tabiatni juda avvalaydilar.

Mamlakatimizda ushbu sohada qator ishlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da “Ekologiya va tabiatni muxofaza qilish” fanini oʻqitishning nazariy va metodik asoslari muammosiga bagʻishlangan maxsus, keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlar amalga oshirilmagan, ekologiya va tabiatni muxofaza qilish fanini oʻqitishning metodik asoslari yetarli emasligi, Ekologik taʼlim berishda xalqaro tajribalar va zamonaviy yondashuvlarning tadbiq etilmaganligi,  ekologiya va tabiatni muxofaza qilish fanini oʻqitishning konseptual modelini yaratilmaganligi, ekologiya va tabiatni muxofaza qilish fanini oʻqitishda inson salomatligini saqlash qaratilgan innovatsion taʼlim texnologiyalarini ishlab chiqish zarurligini koʻrsatadi.

Ekologiya va atrof muhitni himoya qilish fani boʻyicha tushunchalarni talaba yoki mutaxassis oʻquv jarayonida olishi lozim, aks holda bu fanga eʼtibor qilmas ekanmiz, unda tabiatni sekin-asta yoʻqotishimiz muqarardir. Demak, ekologiya va tabiatni asrash hamma uchun zarur, buni uchun lozim boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash uchun alohida Ekologiya va Tabiatni himoya qilish institutini ochish payti keldi deb oʻylaymiz. Oʻttiz besh millionlik aholisi bor mamlakatimizda tabiatga antropogen omillarni taʼsirini biroz boʻlsada yengillatish, turli kuzatuvlar va ilmiy izlanishlar olib borish uchun  Xalqaro loyihalarda barcha bilan teng ishtirok etish uchun yosh kadrlarni tarbiyalash maydoni faqatgina “Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish” Oliy taʼlim muassasasida boʻladi.  

 Dilorom YORMATOVA, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor

Svetlana MAMBETULLAYEVA, biologiya fanlari doktori, professor

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.